“Jihod” so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda “g‘ayrat qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “zo‘r bermoq”, “bor kuchini sarflamoq”, “kurashmoq”, “mehnat qilmoq” kabi ma’nolarni ifodalaydi. Islom tarixini chuqur o‘rgangan mutaxassis olimlar, tarixda yuz bergan har qanday jihod, faqatgina, mudofaa maqsadida olib borilganini ta’kidlaydilar. Bu borada zamonamiz ulamolari bunday deydilar: “Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Rasululloh (alayhissalom)ning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lur edilar. Ya’ni, u zot birinchi bo‘lib Makkadagi mushriklarning kattalari bilan urushgan islom davlatini barpo etish uchun jihod e’lon qilgan bo‘lardilar. Biroq Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, musulmon jamiyati tinch yo‘l bilan, tabiiy ravishda yuzaga kelgach, dushman musulmonlar yashab turgan yurtiga bosib kelganda musulmonlarning himoyasi uchun jihodga chiqqanlar. Barcha Islom ulamolari bu yerdagi jihod mudofaa uchun bo‘lganligini ta’kidlashadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib, jihod deganda, avvalo, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga boshlash tushuniladi, deyish mumkin. Bu qoida kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan emas. Balki ilk islom davrida yuzaga kelgan bo‘lib, Qur’oni karim oyatlariga asoslangandir. Rasululloh (alayhissalom): “Tili va qo‘lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy muslmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan hijrat qilgan inson haqiqiy muhojirdir”, deganlar.(Imom Buxoriy rivoyati). Ulamolar ushbu hadislarni sharhlab, undagi “hijrat”dan murod “tark qilishdir”, deganlar. Boshqa bir hadisda esa, Ummu Anas (raziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi Rasululloh (alayhissalom): “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”. deganlar.
Bugungi kunda diyorimizda nafaqat, musulmonlar, balki boshqa din vakillari ham emin-erkinlikda hayot kechirmoqdalar. Musulmonlar islom arkonlarini bajarish imkoniga ega bo‘lsa, Ramazon va Qurbon hayitlari dam olish kuni, deb belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, har yili o‘n mingdan ortiq vatandoshlarimiz muqaddas haj va umra ziyoratlarini amalga oshirishda davlat o‘zi bosh bo‘lib turgan bo‘lsa, bunday musulmonobod diyordan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vatanidan qanday qilib hijrat qilish mumkin?! Vatanni himoya qilish naqadar ulug‘ savob, har bir musulmonning zimmasidagi farzi hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kelish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.
Yana “Jihod” so‘zi lug‘atda kishi o‘zining bor imkoniyatini ishga solib, biror ishni bajarishga harakat qilishi ma’nosini anglatadi. Misol, shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan yirik olimlar “mujtahid” deb atalgan. Ular shar’iy ilmlarda “jihod” qilishgan. Alohida ta’kidlab aytish lozimki, “jihod” so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida “qitol” so‘zi ishlatiladi:
Islom dini ta’limotining istilohida jihod asosan uch xildir.
Birinchisi – nafs bilan kurashish, ya’ni nafsning izmiga yurib, gunoh va jinoiy ishlarga qo‘l urmaslik;
Ikkinchisi – shayton bilan kurashish, ya’ni shaytonning vasvasalariga uchib, harom va ta’qiqlangan ishlarga qo‘l urishdan saqlanish;
Uchinchisi – bosqinchilar bilan jang qilishdir;
Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasalam) ota-onaning xizmatini qilib, roziliklarini olish ham jihod turlaridan ekanini ta’kidlaganlar. Ulamolar savodsizlik, qashshoqlik, ayrim yuqumli og‘ir kasalliklarga qarshi jonbozlik kurashishni ham jihod turlaridan, deb hisoblaganlar. Mazkur misollardan xulosa qiladigan bo‘lsak, insoniyat manfaati yo‘lida, axloqimizni yaxshilash yo‘lida qiladigan sa’y-harakatlarimiz ham jihodning savoblariga teng solih amallardan ekanini anglashimiz mumkin.
Hozir esa buzg‘unchi toifalar o‘zlari ilgari surayotgan yovuz maqsadga erishish uchun yangi “jihod” turlarini o‘ylab topishgan. Ular “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, aybsiz odamlarning nohaq qoni to‘kilishiga sababchi bo‘lishmoqda. Mashhur ulamo, marhum Muhammad Said Ramazon Butiy bunday buzg‘unchi toifalarning qilmishini qoralab shunday deydi: “Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish”, deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish”, deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh (sallallohu alayhi vasalam) bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?”.
Alloh taolo vatanimiz tinchligini, osmonimiz musaffoligini saqlab, barchalarimizning e’tiqodimizni sog‘lom, aqidamizni to‘g‘ri qilsin.
Aminjon ISMOILOV,
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnat amallaridan biri haqida 100 dan ortiq hadislarda kelgan. Bu qaysi sunnat ekanini bilasizmi?
Hadis va fiqh ilmining bilimdoni Alloma Ibn Mulaqqin rahimahulloh misvok ishlatish haqida 100 dan ortiq hadis kelganini aytgan.
Xususan, "Sahih Buxoriy"da kelgan hadisda .«Payg‘ambar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Misvok og‘izni poklovchi va Robbni rozi qiluvchidir", deganlar.
Misvokni hatto ro‘zador kishi ham ishlatsa bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan oldin so‘nggi bor qilgan amallari ham, vafot etganlarida muborak qo‘llaridan tushib ketgan narsa ham misvok edi.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmasin, demaganimda ularni har tahoratda misvok qilishga amr etar edim", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Misvok bilan o‘qilgan ikki rakat namoz misvoksiz o‘qilgan yetmish rakat namozdan afzaldir", dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat vaqtida misvok ishlatganlar, biroq namozdan oldin misvok ishlatganlari haqida rivoyatlar yo‘q. Qolaversa, misvok ishlatilganda milklar qonab ketishi ehtimoli katta. Qon oqishi esa tahoratni sindiradi. Shuning uchun, misvokni namozdan oldin emas, aynan tahorat qilish asnosida ishlatish lozim.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, misvok ishlatish faqat tahorat va namoz bilan bog‘liq emas. Balki yana ko‘p holatlarda misvok ishlatish mumkin.
Jobir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Xuddi kotib qulog‘iga qalam qistirib oladiganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham quloqlariga misvok qistirib olar edilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam misvokka qanchalik ahamiyat berganlarini ko‘rsatadi. U zot ummatga misvokni targ‘ib qilgach, eng avvalo uni o‘zlari amalda ko‘rsatganlar.
Miqdom ibn Shurayh ibn Honi’ Horisiy otasidan rivoyat qiladi: “Men Oisha roziyallohu anhodan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirsalar, ishni nimadan boshlar edilar?” deb so‘raganimda, u: “Misvok (ishlatish) bilan”, deb javob berdi (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Bu rivoyatlardan misvok faqat tahorat va namoz vaqtiga bog‘liq emasligini bilib olamiz.
Biz bugun og‘izni poklovchi, Robbni rozi qiluvchi bu sunnatga qanchalik amal qilyapmiz?
Tahorat olayotganimizda, uyga kirganimizda misvok ishlatyapmizmi?
Afsuski, yo‘q....Avval bilmagan bo‘lsak endi bilib oldik, amal qilishga kirishaylik va boshqalarga ham bu haqda yetkazaylik.
Davron NURMUHAMMAD