Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

VABO TARQALGANDA MUSULMONNING VAZIFALARI

12.03.2020   11093   6 min.
VABO TARQALGANDA MUSULMONNING VAZIFALARI

Korona virus (COVID-19) kasalligi  shiddat bilan tarqalib uning geografik hududi kengayayotgan va odamlar orasida uni  yuqumli kasallik ekanligi vahimasi kuchayayotgan paytda dunyo islom ulamolari bu  kasallikning shar’iy muolajalarini eslatmoqdalar.

 Bunday holatlarda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora tadbirlarini ko‘radi. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi. Ibodatlar va istig‘for ko‘paytiriladi. Mana shu shartlarga amal qilib, vabo, o‘lat va shu kabi kasalliklardan vafot etgan mo‘min-musulmonlar shahidlik martabasini topadilar. 

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

{ أَيْنَمَا تَكُونُوا يُدْرِكْكُمُ المَوْتُ وَلَوْ كُنْتُمْ فِي بُرُوجٍ مُشَيَّدَةٍ } [ النساء : 78 ]

ya’ni: “Qayerda bo‘lsangiz ham o‘lim sizlarni topadi, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham” (Niso surasi 78-oyat).

{ وَلاَ تُلْقُوا بِأيْدِيكُمْ إلَى التَّهْلُكَةِ } [ البقرة : 195 ] .

ya’ni: “...o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!” (Baqara surasi 195-oyat).

Payg‘ambarimiz alayhissalomning vabo haqidagi so‘zlari yuqoridagi oyatlarining tasdig‘idir. U zot alayhissalom shunday deganlar:

إِنَّ هَذَا الْوَبَاءَ رِجْزٌ أَهْلَكَ اللَّهُ بِهِ الْأُمَمَ قَبْلَكُمْ وَقَدْ بَقِيَ مِنْهُ فِي الْأَرْضِ شَيْءٌ يَجِيءُ أَحْيَانًا وَيَذْهَبُ أَحْيَانًا فَإِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ فَلَا تَخْرُجُوا مِنْهَا وَإِذَا سَمِعْتُمْ بِهِ فِي أَرْضٍ فَلَا تَأْتُوهَ  (رواه الامام احمد عَنْ أُسَامَةَ بْنِ زَيْدٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Albatta, bu vabo – Alloh u bilan sizdan avvalgi qavmlarni halok qilgan azobdir. Yer yuzida undan bir ozi qolgan. Gohida keladi, gohida ketadi. Agar bir yerda vabo paydo bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmanglar. Agar bir yerda vabo borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Madinaga hijrat qilingandan keyin bir muddat o‘tgach, Abu Bakr va Bilol raziyallohu anhumoni isitma (bezgak, vabo) tutdi. Bu haqda Payg‘ambarimizga xabar berilganda, U Zot alayhissalom vaboning ko‘tarilishi va Juhfa degan joyga ketishini so‘rab duo qildilar. Alloh taolo U Zotning duolarini qabul qildi (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Vabo va o‘lat (epidemiyalar) sababidan vafot etgan musulmonlar haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

الطَّاعُونُ شَهَادَةٌ لِكُلِّ مُسْلِمٍ (رواه الامام البخاري عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya’ni: “Vabo – har bir musulmon uchun shahidlikdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Tarixda Yusuf alayhissalom Misr azizi (vaziri)ning ayoli uni zinoga chorlagan paytda eng avvalo Alloh taolodan panoh so‘ragan. Maryam onamizga Jabroil alayhissalom odam qiyofasida ko‘ringanida u zot ham eng avvalo: “Men Rahmondan sendan panoh berishini so‘rayman”, – dedilar. Demak, musulmon kishi biror musibatga yo‘liqsa, avvalo Alloh taolodan bu balolarni daf qilishini, mashaqqatlarni yengillatishini so‘rab duo qilishi lozim bo‘ladi. Bandaning boshiga keladigan kasalligu tashvishlarning barchasi Alloh taoloning taqdiri ilohiysidir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

ولا يرد القدر إلا الدعاء ...  (رواه الامام ابن ماجة عن ثوبان)

ya’ni: “Qazoi qadarni duogina qaytaradi”, – deganlar (Imom ibn Moja rivoyatlari). Duoni ijobat bo‘lishi uchun avvalo insonning luqmasi halol bo‘lishi, duosining qabul bo‘lishiga qat’iy ishonishi va duo ijobat bo‘ladigan muborak vaqtlarni e’tiborga olishi lozim.

Qur’oni karim insonning hissiy va ma’naviy kasalliklariga shifo bo‘ladi. Alloh taolo Isro surasinig 82-oyatida shunday marhamat qilgan.

وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ

ya’ni: “Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz”.

Insonning iymon e’tiqodi qancha kuchli bo‘lsa,  Qur’oni Karimning shifosi ham shuncha ziyoda bo‘ladi. Bu borada Alloh taolo Fussilat surasinig 44-oyatida shunday marhamat qilgan.

{قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ}

ya’ni: “U (Qur’on) iymon keltirganlar uchun hidyat va shifo” deb ayt”.

Qur’oni Karimning barchasi shifo bo‘lib, xususan Oyatal Kursiy, Fotiha, Ixlos, Falaq va Nas suralari bilan davolanishni ulamolarimiz tavsiya qilishgan. Xususan  Ixlos, Falaq va Nas suralarini ertalab va kechqurun uch martadan o‘qib yursa barcha kasallik va balolarni daf qilishga yetarli bo‘ladi.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz alayhissalom:

مَنْ قَرَأَ بِالْآيَتَيْنِ مِنْ آخِرِ سُورَةِ الْبَقَرَةِ فِي لَيْلَةٍ كَفَتَاهُ (رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي مَسْعُودٍ)

ya’ni: “Kim Baqara surasining oxirgi  ikki oyatini tunda o‘qisa, unga yetarli bo‘ladi”, – dedilar  (Imom Buxoriy rivoyatlari). Ya’ni, bu oyatlarning barakasidan Alloh bandasini turli balo-ofatlardan asraydi.

Kishi besh vaqt namoz o‘qib yurishi, xususan bomdod namozini jamoat bilan ado qilishda bardavom bo‘lsa, turli kasalliklardan omonda bo‘ladi.

 Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom:

«مَن صَلَّى الصُّبْحَ فَهو في ذِمَّةِ اللهِ...»

ya’ni: “Kim bomdod namozini o‘qisa u(kishi) Allohning himoyasidadir”, – deganlar. (Jundub ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilingan)

Hadisi shariflarda inson biror musibat yoki kasallikka yo‘liqqanda o‘qiydigan maxsus duolar ham kelgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom:

مَا مِنْ عَبْدٍ يَقُولُ فِي صَبَاحِ كُلِّ يَوْمٍ وَمَسَاءِ كُلِّ لَيْلَةٍ: بِسْمِ اللَّهِ الَّذِي لَا يَضُرُّ مَعَ اسْمِهِ شَيْءٌ فِي الأَرْضِ وَلَا فِي السَّمَاءِ، وَهُوَ السَّمِيعُ العَلِيمُ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ، لم يَضُرَّهُ شَيْءٌ

ya’ni: “Kimki: “Uning ismi tufayli yeru osmonda biror narsa zarar bera olmaydigan Allohning nomi bilan panoh so‘rayman. U o‘ta eshituvchi va biluvchi zotdir”, – deb uch marta aytsa, unga biror narsa zarar bermaydi”, – dedilar.  (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Banda zikr va istig‘forni ko‘p aytishi uning turli balo qazolardan omonda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo “Anfol” surasida shunday marhamat qilgan:

وَمَا كَانَ اللَّهُ مُعَذِّبَهُمْ وَهُمْ يَسْتَغْفِرُونَ

ya’ni: “Modomiki, ular istig‘for aytar ekanlar, Alloh ularni azoblovchimas”.

Demak, yuqoridagi kabi balo-ofatlar tarqalganda bandalar yanada ibodat, zikru tasbehga, istig‘forga zo‘r berishlari, katta jamoatlarda, ayniqsa juma namozlarida duo qilib, Alloh taolodan ofiyat so‘rashlari kerak bo‘ladi. Alloh taolo dunyodagi mo‘min-musulmonlarni, jumladan yurtdoshlarimizni turli balo-ofatlardan panohida asrasin.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi»

06.08.2026   18548   2 min.
Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi»

Hindiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kotibiyati boshlig‘i, general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Markaz bilan tanishuv davomida mehmon, ayniqsa, Usmon Mus'hafini ko‘rib chuqur taassurot olganini ta’kidlab, uni bu yerdagi eng noyob va unutilmas yodgorliklardan biri, deya e’tirof etdi.


Tashrif chog‘ida general Dinesh Kumar muzeyning boy ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi. U islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyasi, Islom sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan galereyalar, buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.

Mehmon ekspozitsiyalar tarixiy merosni zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali jonli va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, har bir galereya o‘zaro uzviy bog‘langan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston va butun mintaqa sivilizatsiyasi tarixini yaxlit holda anglash imkonini beradi.
 

General Dinesh Kumar bunday dedi:

➖ Bu haqiqatan ham hayratlanarli maskan. Delegatsiyam bilan birgalikda bu yerga kelib, katta taassurotlar oldik. Markazning me’moriy qiyofasi, ekspozitsiyalarning yuksak saviyada tashkil etilgani hamda islomgacha bo‘lgan davrdan tortib bugungi kungacha bo‘lgan tarixning izchil va ta’sirchan tarzda yoritilgani meni chuqur hayratga soldi. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar yordamida tarixni jonlantirish usuli tahsinga sazovor. Bu yerda har bir ekspozitsiya o‘tmishni nafaqat ko‘rish, balki uni chuqur his qilish imkonini ham beradi.

Bizga namoyish etilgan Usmon Mus'hafi so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada noyob meros ekan. Bu men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi va uni umrim davomida eslab yuraman.

O‘zbekistonga keladigan har bir sayyoh ushbu maskanni albatta ko‘rishi kerak. Biz Hindistonga qaytgach, do‘stlarimiz va hamkasblarimizga ham bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilamiz.

 

 

Tashrif yakunida general Dinesh Kumar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning ko‘p asrlik tarixiy va ma’naviy merosini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un holda namoyon etayotgan, xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan ekanini alohida ta’kidladi. 

iccu.uz

Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi» Hindistonlik general: «Usmon Mus'hafi men uchun eng ta’sirli eksponat bo‘ldi»
O'zbekiston yangiliklari