Shu yilning 26 mart kuni surunkali kasalliklari bilan dispanser nazoratida bo‘lgan namanganlik 72 yoshli ayol koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi. 27 mart kuni ushbu bemor shifokorlarning reanimatsion muolajalariga qaramasdan o‘tkir miokard infarktidan vafot etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari ushbu holat bilan bog‘liq tegishli fatvolar va tibbiyot sohasi mutaxassislari bilan kengashgan holda koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn etish borasida quyidagilarni ma’lum qiladi.
Islom dinida biror musulmon vafot etsa, uni shariat ko‘rsatmasiga binoan yuvish, kafanlash va dafn qilishga buyurilgan. Ushbu amallarni bajarish jarayonida odamga zarar yetish ehtimoli mavjud bo‘lsa, “islomda zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q” va “mashaqqat yengillikni jalb qiladi” kabi fiqhiy qoidalariga binoan, mazkur amallarni ijrochilarga ziyon-zahmat yetkazmagan shaklda bajarishga ruxsat beriladi. Chunki bilib turib jonini xavf-xatarga qo‘yish – o‘zini halokatga tashlashdir.
Bu kabi o‘ta yuqumli va xatarli kasalliklar vafot etgan musulmonlarni yuvish, kafanlash va dafn qilishda o‘ziga xos talablarga rioya etishni taqozo etadi. Ya’ni yuvuvchi, kafanlovchi va dafn qiluvchilarga virus o‘tish ehtimolining oldini olish zarur.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan mazkur masala bo‘yicha Misrning “Dorul-ifto” fatvo uyushmasi fatvosi, Azhar ulamolari kengashi fatvosi, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi fatvolari o‘rganib chiqildi.
Hozirgi kunda dunyo musulmon davlatlari tajribasida mayyitni yuvish, kafanlash va dafn marosimi sanitar xodimlar yordamida shariatga muvofiq ado qilinmoqda. Ushbu amallarni bajarishda mayyitning yaqinlari ishtirok etayotgani yo‘q. Marhumning yaqin qarindoshlari faqat janoza o‘qishda qatnashmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariatimiz ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinadi. Bu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etadi.
Mazkur amallar farzi kifoya ma’nosidagi ishlar bo‘lib, ba’zi musulmonlar amalga oshirishsa, qolganlaridan soqit bo‘ladi.
Demak, koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn marosimini faqat yaqin qarindoshlari vakillari ishtirokida qilish lozimdir.
Dafn marosimida ishtirok etuvchilar tibbiy ko‘rsatmalarga amal qilishlari, jumladan, niqoblar va qo‘lqoplardan foydalanishlari hamda marosimdan so‘ng karantin talablari asosida dezinfeksiya va shaxsiy gigiyena amallarini bajarishlari lozim.
Ta’kidlash joizki, janoza, dafn va ta’ziya marosimlarini ixcham tarzda o‘tkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiyena qoidalariga jiddiy amal qilish lozim bo‘ladi. Shuningdek, maxsus komissiya qarori asosida qat’iy cheklangan tarkibda o‘tkaziladi.
Mo‘min-musulmonlarimiz Islom dini manbalariga tayangan holda bayon etilgan mazkur jihatlar va tadbirlarni to‘g‘ri tushunishlariga qat’iy ishonch bildiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati