Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyul, 2026   |   5 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:26
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:56
Xufton
21:28
Bismillah
19 Iyul, 2026, 5 Safar, 1448

13.03.2020 y. Nikoh – muqaddas rishta

10.03.2020   16939   15 min.
13.03.2020 y. Nikoh – muqaddas rishta

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لله الَّذِي جَعَلَ النِّكَاحَ سُنَّةً لِلْأَنَامِ وَفَاصِلاً بَيْنَ الْحَلَالِ وَالْحَرَامِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ النِّكَاحُ سُنَّتِي فَمَنْ رَغِبَ عَنْ سُنَّتِي فَلَيْسَ مِنِّي أَمَّا بَعْدُ

NIKOH – MUQADDAS RISHTA

Muhtaram jamoat! Nikoh – Islomdagi eng muqaddas tushunchalardan biri bo‘lib, kishining nikohlanib, oila qurishi ibodat hisoblanadi. Bu haqda hanafiy mazhabining eng yirik ulamolaridan bo‘lgan Ibn Obidin rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Odam alayhissalomdan to qiyomatgacha ibodat qilib belgilangan hamda jannatda ham davom etadigan amal ikkita: birinchisi – iymon, ikkinchisi – nikohdir”.

Ma’lumki, nikoh tufayli oila barpo bo‘ladi. Oila ham bir kichik jamiyat bo‘lib, uning rahbari erdir. Agar er o‘z vazifasini mas’uliyat bilan bajarib, halol – pok bo‘lsa va qo‘l ostidagi ahli-ayoliga chiroyli muomala va munosabatda bo‘lsa, oilasi osoyishta, mustahkam va farovon bo‘ladi. Demak, oilaning baxtli hayot kechirishida erning o‘rni juda kattadir. Quyida erning ba’zi vazifa va majburiyatlarini bayon qilamiz:

  1. Er ayoliga yaxshi va chiroyli muomala qilishi. Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam barchamizga namuna va ibratdirlar. Oisha onamiz raziyallohu anho Payg‘ambarimizni sifatlab shunday deganlar: “U Zot ayollari bilan eng muloyim, karamli, xushchaqchaq va sertabassum kishi bo‘lar edilar”.

Bir g‘azotdan qaytish chog‘ida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarni oldinroq yurishga buyurib, Oisha onamiz bilan yugurish musobaqasini o‘tkazganlar. Bu haqda Oisha onamizning o‘zlari shunday deganlar:

تَسَابَقْتُ اَنَا وَرَسُولُ اللهِ فَسَبَقْتُهُ فَلَبِثْنَا حَتَّى إِذَا أَرْهَقَنِي اللَّحْمُ سَابَقَنِي فَسَبَقَنِي فَقَالَ: "هَذِهِ بِتِلْكَ

(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ والامام أحمد)

ya’ni: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan musobaqalashdim. Men U zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng (ya’ni, boshqa bir g‘azotdan qaytishda) mening go‘shtim og‘irlashganda (ya’ni, biroz semirib qolganimda) yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “Haligi bilan biru bir”, – dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning zimmalarida islomni yoyish, davlatning ichki holatini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish kabi mas’uliyatlari bor edi. Odatan bu ishlar erkak kishini butunlay mashg‘ul qilib qo‘yadigan narsalardandir. Ul zot bundan tashqari Allohdan vahiy qabul qilardilar, doimiy ibodatlar va boshqa buyuk ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Ammo mana shuncha ishlarga qaramasdan, zimmalaridagi ayollarining haqlarini ham unutmaganlar. Ularni axloqqa chaqirib tarbiyalashni ham, er-xotinlik munosabatlarini ham yoddan chiqarmaganlar. Har bir er ayoli bilan bo‘ladigan munosabatlarda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni o‘ziga namuna qilib olmog‘i zarurdir.

  1. Ayolga mahr berish.Alloh taolo Qur’oni karimda erlarni ayollarining mazkur haqlariga rioya qilishga chaqirib: وَآتُواْ النَّسَاء صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً

ya’ni: “Xotinlariga mahrlarini hadya kabi (ya’ni chin ko‘ngildan) beringiz”  – deya amr etgan (Niso surasi, 4-oyat). Afsuski, ba’zi erlar zimmalarida shunday vazifa borligini ham bilmaydilar. Mahr erning gardanidagi ayolidan qarzi hisoblanadi.

  1. Er xotinning ozorini ko‘tarishi, u g‘azablanganida muloyim bo‘lishi, uning xatolarini kechirishi.Bunday qilish – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishdir. Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ

(رواه الإمام مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Bu haqda Imom G‘azzoliy  rahmatullohi alayh shunday deganlar:

وَاعْلَمْ أَنَّهُ لَيْسَ حُسْنُ الْخُلْقِ مَعَهَا كَفُّ الْأَذَى عَنْهَا، بَلْ اِحْتِمَالُ الْأَذَى مِنْهَا

ya’ni: “Bilginki, ayolingga ozor berishdan tiyilishing husni xulq emas. Balki, undan yetadigan ozorni ko‘tarishing husni xulqdir”.

Demak, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, g‘azabini ichiga yutishi kerak bo‘ladi.

  1. Erkak ayolini qizg‘anishi, uning or-nomusini saqlashi.Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

"إِنَّ اللَّهَ يَغَارُ وَإِنَّ الْمُؤْمِنَ يَغَارُ وَغَيْرَةُ اللَّهِ أَنْ يَأْتِيَ الْمُؤْمِنُ مَا حَرَّمَ عَلَيْهِ"

(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Albatta, Alloh rashk qiladi. Mo‘min ham rashk qiladi. Allohning rashki mo‘minning Alloh harom qilgan narsasini qilmog‘idan keladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Islomda rashk ana shu darajada yuksak baholanishi bilan bir qatorda, bu borada haddan oshish, chegaradan chiqish qoralanadi. O‘z o‘rnida va me’yorida bo‘lgan rashk erkakda bo‘lsin, ayolda bo‘lsin, maqtalgan va go‘zal turmush taqozo etgan xislatlardandir. Har ikki tomon ham umr yo‘ldoshining me’yordagi rashkini qadrlashi lozim.

  1. Er xotinini uy-joy bilan ta’minlashi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

   أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُمْ مِنْ وُجْدِكُمْ  

ya’ni: “Ularga o‘zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringiz...” (Taloq surasi 6- oyat).

Demak, erning zimmasida xotinini turar joy bilan ta’minlash majburiyati bor. Fiqhiy kitoblarimizda: Ahli-ayol uchun hech bo‘lmaganda qulflanadigan alohida bitta xona ajratib berish erning gardanidagi burchidir deyilgan.

  1. Er xotinining oziq-ovqat va kiyim-bosh kabi nafaqasini ta’minlashi.Nafaqaning miqdori erning iqtisodiy holidan kelib chiqib belgilanadi. Alloh taolo bu haqda shunday degan:

لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آَتَاهُ اللَّهُ

ya’ni: “Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!...” (Taloq surasi, 7-oyat).

Mazkur nafaqa minnat va ta’nasiz bo‘lishi kerak. Chunki nafaqa berish, erkakning xotiniga qilgan marhamati emas! Balki, Alloh taolo erning zimmasiga farz qilgan amalni bajarishdir! Dinimizda er oilasiga sarflagan xarjlari uchun ajr va savobga erishadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: 

إِنَّكَ لَنْ تُنْفِقَ نَفَقَةً تَبْتَغِي بِهَا وَجْهَ اللَّهِ إِلَّا أُجِرْتَ عَلَيْهَا حَتَّى مَا تَجْعَلُ فِي فَمِ امْرَأَتِكَ

(متفق عليه)

ya’ni: “Siz Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday sarf xarajatingiz uchun ajr olasiz. Hatto xotiningiz og‘ziga solgan taomingiz uchun ham sizga ajr bor” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Nafaqa masalasida er o‘zining iqtisodiy holidan kelib chiqib ish ko‘radi. Xotinning bitmas-tuganmas talab va xohishlari uchun er o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, noshar’iy va noqonuniy yo‘llar bilan pul topishi durust emas.

Afsuski, ba’zi erlar ulfatlari bilan ko‘cha-ko‘yda yaxshi va sara taomlarni yeb yuradida, uydagi ayoli va bola-chaqasi esa zo‘rg‘a tirikchiligini o‘tkazadi.  Bunday qilish oilaga zulm hisoblanib, farzandlar haqqiga xiyonat bo‘ladi.

  1. Ayoliga zaruriy shar’iy masalalarni o‘rgatishi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ   

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim surasi 6-oyat).

Demak, har bir er musulmon kishi bilishi kerak bo‘lgan zaruriy ma’lumotlarni ayoliga o‘rgatishi zarur bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda masjid va boshqa joylardagi nasihat va maruzalarni yaxshi tinglab, ayoli va farzandlariga yetkazishi kerak.

  1. Er xotinining xususiyatlari va o‘rtalaridagi aloqalari haqida og‘iz ochmasligi hamda odamlar o‘rtasida yoymasligi kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

 هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ   

ya’ni: “…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…”, (Baqara surasi, 187-oyat). Ulamolar ushbu oyati karimaning tafsirlarida “libos” so‘ziga turlicha ma’nolar berganlar. Ba’zilar er-xotin bir-birining aybu nuqsonini libos kabi yashiradi, desalar, boshqa birlari er-xotin bir-birlarini fahsh va zinodan saqlaydilar, degan ma’nolarni berganlar.

 Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deganlar:

إِنَّ مِنْ أَشَرِّ النَّاسِ عِنْدَ اللهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ اَلرَّجُلُ يُفْضِيْ إِلَى اِمْرَأَتِهِ وَتُفْضِيْ إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا

(رواه الامام مسلم عن أَبي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رضي الله عنه)

ya’ni: “Qiyomat kuni Allohning dargohida eng yomon maqomda bo‘ladigan odam – ayoli bilan er-xotinlik aloqasini qilib, so‘ngra ayolining sirlarini oshkora qilgan kishidir” (Imom Muslim rivoyatlari).

Hozirgi kunda ayrim erkaklarda quyidagi kamchiliklar kuzatilmoqda:

  • Ba’zi erlar, xotinini nafaqa bilan ta’minlamayotgani yetmagandek, “Sen ham pul topsang nima bo‘ladi?”, deb malomat ham qilishmoqda.
  • Ba’zilar esa o‘zga yurtlarga ketib, uzoq vaqt qaramog‘idagilarni nafaqasiz tashlab qo‘ymoqda.
  • Ba’zi erlar kun bo‘yi ko‘cha-ko‘yda yurib, ahli-ayoli va farzandlarini oldiga borganda telefonidan boshini ko‘tarmaydi. Vaholanki, er oila ahlining tarbiyasiga mas’ul. Ularga ham vaqt ajratishi va ularning haqqini ado qilishi kerak.
  • Ba’zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog‘ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po‘pisa qiladi. Bu yetmagandek, aslida o‘zining zimmasida bo‘lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo‘yniga yuklab qo‘yadi. Natijada ayol na erli bo‘lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo‘lmoqda. Shuni ta’kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo‘lga kirsa, zinoga qo‘l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo‘ladi.
  • Ba’zi holatlarda uzoq muddat chet ellarda yuradigan kishilar, u yerlarda fahsh ishlarga o‘ralashib, kasbining barakasini qochirib, turli kasalliklarni yuqtirib kelmoqdalar. Gohida bedavo kasalliklarni ularni kutib turgan pok ayollariga yuqtirib, o‘zlariga ham, juftlariga ham jabr qilishmoqda.

Yuqoridagilarning barchasi ahli-ayolga nisbatan zulm hisoblanadi. Dinimizda kishi o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zulm qilishi qattiq qoralangan. Xususan, jufti haloli, umr yo‘ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, er – oilaning rahbari. Agar er zimmasidagi vazifalarini risoladagidek bajarsa, o‘z-o‘zidan ayoli va farzandlari unga hurmat va itoatda muomalada bo‘ladi. Oqibatda oilada do‘stlik, ahillik, muhabbat hukm suradi, oila mustahkamlanadi, qut-barakali bo‘ladi.

Alloh taolo barchalarimizni hayotning barcha jabhalari qatori nikoh va oila masalasida ham shariatimiz ko‘rsatmasi asosida hayot kechirishimizni nasib aylasin! Omin!

Hurmatli azizlar! Ma’ruzamizning fiqhiy masalalar qismini tayammumga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

Tayammum arabcha so‘z bo‘lib, “qasd qilish”, degan ma’noni bildiradi. Shariatimizda esa poklik hosil qilish uchun pok yer jinsini qasd qilish (ya’ni, yuzga va qo‘lga surtish)dir. Pok yer jinsi deganda -  tuproq, qum, tosh va shu kabilar tushuniladi. Tayammum tahoratning ham, g‘uslning ham o‘rniga o‘tadi. Alloh taolo aytadi: فَلَمْ تَجِدُوا مَاءً فَتَيَمَّمُوا صَعِيدًا طَيِّبًا ya’ni: “...(lekin) suv topmasangiz, pok tuproqqa tayammum qiling...” (Moida surasi, 6-oyat).

Tayammum qilish joiz bo‘lishi uchun odam suv ishlatishdan ojiz bo‘lishi kerak. Suvdan ojiz bo‘lish turlicha bo‘lishi mumkin:

- Suv ≈2 km.dan uzoqda bo‘lishi;

- suv ishlatsa kasal bo‘lishi yoki kasallik ziyoda bo‘lishi;

- yuvinsa suv yoki havoning sovuqligidan sog‘ligiga zarar yetishi aniq bo‘lsa;

- suv oldida dushman bo‘lsa; 

- tahorat qilsa ichimlik suvisiz qoladigan bo‘lsa;

- quduq kabi joydan suv olishga kerakli vositalar bo‘lmasa.

Tayammum quyidagicha qilinadi:

- Bismillahni aytib, dastlab tahoratsizlikni ketkazishni niyat qilib, pok tuproqni qasd qiladi; 

- keyin ikki qo‘lini pok tuproqqa uradi, yopishib qolgan tuproqni qoqib, qo‘llarini yuziga surtadi;

- keyin yana qo‘llarini tuproqqa uradi va chap qo‘l kaftining ichi bilan o‘ng qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi, o‘ng qo‘l kaftining ichi bilan chap qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi. Bunda qo‘llarning tirsakkacha bo‘lgan joyini mas'h qilish shart.

Tayammumni namoz vaqti kirishidan oldin qilsa ham bo‘ladi. Suv topilguncha, bitta tayammum bilan xohlagancha namoz o‘qish mumkin. Tayammumni tahoratni buzuvchi narsalar buzadi.

Suv topishidan umidi bo‘lgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kechiktirib turishi mustahab hisoblanadi (“Al-Muxtor”, “Al-Ixtiyor” kitoblari).

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi

“SAXOVAT – JANNATGA YETAKLOVCHI FAZILAT!” mavzusida bo‘ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zamon va makondan yuksak Zot

16.07.2026   10997   10 min.
Zamon va makondan yuksak Zot

Quyosh botadi...
Gullar so‘ladi...
Bahorning oxiri kuz bilan tugaydi.
Sog‘liq xastalikka yuz tutadi.
Hayot o‘lim bilan nihoyalanadi.
Imperiyalar gullab-yashnaydi va zavol topadi.
Qit’alarni okean yutib yuboradi.
Yulduzlar koinot bag‘rida portlab, g‘oyib bo‘ladi.
Bizni o‘rab turgan bu hodisalar olami — aldamchi va makkor dunyodir. U yolg‘onlardek tuslanib, yo‘qlik va fano sari harakatlanadi... Go‘yoki suv ustiga chizilgan rasm yoki shamollar uchirib ketuvchi qumdagi naqsh kabidir.
Alloh esa bu olamdan emas... Balki U bu olamdan Mutaol (oliy va yuksak)dir... Allohning xastalanishi, qarishi yoki o‘lishi aslo mumkin emas. Uni boshqa narsalar kabi bir xomxayol yoki botil deb tasavvur qilish ham to‘g‘ri emas... U bularning barchasidan Yuksakdir.
Olam — botil (o‘tkinchi).
Alloh — Haq.
Olam — zavol topguvchi.
Alloh — Boqiy.
Olam — o‘zgaruvchan.
Alloh — Sobit (o‘zgarmas).
Olam — zamon va makon chegaralarining mahbusidir.
Alloh esa zamon va makondan Yuksakdir... U biror makonda joylashmaydi, zero Uning hajmi ham, makoniy xususiyatlari ham yo‘qdir. U haqda «tepada» yoki «pastda», «o‘ngda» yoki «chapda», «ichkarida» yoki «tashqarida» deb bo‘lmaydi.
Shu bois, U biror jismga kirmaydi, biror bo‘shliqni egallamaydi va biror surat yoki shaklda gavdalanmaydi.
U zamondan Yuksak bo‘lgani uchun ham Uning yoshi yo‘q, boshlanishi va nihoyasi yo‘q, Uning uchun o‘tmish, hozir va kelajak mavjud emas... Balki U — Mutlaq Hozirlikdir... Davomli lahza va abadiy davomiylikdir... G‘aybda ham, shohidlik olamida ham doimiy mavjuddir.
U haqda o‘syapti, rivojlanyapti, kattaryapti, kengayapti, kuchi ortyapti yoki mukammallashyapti deb bo‘lmaydi... Chunki U — azaldan va abadan Mukammaldir.
U zamon va makondan pok bo‘lgani uchun harakat qilmaydi va ko‘chmaydi... Balki U — mutlaq sukunatdadir... Samaddir... Uning atrofidagi barcha narsa esa iztirob va harakatdadir. «Samad» so‘zining ma’nosi ham mana shu — mutlaq sobit va barqaror demakdir. Shu sababli ham U — iztiroblar ummonidagi boshpana va omonlikdir. Kemalar o‘z langarlarini sokin dengiz tubiga tashlab, o‘z barqarorligini o‘sha tubning sobitligidan olgani kabi, qalb ham o‘z langarini Unga tashlaydi... U — huzuriga talpiniladigan, suyaniladigan Samaddir.
Biz — kishandamiz (zamon va makonda).
Alloh esa — mutlaqlikda (azal va abadda), Uning na boshlanishi, na oxiri va na chegarasi bor.
U — Latifdir, intihosiz lutf Sohibidir. Uning jismi, moddasi, massasi va vazni yo‘q. «Latif»ning ma’nosi ham shu — mutlaq maxfiylik (ko‘zga ko‘rinmaslik).
«Latif» — Uni cheklab yoki to‘sib qo‘yadigan hech qanday jism, vazn va zichlikka ega bo‘lmagan Zotdir... Shu bois U har bir narsaning ichiga kirib boradi, har bir narsa bilan har lahzada komil suratda, yashirin va sirli ravishda birga bo‘ladi: «Ko‘zlar Uni idrok etolmas, U esa ko‘zlarni idrok etar». U qayerda bo‘lsak ham biz bilan birgadir, bizga nihoyatda yaqindir, ammo biz Uni ko‘rmaymiz...
Xuddi inson o‘z ko‘zining qorachig‘ini (vositasiz) ko‘ra olmagani kabi. U bizga shoh tomirimizdan ham (vujudimizdagi qondan ham) yaqinroqdir.
Va U — Vohid (Yagona)dir.
Sizga foyda beruvchi ham Udir.
Sizga zarar beruvchi ham Udir.
Chayonga zaharni joylagan ham Udir.
Gulga iforni baxsh etgan ham ayni Uning O‘zidir.
Bu ishlarning barchasini qiluvchi Zot — birgina asil Bajaruvchidir.
U — Vohiddir...
U — Ahaddir...
«Ahad» va «Vohid» ma’no jihatidan farq qiladi.
«Vohid» deganda, ish-harakatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lsa-da, ularni Bajaruvchi bitta ekanini tushunamiz... Uni bajaruvchisi doimo bittadir.
«Ahadlik» esa ana shu Yagona Zotning sifatidir.
U — Ahaddir.
Ya’ni, U bo‘linmaydi, parchalanmaydi, Uning bo‘lagi, qismi, ziddi yoki tengdoshi bo‘lishi aslo mumkin emas... Unda ko‘plik, qarama-qarshilik yoki ko‘payish sodir bo‘lmaydi.
U parchalanib ketmaydi, tarkib topmaydi, sochilib ketmaydi, birlashmaydi, qo‘shilmaydi va ajralmaydi.

U O‘z zotida Ahaddir, ya’ni O‘z-O‘ziga qarshi chiqmaydi, qarama-qarshilikka uchramaydi, ziddiyatga kirishmaydi... Balki Unda qarama-qarshiliklar (Jabbor va Rahim, Muiz va Muzill, Nofi’ va Zorr) mutlaq birlikda uchrashadiki, u yerda hech qanday ziddiyat, qarama-qarshilik va urush yo‘qdir... Mana shu bois Uning ismi Salomdir va mutlaq sokin, ichida qarama-qarshiliklar bo‘lsa-da, hech qanday iztirob bo‘lmagan, ichki urushlardan xoli bo‘lgan Samaddir...

Zero, U — Salomdir.
Va U — Hayy (Tirik)dir.
Ya’ni, Unga hayot baxsh etuvchi biror yaratuvchiga ehtiyoj sezmasdan, O‘z-O‘zidan Tirikdir. U boshqaga qaram bo‘lmagan mutlaq hayot Sohibidir. Bizning noqis hayotimiz esa, aksincha, faqatgina Uning madadi bilangina mavjuddir.
U — Qayyumdir, har bir narsani tirik tutib turuvchi va yo‘qlikka hayot baxsh etuvchi Zotdir.
Har bir narsa Alloh bilan mavjuddir.
Falaklaridagi yulduzlarni Allohning qonunlari tutib turadi, demak ular U bilan qoimdir. Daraxtlar o‘z qaddini Uning va U bergan nur, quyosh, suv hamda tuproq madadi bilan yuksaltiradi.
Biz ham har kuni U bilan va Uning madadi bilan oyoqqa turamiz.
Biz U bilan ko‘ramiz va U bilan eshitamiz... Bizga ato etgan qobiliyatlari orqali... Butun koinot o‘z mavjudligida Allohning Qayyumligiga qarzdordir... Zero, U har bir narsaning Qayyumidir...
Qiyomat kuni bizni o‘limdan qayta tiriltiruvchi ham Udir.
U bu dunyoda zarradan tortib to falaklargacha har bir narsani O‘z g‘amxo‘rligi bilan tutib turuvchidir, shuning uchun ham U — Qayyumdir.
U — Samiy’ (Eshituvchi)dir, hech qanday ruxsatsiz va vositalarsiz mutlaq eshituvchidir... U O‘z zoti ila Samiy’dir.
U — Basiyr (Ko‘ruvchi)dir, ko‘zsiz va ko‘ruv a’zolarisiz ko‘ruvchidir... U O‘z zoti ila Basiyrdir.
U — Mutakallim (So‘zlaguvchi)dir, harflarsiz, so‘zlarsiz, til va lablarsiz so‘zlaguvchidir... U O‘z zoti ila Mutakallimdir, bizga ma’nolarni yetkazadi va biz ularni O‘zi xohlagan tilda eshitamiz.
U — Avvaldir, zamon va olam yaratilishidan oldin, hech vaqo yo‘qligida ham mavjud bo‘lgan Zotdir.
U — Oxirdir, zamon tugab, olam barham topganidan va har bir narsa Unga qaytganidan keyin ham mavjud bo‘lguvchidir... Borliq foniy bo‘lgandan keyin ham U — Boqiydir... Undan oldin ham, Undan keyin ham hech narsa yo‘qdir...
U — af’ollari (ishlari) bilan Zohir (ayon)dir.
Zoti bilan esa Botin (yashirin)dir.
U O‘zi uchun emas, biz uchun o‘ch olguvchi — Muntaqimdir.
U zolimlarga nisbatan Jabbor, takabburlarni xor qilguvchi Muzill, mutakabbirlarga qarshi Mutakabbir, makr qiluvchilarga nisbatan Makr qilguvchidir. Kimning sifatlari mana shunday bo‘lsa, demak, kibriyo va buyuklik faqat Ungagina loyiqdir.
Kibriyolik faqat Uning haqqidir.
Osmonlaru yerdagi kibriyolik Unikidir.
Alloh taolo hadisi qudsiyda aytadi:
«Kibriyolik Mening ridomdir, buyuklik esa Meningizorimdir. Kim Mening bu ikki sifatimda Men bilan talashsa, Uni yakson qilaman».
Agar buyuklikning barcha sabablari Unda mukammal bo‘lsa, demak, U haqiqiy Azim (Buyuk) Zotdir.
Shunday bo‘lsa-da, U O‘z suyukli bandalariga doimo O‘zini sevdiruvchi, ularga O‘z muhabbati, karami, ne’matlari va mehrini yog‘diruvchidir, zero U — Hannon, Mannondir.
Uning azobi ham O‘z rahmati chashmasidandir... U — uyg‘otish, ogohlantirish va dars berish uchun azoblovchi Rahmondir... Va U — xohlagan paytida O‘z xolis rahmatini in’om etuvchi Rahimdir... Uning rahmati doimo g‘azabidan ustundir... U payg‘ambarlar, ogohlantiruvchilar, kitoblar yuboradi va har bir nazar soluvchi uchun osmonlaru yerda O‘z oyat-belgilarini ravshan namoyish etadi... Shundan keyingina hisob-kitob, ya’ni Jazo kuni — g‘azabga loyiq bo‘lganlarga g‘azab qilinadigan kun bo‘ladi... Zora, U — muhlat beruvchi, imkoniyat in’om etuvchi va ajalni uzaytiruvchi Saburdir... Va U — O‘ziga qaytgan, tavba qilgan har bir bandani kechiruvchi Tavvob, G‘affordir.
U — Vosi’ (Keng) Zotdir.
Ilmi keng.
Mag‘firati keng.
Rahmati keng.
U har bir narsada Cheksizlik va Mutlaqlikdir.
Farishtalar Unga shunday deydilar:
«Parvardigoro, O‘zing rahmat va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas, tavba qilgan va Sening yo‘lingga ergashganlarni mag‘firat ayla» (G‘ofir surasi, 7-oyat).

Farishtalar faqat Uning vahyi, amri va kalomi bilangina gapiradilar... Zero, U — rahmat va mehr chashmasi, mag‘firat va tavbaga ilhom beruvchi Zotdir.
U Pokdir, Zul-jaloli val-ikrom (Ulug‘vorlik va karam Sohibi)dir.
Harflar va so‘zlar ojiz qoladi, jumlalar Uning Oliy maqomiga yetishdan uziladi — U shunday bir Maqomdaki, u yerda «qayerda» degan tushuncha yo‘qdir.
Shunday bir «huzur»daki, u yerda «huzurida» degan makon yo‘qdir.
U yerda aqllar hayratdan lol qoladi.
Tillar sokov bo‘ladi.
Qalamlar quriydi.
Va sahifalar ko‘tariladi.


Doktor Mustafo Mahmud -  «Islomda Alloh» maqolasidan.

Maqolalar