Rasululloh sollallohu alayhi vasallam virus haqida nima deganlar?
Ushbu holatda ham namozni jamoat bilan ado etish kerakmi?
Hozirgi kunda keng tarqalayotgan koronavirus (SOVID-19) hukumatlarni va axborot agentliklarini butun dunyo aholisiga foydali bo‘lgan eng aniq ma’lumotlar va kerakli ko‘rsatmalar berishni talab qilmoqda. Chunki virus butun dunyo bo‘ylab tarqalib ketdi. Shuningdek shifokorlar, epidemiya va pandemiya soha mutuxasislariga talab oshmoqda.
Immunolog doktor Entoni Fossi va tibbiyot muxbiri doktor Sanjay Gupta kabi mutaxasislar kasallikning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena va karantin qoidalariga rioya qilish, odamlardan ajralib olib uyda o‘tirish (SOVID-19) ga qarshi eng samarali vosita deb aytishmoqda.
Epidemiya vaqtida shaxsiy gigiyenaga rioya qilishni va karantin qoidalariga amal qilishni kim tavsiya qilganini bilasizmi?
Muhammad sollallohu alayhi vasallam, bundan 1400 yil avval.
U zot sollallohu alayhi vasallam halokatga olib boradigan kasalliklarning mutaxassisi emasdilar. Shunday bo‘lsa-da hozirgi zamonda keng tarqalayotgan koronavirus kabi kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumotlarag ega edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday yuqumli kasalliklar haqida: “Agar sizlar u (kasallik) biror yerda tarqaganini eshitsangiz u yerga bormang. Agar siz yashayotgan yerda (u kasallik) tarqagan bo‘lsa u yerdan chiqmang”, deganlar.
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kasal odam sog‘lom odamning oldiga bormasin”, deganlar.
Shuningdek Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni kasallikdan himoya qiladigan tozalik qoidalariga amal qilishga da’vat qilardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislariga e’tibor bering: “Poklik iymondandir”.
“Taomning barakasi undan oldin (ikki qo‘lni) yuvishdir va undan keyin (ikki qo‘lni) yuvishdir”.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘riqdan ozor chekayotgan odamlarga nima qilishga buyurganlar?
U zot sollallohu alayhi vasallam odamlarni tibbiyot bilan davolanishga chaqirib: “Ey Allohni bandalari, davolaninglar. Albatta Alloh taolo o‘limdan boshqa dardga shifo beradi”, deb marhamat qilganlar.
Muhimi shundaki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mantiq va aqida o‘rtasidagi muvozanatni idrok etganlar. Oxirgi kunlarda ba’zi odamlar karantin va o‘z o‘zini himoya qilish uchun uyda o‘tirishdan jamoat bilan namoz o‘qishni afzal deyishmoqda.
To‘g‘ri, namoz o‘qish Robbimizning bandalariga buyurgan buyrug‘idir. Lekin ushbu holatda namozni uyda ado etgan ma’qul. Kasallikdan tuzalish uchun uning sabablariga amal qilish kerak.
Quyidagi qissani tafakkur qilib ko‘ring: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tuyasini bog‘lamasdan tark qilgan bir sahroyi kishini ko‘rdilar. Sahroyidan tuyani bog‘lab qo‘ymaganining sababini so‘radilar. Badaviy Allohga tavakkal qilganini aytdi. Rasululloh sollallohu alyhi vasallam: “Uni bog‘lab qo‘y, keyin tavakkal qil dedilar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga din ishlarida maslahat qilishni buyurdilar. Lekin barcha odamlar yaxshi hayot kechirishlari uchun turli xil kasalliklardan himoyalanish, buning uchun ma’lum qoidalarga amal qilish lozim ekanini buyurdilar.
Boshqacha qilib aytganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarga aql bilan ish tutishlarini tavsiya qildilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu Shomga borganlarida u yerda vabo tarqalganini eshitib orqaga qaytishga qaror qildilar.
Shunda Abu Ubayda roziyallohu anhu:
«Allohning qadaridan qochibmi?» dedi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu unga:
«Shuni sendan boshqa aytsa bo‘lmasmidi? Ha, Allohning qadaridan, Allohning qadariga qochamiz. Aytgin-chi, agar sening tuyalaring bo‘lsa-yu ular ikki bo‘lingan bir vodiyga tushsalar. Bo‘laklarning biri serhosil bo‘lsa-yu boshqasi quruq bo‘lsa, hosildorida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan, qurug‘ida boqsang ham Allohning qadari ila boqasan. Shunday emasmi?» dedilar.
Manba: azon.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirmang..
Bilaman, hozir yelkangizga osmon qulab tushgandek.
Bilaman, kechalari uxlay olmayapsiz – fikrlar boshingizdan ketmaydi. Bir tarafda betob tan, bir tarafda qarz qog‘ozlari, yana bir tarafda odamlarning sovuq nigohi… Lekin shuni biling! Siz yolg‘iz emassiz. Alloh hech qachon bandasini tashlab qo‘ymagan. Faqat ba’zan imtihonni duoga aylantirib yuboradi.
Boshiga tashvish tushgan bandaga Alloh yaqin bo‘ladi. Tashvish kelgan uyga – Allohning nazari tushadi. Chunki quvonchda odam ko‘pincha Robbini unutadi, ammo dardda – qalb uyg‘onadi. Kimdir kasal bo‘ldi – tanasi sindi, lekin qalbi tozalandi. Kimdir qarzga botdi – g‘ururi sindi, lekin tavozesi o‘sdi. Kimdir odamlar tomonidan tashlab ketildi – lekin Alloh uni o‘ziga yaqin qildi. Alloh ba’zi bandalarini sindirib tarbiyalaydi so‘ng yuksaltiradi, boshqalarini esa erkalab qattiq sinaydi.
Betoblik – jazo emas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Musulmonga yetadigan kulfat, mashaqqat, tashvish, mahzunlik, aziyat, g‘am hatto unga kiradigan tikan sababli Alloh uning xatolarini kechiradi” (Imom Muslim rivoyati).
Qanchadan-qancha solih zotlar bor – yillar kasal bo‘lib yashagan, lekin birgina nolish og‘zidan chiqmagan. Ular bilishardi: og‘riq tanada bo‘lsa ham, savob daftariga yoziladi. Bir kishi Hasan Basriy rahimahulloh huzuriga kelib dedi:
– Ey imom, boshimdan ketma-ket musibatlar tushyapti. Kasallik, qarz, odamlarning sovuqligi… Nega Alloh meni bunchalik sinayapti? Hasan Basriy yig‘lab bunday dedi:
– “Ey birodar! Agar podshoh seni tez-tez huzuriga chaqirsa, bu seni yomon ko‘rganidanmi yoki yaxshi ko‘rganidan?”.
U kishi: – Albatta, yaxshi ko‘rganidan, dedi.
Hasan Basriy aytdi: “Alloh ham bandani sinab, huzuriga chaqiradi. Chunki musibat – bandani Alloh eshigiga olib keladigan eng tez yo‘ldir”.
Qarz – xorlik emas, sabr maktabi qarzga botgan odamni odamlar yerga uradi. Lekin osmon – unga rahm bilan qaraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdor kishi uchun ko‘p duo qilganlar. Chunki qarz – nafsni sindiradi, insonni yolg‘iz Allohga suyanishga o‘rgatadi.
Bugun qo‘lingiz qisqa bo‘lsa ham, qo‘lingiz duoda bo‘lsin. Zero, duo – qarzdan tezroq yetib boradi.
Ko‘ngilni cho‘ktirmang… aynan hozir umid kerak. Eng xavfli narsa – kasallik emas, qarz emas. Eng xavfli narsa – umidsizlik. Shayton sizni shunga undaydi: “Endi bo‘ldi, chiqish yo‘q…”. Qur’on karimda esa bunday deyiladi: “Mahzun bo‘lma, albatta Alloh biz bilan birgadir” (Tavba surasi, 40-oyat).
Ehtimol, bugun yig‘laysiz. Ammo ertaga: “Yaxshiki sabr qilgan ekanman”, deydigan kun ham keladi. Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh bunday deganlar: “Alloh bandani yaxshi ko‘rsa, uni dard bilan band qiladi. Chunki dard bandani Robbiga yaqinlashtiradi. Agar bandaga dunyoni keng qilib bersa, u bandani unuttirib qo‘yishi mumkin”.
Keyin yig‘lab qo‘shganlar: “Ba’zi bandalar bor, agar sog‘lom va boy bo‘lsa, halok bo‘lardi. Alloh esa ularni kasallik va muhtojlik bilan jannatga sudraydi”.
Oxirida birgina iltijo… Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirman… Chunki cho‘kkan ko‘ngil – duodan uziladi. Duodan uzilgan qalb esa, eng katta yo‘qotishdir. Agar hozir faqat shuni ayta olsangiz ham yetarli: “Yo Allohim, ko‘tara olmaydigan yukni bermagin”. Mana shu so‘zning o‘zi – najotning boshi. Sira maxzun bo‘lmang… Alloh sinayotgan bandani yo‘qotmaydi, balki yuksaltiradi buni unutmang!
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi