Kuni kecha, 15 mart kuni yurtimizda koronavirus bo‘yicha ilk holat qayd etilgani munosabati bilan odamlarda vahima, qo‘rquv boshlandi. Ko‘pchilik oziq-ovqat va xo‘jalik mahsulotlarini sotib olish dardida bozor, do‘kon, supermarketlarga yugurdi. Go‘yo do‘kon va bozorlardagi oziq-ovqatlar tugab qoladiyu, hamma ochlikdan o‘ladigandek. Kishilar besh-olti qoplab kartoshka, sabzi, piyoz va hokazolarni, un-yog‘ kabi mahsulotlarga navbat turib sotib olyaptilar. Axir biz taqdirga iymon keltirganmiz-ku! Rizq Alloh taolodan ekaniga iymonimiz bor-ku! Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَمَا مِن دَآبَّةٍ فِي الأَرْضِ إِلاَّ عَلَى اللّهِ رِزْقُهَا وَيَعْلَمُ مُسْتَقَرَّهَا وَمُسْتَوْدَعَهَا كُلٌّ فِي كِتَابٍ مُّبِينٍ
“Yer yuzida o‘rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir” (Hud surasi, 6-oyat).
Nega sinov paytida ana shu iymonimiz talab qilganidek ish tutmaymiz?! Nega ushbu oyatga binoan “Rizqimni Alloh beradi” deb harakatlanmaymiz?!
Odamlarning bozor va do‘konlarga yugurishini ko‘rganda “Bu kimsalar virusdan emas, ochko‘zlikdan, haddan ortiq to‘yishdan, bo‘kishdan o‘lsa kerak” deb o‘ylab qolasan kishi. Axir o‘lim virusga bog‘langan emas-ku! Qachon ajalimiz yetsa, o‘shanda o‘lamiz. Biz olgan mahsulotlar bizga nasib etmasligi ham mumkin-ku! Biz virus keng tarqalib, bozor va do‘konlarda hech narsa qolmay, och qolishimizdan ko‘ra o‘lib qolib, olib kelgan narsalarimiz bizga nasib etmaslik ehtimoli ancha yuqoridir. Olganda ham bir-ikki kunlikka yetadigan emas, bir necha oyga yetadigan qilib olyapmiz. Bizning bir necha oy yashashimizga kim kafolat berdi?! Qolaversa, butun do‘konni ko‘chirib ketib, boshqa musulmonlarga hech narsa qoldirmaslik musulmonchilikka to‘g‘ri keladimi?! Sizdaku pul bor ekan, keragidan ortiq olyapsiz, ammo yon qo‘shningizda bir necha oylik u yoqda tursin, ikki kunlikka yetadigan bozorlik qilishga moddiy imkoniyati bo‘lmasachi?! Qo‘shnimiz och qolib, biz to‘q yashay olamizmi?! Mana bu hadisdan xabarimiz bormi o‘zi:
Abdulloh ibn Musovirdan rivoyat qilinadi: «Ibn Abbosning Ibn Zubayrga shunday deyayotganini eshitdim: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «O‘zi to‘q bo‘lib, qo‘shnisi och qolgan odam mo‘min emas», deganlarini eshitdim».
Hadisda aytilayotgan gap juda og‘ir gap. Har birimiz qo‘shnimiz, yaqinimizga nisbatan e’tiborli bo‘lishimiz kerak.
Odamlar bozoru do‘konlarga o‘zlarini urganlarini ko‘rgan ko‘plab sotuvchilar “Davrim keldi. Endi pulni bosib olaman” deb, pulni ko‘paytirish kayfiyatiga o‘tdilar. Kechagi holatni hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, do‘kon va bozorlarda bir kilosi 2 yarim ming – 3 ming so‘m atrofida sotilayotgan kartoshka ayrim sotuvchilar qo‘lida 8000-10000 so‘mga chiqib ketdi. Bir bog‘i 20 ming so‘m sotilayotgan isiriq 60 ming so‘m narxda sotilyapti. Bu nima degan gap?! Narxlarni sun’iy ravishda ko‘tarib sotayotgan sotuvchilarda insof bormi o‘zi?! Bu musulmonlarni aldash, ularni chuv tushirish, boshlariga tushgan og‘ir vaziyatdan, qo‘rquvlaridan foydalanib qolish emasmi?!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam don sotayotgan odamning yonidan o‘tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo‘l tiqib ko‘rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nimasi?”, deb so‘radilar. Sotuvchi: “Ey Rasululloh, unga yomg‘ir tegibdi”, dedi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Uni ustiga chiqarib qo‘ymaysanmi, odamlar ko‘rar edi”, dedilar va “Kim bizni aldasa, u bizdan emas”, dedilar (Imom Hokim rivoyati)
Siz 3 ming so‘mlik kartoshkani 8 ming so‘m sotyapsizmi, demak, odamlarni aldayapsiz. Ba’zi sotuvchilar “Falon mahsulot tugadi” deb, do‘konni berkitib, keyinchalik qimmatroqqa sotish ilinjida yuribdilar. Bu ihtikor deb atalib, gunoh ishlardandir. Ihtikor so‘zi lug‘atda “oziq-ovqat va hokazoni narx qimmatlashini kutib, bozorga chiqarmay, saqlab qo‘yish” ma’nosini anglatadi.
Imom Hakim Termiziy rahmatullohi alayh “Navodirul usul fi ma’rifati ahodisur Rasul” asarida: Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan bunday rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Eng yaxshi kasb savdogarlikdir. Agar savdogar yolg‘on gapirmasa, omonatga xiyonat qilmasa, va’daga xilof etmasa, sotib olayotgan narsalarini yomonlamasa, (haddan ortiq) qimmatga sotmasa, zimmasidagi haqni berishni cho‘zmasa va o‘z haqlarini olishda ham qo‘pol bo‘lmasa”, dedilar”.
Demak, savdogarlar halol, omonatdor, yaxshi inson bo‘lishlari uchun ushbu hadisda aytilgan narsalarga amal qilishlari, jumladan, mahsulotni haddan ortiq qimmat sotmasliklari lozim bo‘ladi.
Musulmonlarning ehtiyoji tushib turganda, ularga yengillik qilib berish o‘rniga battar qimmatlashtirish yoki yanada qimmatroq sotish maqsadida do‘konni yopib qo‘yish gunohdir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sotganda, sotib olganda va haqqini talab qilganda karamli bo‘lgan odamni Alloh rahm qilsin», dedilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.
Sotish, sotib olish va haqqini talab qilishda bag‘rikeng, saxovatli bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Bunday kishiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning rahmatini so‘raganlar. Bir so‘m ustida yetti dumalab turib olish, aytganimga sotaman deyish, narxni ko‘tarib, tushirmaslik, odamlarga qiyin sharoitni vujudga keltirish Alloh taoloning rahmatiga erishishga, topgani barakotli bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.
Mo‘min-musulmon odam o‘z birodariga yordam berishga shoshilishi, uning og‘irini yengil qilish payidan bo‘lishi lozim.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan birini aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh taolo uning bu dunyoyu oxirat ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmon aybini berkitsa, Alloh uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi”. (Imom Muslim rivoyati)
Alloh taolo bizning og‘irimizni yengil qilishini, bizga yordam berishini, ayblarimizni berkitishini, istaymizmi, u holda o‘zimiz dindoshlarimizga yordam qo‘lini cho‘zishga, ularning og‘irini yengil qilishga intilaylik!
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati