Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga O‘zining ilohiy amrlarini nozil qilib, poklanishda mo‘min-musulmonlarga yuz, qo‘l-oyoqlarni yuvish va boshga mas'h tortishni buyurdi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Namoz (o‘qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo‘llaringizni tirsakkacha yuvingiz, boshlaringizga mas'h tortingiz va oyoqlaringizni to‘piqlarigacha (yuvingiz)! Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)! Agar bemor yoki safarda bo‘lsangiz yoki sizlardan biror kishi hojatxonadan (chiqib) kelsa, yoxud xotinlaringiz bilan surkalishgan (qovushgan) bo‘lsangiz-u, (lekin) suv topmangiz, pok tuproqqa tayammum qilib, undan yuzlaringiz va qo‘llaringizga surting! Alloh sizlarga biror qiyinchilik(paydo) qilishni ravo ko‘rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne’mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora shukr qilsangiz” (Moida surasi, 6-oyat).
Bu oyatning tafsirida “Tafsiri irfon” kitobida bunday deyiladi: “Alloh taolo ibodat qilishga shaylangan bandalariga poklanish, ya’ni tahorat, g‘usl yoki tayammum qilishni buyurayapti.Tahoratda yuz, qo‘llarni chig‘anoqlari bilan yuviladi, boshning to‘rtdan bir qismiga mas'h tortiladi, oyoqlar to‘piqlari bilan yuviladi[1]”.
Tibbiyot mutaxassislarining tavsiyalariga ko‘ra qo‘llarni sovunlab tozalab yuvish qo‘llarimizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan virus va bakteriyalarni yo‘qotadi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz uyqusidan uyg‘onsa, qo‘lini uch marta yuvmasdan turib, uni idishga solmasin, chunki birortangiz ham qo‘lini qayerda tunaganini bilmaydi yoki qo‘li qayerda aylanganini bilmaydi”, dedilar.
O‘zbekiston Musulmonlar Idorasi ulamolar kengashining karantin talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha murojaatida: “Demak, karantin davrida shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidlari, ayniqsa, virusdan saqlanish uchun niqob taqib, qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvishga jiddiy e’tibor qaratish lozim” deyiladi.
Qo‘llarni yuvganda qo‘l kafti va barmoqlari orasiga suv yetkazib yuvish ham diqqatga sazavordir. Qo‘llarni yuvganda qo‘l barmoqlarini ortidan bir-biriga kiritish bilan barmoqlar orasiga suv yetkaziladi. Shoshilib qo‘llarni yuvganda qo‘l barmoqlari orasi yuvilmay qolishi va u yerlarda virus va bakteriyalar saqlanib qolishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘llarni yuvganda barmoqlar orasiga suv yetkazib yuvishni targ‘ib qilganlar: “Yuvinganingizda qo‘l va oyoq barmoqlaringizni oralariga yaxshilab suv yuriting. Chunki u ozodalik belgisidir. Ozodalik iymonga chaqiradi, iymon esa o‘z egasini jannatga chorlaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taomdan oldin ham, keyin ham qo‘lni tozalab yuvishga targ‘ib qilganlar: “Taomning barakasi taomlanishdan oldin va keyin qo‘lni yuvishdir” (Imom Termiziy rivoyati).
Qo‘llarni yuvishni boshlaganda “Bismilloh”ni aytish, o‘ng qo‘lni yuvganda “Allohumma a’tiniy kitabiy biyamiyniy va hasibniy hisabiy yasiyro” deyish, chap qo‘lini yuvganda esa “Allohumma laa tu’tiniy kitabiy bishimaliy va laa varoi zohriy” deb duo qilish fazilatli amallardan hisoblanadi.
Mutaxassislar tavsiyalari asosida qo‘llarimizni tozalab yuvib yurish sog‘lig‘imiz garovidir. Har doim qo‘llarimizni toza tutsak, o‘zimizning ham, o‘zgalarning ham sog‘lig‘ini himoya qilgan bo‘lamiz.
Ruhiddin AKBAROV
[1] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “Tafsiri irfon”. “Sharq” NMAK, 2019. 1-jild. 528-bet.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati