Mamlakatimiz hududida koronavirus kasalligi keng tarqalishining oldini olish maqsadida, respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 23 martdan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilinadi. Ushbu marosimlarni zarur bo‘lgan taqdirdagina ixcham holda, yaqinlar bilan birga 10-15 kishi ishtirokida o‘tkazish tavsiya etiladi.
Komissiyaning bunday qarorga kelishidan ko‘zlagan birdan-bir maqsadi shuki, xalqimizning salomatligini saqlash, ular orasida yangi turdagi virusning tarqalishining oldini olishdir. Agarda, shunday sinovli kunlarda yanada hamjihat bo‘lsak, barcha qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tamiz, insha Alloh.
Shunday paytlarda o‘zimizni va yaqinlarimizning sog‘ligiga befarq bo‘lmay, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni, karantin va gigiyena talablariga qat’iy rioya qilishni yana bir bor iltimos qilamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosida ham “Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda o‘qilsin”, deya alohida ta’kidlangan edi.
Darhaqiqat, mayyitga janoza namozini o‘qish farzi kifoya bo‘lib, vafot etganning yaqinlari ishtirokida ado etilsa ham bo‘ladi. Mo‘tabar manbalarda hadisi shariflarga tayangan holda ulug‘larimiz qazo qilgan odamning janoza namozini tezlik bilan ado etib, dafn etishga shoshilganlari bayon etilgan.
Ta’kidlash joizki, janoza, dafn va ta’ziya marosimlarini ixcham tarzda o‘tkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiyena qoidalari – qo‘llarni yuvish, tibbiy niqoblarni taqish va boshqalarga jiddiy amal qilish lozim bo‘ladi. Shuningdek, maxsus komissiya qarorida qayd etilganidek, xudoyilar ham 10-15 kishi atrofida o‘tkaziladi. Mazkur ma’raka-marosimlar xonadonlarda o‘tkazilishini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
Avvalo bunday damlarda Alloh taolodan barchaga sihat-salomatlik so‘raymiz. Yaratganning taqdiri ila bu foniy dunyodan boqiy oxiratga rihlat qilgan insonning janoza namozi va ma’rakasini ayni kunlardagi og‘ir kasallikning pandemiyasi davrida ixcham shaklda o‘tkazish shariatimizning talabi hisoblanadi.
Hayot bor ekan, sinov bor, qiyinchilik bor. Bu haqiqatni shu kunlarda yanada chuqur his etmoqdamiz. Bugun koronavirus infeksiyasi degan jiddiy bir xavfga duch keldik. Barcha yurtdoshlarimiz yanada jipslashib, har tomonlama tartib-intizomni saqlagan holda, yuksak onglilik va mas’uliyat ko‘rsatib, ulamolarimiz, imom-domlalarimiz, mo‘ysafidlarimizning duoi fotihalari ila bu sinovdan eson-omon o‘tamiz, deb ishonamiz.
Fursatdan foydalanib, vaziyatni to‘g‘ri tushunib, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun mo‘min-musulmonlarimizga yana bir bor tashakkur aytamiz.
Yaratganning izni ila tez orada bu tashvishli kunlar ortda qolsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati