Bismillahir rohmanir rohim.
Alloh taologa hamdu sano, Payg‘ambarimiz va sahobalariga salotu salomlar bo‘lsin!
Bir necha kunlardan beri yurtimizda Koronavirusi tarqalishini oldini olish maqsadida keng miqyosda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosi bilan joriy yilning 16 martidan beri besh vaqt jamoat namozlari va juma namoziga jamlanmaslik, balki namozlarni uyda ado etish joriy etildi.
Ertaga juma kuni bo‘lishi munosabati bilan: “Juma namozini o‘yda o‘qisak bo‘ladimi?” – degan savollar ko‘paydi. Bunga javoban aytamizki, shu kunlarda aksar musulmon yurtlarining xalqaro va mahalliy fatvo uyushmalari, ulamolari mo‘min-musulmonlarning jonlarini omon saqlash uchun masjidlarda yig‘ilmaslik, xavf o‘tib ketguncha ibodatlarni uyda ado etib turish qaroriga kelishgan. Bunga yetarlicha asos borligini va masala jiddiy ekanligini eslatishgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosida ham juma namozi o‘rniga uyda peshin namozi ado etilishi aytilgan.
Fiqhiy manbalarimizga murojaat qiladigan bo‘lsak, juma namozi durust bo‘lishi uchun juma namoziga davlat boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari tomonidan umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi, juma namozini odamlarga muftiy tomonidan tayinlangan kishi ado qilib berishi kerak. Demak, juma namozini uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi, natijada namoz durust bo‘lmaydi. Bu haqida muhaqqiq olim Mulla Ali Qori rahimahulloh shunday deydilar:
والإِذْنُ العَامُّ) أي وشرط لأدائها الإذن العامّ لأنها من شعائر الإسلام، فيجب إقامتها على وجه الاشتهار بين الأنام)
ya’ni: “Jumani ado qilish uchun umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi shart qilingan. Chunki juma – Islom shiorlaridan biri. Uni odamlar orasida ochiqchasiga qoim qilish shart bo‘ladi” (“Fathu bobil inoya” kitobi).
Bu mavzuda Ibn Obidin rahimahulloh shunday deydilar:
الْإِذْنُ الْعَامُّ وَهُوَ أَنْ تُفْتَحَ أَبْوَابُ الْجَامِعِ وَيُؤْذَنَ لِلنَّاسِ ، حَتَّى لَوْ اجْتَمَعَتْ جَمَاعَةٌ فِي الْجَامِعِ وَأَغْلَقُوا الْأَبْوَابَ وَجَمَعُوا لَمْ يَجُزْ
ya’ni: “Umumiy ruxsat – jome masjidi ochilib, odamlar kirishiga ruxsat bo‘lishidir. Hatto, agar masjidda bir jamoat yig‘ilib, eshikni yopib olib jum’a namozini o‘qisalar, namozlari durust bo‘lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi).
E’tibor berilsa, bu masalada, umumiy ruxsat bo‘lmaganda, hatto bir jamoat masjidga kirib, o‘zlaricha juma o‘qisalar ham, namozlari durust bo‘lmasligi bayon qilinmoqda.
Xulosa o‘rnida aytamizki, hozirgi sharoitda hammamiz ittifoq bo‘lib, shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan go‘zal suratda o‘tishga harakat qilishimiz lozimdir. Nafl ibodatlar, tilovati Qur’on, duo-tasbehlar, qiyin sharoitda qolganlarga xayru ehson qilish kabi Alloh taologa xush keladigan amallarni ko‘paytiraylik. Boshimizga kelgan sinovni ham savob ishlash uchun g‘animat fursat, deb bilaylik. Shoyadki, Alloh taolo tez kunlarda fazilatli, katta jamoatlarda namozlarni ado qilishni nasib aylasa, xalqimizga xotirjamlikni qaytarsa. Alloh taolo dunyo musulmonlari, jumladan xalqimizdan turli balo-ofatlarni uzoq qilsin! Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati