Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

“PUL ISHLAB OLISH VAQTI KЕLDI” DЕYUVCHILARGA!

16.03.2020   11775   5 min.
“PUL ISHLAB OLISH VAQTI KЕLDI” DЕYUVCHILARGA!

 

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida hukumat qarori bilan joriy yilning 16 martidan boshlab yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida ta’til e’lon qilindi. Tabiiyki, talabalar o‘z uylariga – turli viloyatlarga jo‘naydilar. Viloyatlarga qatnovchi taksi haydovchilari ham insof bilan narxlarni me’yorida ushlab turishlari chin musulmonlik va insoniylikdir.

Afsuski, viloyatlarga qatnovchi ko‘plab taksi haydovchilari fursatdan foydalanib qolish ilinjida 50-60 ming so‘mlik yo‘l kira haqini 200 ming so‘mga chiqarib olganlari yuzsizlik va noinsoflikdan boshqa narsa emas. Bu boshqalarning jarohatlari ustida raqsga tushish, birovning o‘lgani ustiga tepgan qilishdan boshqa narsa emas. Odamlarning og‘rinib, norozilik va noilojlik bilan bergan pullari o‘sha insofsizlarga as qotarmikin?! Ular o‘sha pulga non olib, bolalariga qanday yedirarkinlar?! Ta’til tugab, talabalar o‘z o‘qishlariga qaytayotganlarida o‘sha haydovchilar ularga qaysi yuz bilan qararkinlar?! Mazkur haydovchilar o‘sha talabalar o‘rnida o‘z o‘g‘ilarini tasavvur qilib ko‘rishlari ham mumkin edi-ku! O‘g‘illariga o‘shanday holatni ravo ko‘rarmidilar?! Menimcha, ravo ko‘rmaydilar. Demak, o‘zlariga, o‘z farzandlariga ravo ko‘rmaydigan ishni boshqalarga, boshqalarning farzandlariga ravo ko‘radilarmi?! Axir bu ish hadisi sharifga muvofiq iymoni komil bo‘lmaganlik alomati-ku!

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.

Hadisi sharifdagi “mo‘min bo‘la olmaydi” degani “komil mo‘min bo‘la olmaydi” deganidir.

O‘ziga ravo ko‘rmaydigan narsani boshqalarga ravo ko‘rish musulmonchilikka qanchalik to‘g‘ri keladi?! Mahsulotlarning narxini ko‘tarib sotayotgan sotuvchilar, yo‘l kira haqini oshirgan haydovchilar, uyiga ikki-uch oylik oziq-ovqat sotib olib, boshqalarni o‘ylamayotgan, do‘konu supermarket rastalarini ship-shiydam qilib ketayotgan xaridorlarning bu ishlari musulmonchilikka qanchalik to‘g‘ri keladi?!

Biz virus tegib o‘lib qolishdan shunchalik qo‘rqyapmiz-u, ammo o‘lgandan so‘ng bo‘ladigan hisob-kitob, so‘roq-savollar haqida ham o‘ylab ko‘ryapmizmi?! O‘lim hammamizning boshimizda bor. Agar virus tegib o‘lmasangiz ham, qachondir o‘lasiz. Hatto hamma tomoni berk xona ichida bo‘lsangiz ham o‘lim sizga yetadi. Undan qochib qutulolmaysiz. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

أَيْنَمَا تَكُونُوا يُدْرِكْكُمُ المَوْتُ وَلَوْ كُنْتُمْ فِي بُرُوجٍ مُشَيَّدَةٍ

“Qayerda bo‘lsangiz ham o‘lim sizlarni topadi, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham” (Niso surasi 78-oyat).

Sotib olingan mahsulotlar ortib qolishi, eskirishi, yaroqsiz holga kelib, tashlab yuborilish ehtimoli yo‘q emas. Bu esa isrof bo‘lib, kabira gunohlardandir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

يَا بَنِي آدَمَ خُذُواْ زِينَتَكُمْ عِندَ كُلِّ مَسْجِدٍ وكُلُواْ وَاشْرَبُواْ وَلاَ تُسْرِفُواْ إِنَّهُ لاَ يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

“Ey Odam bolalari, har bir ibodat chog‘ida o‘z ziynatingizni oling. Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).

Mo‘min-musulmon odam bunday paytlarda dindoshlari bilan yelkadosh bo‘lib, oziq-ovqatni yetarli miqdorda olishi, boshqalarni ham o‘ylashi, narx-navo va yo‘l haqini ham insof bilan belgilashi, o‘zini boshqalarning o‘rniga qo‘yib ko‘rishi, bunday kezlarda “pul ishlab olish vaqti keldi” deb emas, “insof, saxovat, yaxshilikni boshqalarga ham ravo ko‘rish, odamgarchilik, musulmonlik axloqini ko‘rsatish, bu boradagi sinovdan yaxshi o‘tib olish fursati keldi” deb harakat qilishi, o‘zining saxovati, qo‘li ochiqligi, insonparvarligi, chinakam musulmonligi bilan barchaga namuna bo‘lishi kerak. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:

“Mo‘minlar o‘zaro rahmu muruvvatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir a’zosi og‘rib qolsa, qolgan a’zolari ham bu og‘riqni isitma va bedorlik bilan qarshi oladi” (Imom Muslim rivoyati).

Yuqorida zikr qilingan sotuvchi, xaridor va haydovchilar mo‘minlarning birodarlarimi?! Mo‘minlarning boshlariga sinov kelganda ular hamdard bo‘lish, imkon qadar yengillik qilib berish o‘rniga ularni battar shilish, tunash payidan bo‘lsalar ushbu hadisga qachon amal qiladilar?! Qachon mo‘min birodarlarining boshiga sinov kelganda isitmani his qilib, ularning yonida bedor bo‘lib o‘tiradilar?!

Mavzuimizga doir O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining mana bu fatvosini ham eslatib o‘tsak:

“Bunday vaziyatlarda oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarni narxini oshirish, sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir”.

Odamlar o‘zlarini isloh qilmaganlari, insof sari yurmaganlari uchun hukumat idoralari fuqarolarga yengillik qilish, bozor va do‘konlardagi narx-navolarni bir maromda ushlab turish, narxlarni sun’iy oshirishning oldini olish maqsadida tegishli davlat idoralari, jumladan, davlat soliq qo‘mitasi nazoratni kuchaytirib, narxni sun’iy oshiradigan, xalqning qo‘rquvidan foydalanib pul topishni o‘ylaydigan kimsalarga nisbatan jinoiy javobgarlik masalalari ko‘rilishini e’lon qildilar.

Alloh taolo biz mo‘min-musulmonlarni turli kasallik, koronavirus kabi narsalardan asrasin! Bemorlarga komil shifo bersin! Og‘ir vaziyatlardan foydalanib, faqat pulini ko‘paytirishni o‘ylaydiganlarga O‘zi insof bersin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   6914   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA