Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Bu haqida o‘n to‘rt asrdan beri aytib kelinadi

17.03.2020   8284   2 min.
Bu haqida o‘n to‘rt asrdan beri aytib kelinadi

Bu haqida o‘n to‘rt asrdan beri aytib kelinadi

 

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab koronavirus tarqalishi munosabati bilan sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha turli ko‘rsatmalar kelmoqda. Eng ko‘p ta’kidlanayotgan choralardan biri “Aksirish chog‘ida og‘izni qo‘l yoki salfetka bilan to‘sish” ekani eslatilmoqda.

Buni qarangki, aksirish chog‘ida og‘izni qo‘l yoki biror narsa bilan to‘sish haqida sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari kelgan bo‘lib, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ushbu ko‘rsatmalariga amal qilib, bizga ibrat bo‘lganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam agar aksa ursalar, og‘izlariga qo‘llarini yoki kiyimlarining bir uchini qo‘yardilar va ovozlarini pasaytirardilar yoki berkitardilar” Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati.

Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aksirganda bajaradigan odoblari zikr qilinmoqda. U zot sollallohu alayhi vasallam aksa ursalar qo‘llari yoki kiyimlarining bir uchi bilan og‘izlarini to‘sib, ovozlarini pasaytirar ekanlar.

Kishi aksirganda og‘zidan taom qoldiqlari, so‘lak va hokazo narsalar tashqariga otilishi, yaqinroqda turgan kishiga tegishi mumkin. Suhbatdoshingiz aksirib, qo‘li bilan og‘zini berkitmaganda, undan uchib chiqqan so‘lakning sizga tegishini tasavvur qilib ko‘ring. Qo‘lni qo‘yish yoki biror narsa bilan berkitish orqali o‘sha noqulay holatning oldi olinadi.

Agar aksirayotgan kishi biror kasallikka, jumladan, gripp, koronavirusga chalingan bo‘lsa, aksirish orqali turli zararli viruslar atrofga uchishi, suhbatdoshga yetib borishi, kasallik keng tarqalishiga bois bo‘lishi mumkin. Qo‘lni qo‘yish ana shu tarqalishning oldini oladi.

Inson bexosdan aksirganda ovozi balandlab ketadi. Bunday keskin va baland ovoz atrofdagilarni cho‘chitib yuborishi, keksalar, homilador ayollar va yosh bolalarning qattiq qo‘rqib ketishiga olib kelishi mumkin. Bordiyu o‘sha joyda kimdir uxlayotgan bo‘lsa, uning cho‘chib uyg‘onishi va boshqa holatlar kuzatilish mumkin. Ovozni pasaytirish orqali esa odamlar cho‘chib ketishining hamda  aksiruvchining og‘iz bo‘shlig‘idagi ba’zi a’zolari shikastlanishining oldi olinadi. 

Birgina nabaviy ko‘rsatmada shuncha foyda, odob bor. Salomatlikni saqlash, turli holatlar kelib chiqishining oldini olish uchun ushbu sunnatga amal qilishimiz lozim.

Olimlar, mutaxassislar, shifokorlar bugun insoniyatga kasalliklardan saqlanish chorasi sifatida e’lon qilayotgan ko‘rsatmalar bundan o‘n to‘rt asr oldin Islom dinida aytib qo‘yilgan va unga amal qilib kelinmoqda.

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!

 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda

12.08.2026   23202   1 min.
Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.

12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda Aholi bilan ochiq muloqot: murojaatlar yechim topmoqda
Yangiliklar