Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyul, 2026   |   14 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:49
Xufton
21:16
Bismillah
28 Iyul, 2026, 14 Safar, 1448

Jihod nima?

09.03.2020   9859   4 min.
Jihod nima?

“Jihod” so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda “g‘ayrat qilmoq”, “harakat qilmoq”, “intilmoq”, “zo‘r bermoq”, “bor kuchini sarflamoq”, “kurashmoq”, “mehnat qilmoq” kabi ma’nolarni ifodalaydi.  Islom tarixini chuqur o‘rgangan mutaxassis olimlar, tarixda yuz bergan har qanday jihod, faqatgina, mudofaa maqsadida olib borilganini ta’kidlaydilar. Bu borada zamonamiz ulamolari bunday deydilar: “Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida edi, Rasululloh (alayhissalom)ning o‘zlari bu borada namuna ko‘rsatgan bo‘lur edilar. Ya’ni, u zot birinchi bo‘lib Makkadagi mushriklarning kattalari bilan urushgan islom davlatini barpo etish uchun jihod e’lon qilgan bo‘lardilar. Biroq Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bunday yo‘l tutmadilar. Aksincha, musulmon jamiyati tinch yo‘l bilan, tabiiy ravishda yuzaga kelgach, dushman musulmonlar yashab turgan yurtiga bosib kelganda  musulmonlarning himoyasi uchun jihodga chiqqanlar. Barcha Islom ulamolari bu yerdagi jihod mudofaa uchun bo‘lganligini ta’kidlashadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib, jihod deganda, avvalo, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga boshlash tushuniladi, deyish mumkin. Bu qoida kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan emas. Balki ilk islom davrida yuzaga kelgan bo‘lib, Qur’oni karim oyatlariga asoslangandir. Rasululloh (alayhissalom):  “Tili va qo‘lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy muslmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan hijrat qilgan inson haqiqiy muhojirdir”, deganlar.(Imom Buxoriy rivoyati). Ulamolar ushbu hadislarni sharhlab, undagi “hijrat”dan murod “tark qilishdir”, deganlar. Boshqa bir hadisda esa, Ummu Anas (raziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi Rasululloh (alayhissalom): “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”. deganlar.
Bugungi kunda diyorimizda nafaqat, musulmonlar, balki boshqa din vakillari ham emin-erkinlikda hayot kechirmoqdalar. Musulmonlar islom arkonlarini bajarish imkoniga ega bo‘lsa, Ramazon va Qurbon hayitlari dam olish kuni, deb belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, har yili o‘n mingdan ortiq vatandoshlarimiz muqaddas haj va umra ziyoratlarini amalga oshirishda davlat o‘zi bosh bo‘lib turgan bo‘lsa, bunday musulmonobod diyordan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vatanidan qanday qilib hijrat qilish mumkin?! Vatanni himoya qilish naqadar ulug‘ savob, har bir musulmonning zimmasidagi farzi hisoblansa, unga xiyonat qilish, qurol bilan bostirib kelish shu qadar katta gunoh, eng oliy jazoga loyiq jinoyat hisoblanadi.
Yana “Jihod” so‘zi lug‘atda kishi o‘zining bor imkoniyatini ishga solib, biror ishni bajarishga harakat qilishi ma’nosini anglatadi. Misol, shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan yirik olimlar “mujtahid” deb atalgan. Ular shar’iy ilmlarda “jihod” qilishgan. Alohida ta’kidlab aytish lozimki, “jihod” so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida “qitol” so‘zi ishlatiladi:
Islom dini ta’limotining istilohida jihod asosan uch xildir.
Birinchisi – nafs bilan kurashish, ya’ni nafsning izmiga yurib, gunoh va jinoiy ishlarga qo‘l urmaslik;
Ikkinchisi – shayton bilan kurashish, ya’ni shaytonning vasvasalariga uchib, harom va ta’qiqlangan ishlarga qo‘l urishdan saqlanish;
Uchinchisi – bosqinchilar bilan jang qilishdir;

Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasalam) ota-onaning xizmatini qilib, roziliklarini olish ham jihod turlaridan ekanini ta’kidlaganlar. Ulamolar savodsizlik, qashshoqlik, ayrim yuqumli og‘ir kasalliklarga qarshi jonbozlik kurashishni ham jihod turlaridan, deb hisoblaganlar. Mazkur misollardan xulosa qiladigan bo‘lsak, insoniyat manfaati yo‘lida, axloqimizni yaxshilash yo‘lida qiladigan sa’y-harakatlarimiz ham jihodning savoblariga teng solih amallardan ekanini anglashimiz mumkin.
Hozir esa buzg‘unchi toifalar o‘zlari ilgari surayotgan yovuz maqsadga erishish uchun yangi “jihod” turlarini o‘ylab topishgan. Ular “jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, aybsiz odamlarning nohaq qoni to‘kilishiga sababchi bo‘lishmoqda. Mashhur ulamo, marhum Muhammad Said Ramazon Butiy bunday buzg‘unchi toifalarning qilmishini qoralab shunday deydi: “Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish”, deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish”, deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh (sallallohu alayhi vasalam) bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. Ul zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?”.
Alloh taolo vatanimiz tinchligini, osmonimiz musaffoligini saqlab, barchalarimizning e’tiqodimizni sog‘lom, aqidamizni to‘g‘ri qilsin.

Aminjon ISMOILOV,
Sirdaryo tumani bosh imom-xatibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek hujjatli filmi Al-Azhar orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etilmoqda

22.07.2026   19697   1 min.
O‘zbek hujjatli filmi Al-Azhar orqali xalqaro auditoriyaga taqdim etilmoqda
 
 

Bundan biroz oldin Misr Arab Respublikasi Al-Azhar universiteti huzuridagi turli tillarda geoma’naviy tahdidlardan ogoh etuvchi media mahsulotlar tayyorlaydigan observatoriyaning rasmiy va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi qoshidagi “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan “Hidoyat libosidagi jaholat” nomli hujjatli film o‘zbek va ingliz tillarida joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.

5402384408544745000

E’tiborlisi, “Ziyo” media markazining mazkur hamkorligi davomli tus olmoqda. Gap shundaki, o‘tgan hafta mazkur filmning ikkinchi qismi ham Al-Azhar observatoriyasi platformalariga joylashtirildi.

Film ilm va ma’rifatning ahamiyatini, jaholat va radikallashuvning jamiyatni qanday halokatga olib borishini aniq misollar va ushbu mavzuga ixtisoslashgan teran fikrli ekspertlar ishtirokida ko‘rsatib beradi.

5402384408544745000

Filmda “Al-Azhar” observatoriyasi direktori, islomshunos olima Reyhan Abdulla Salama, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Habibulla Sadibaqosov, Aleksandriya kutubxonasi direktori, professor Ahmad Abdulla Zayed, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti direktori Husniddin Ahmedov ishtirok etgan.

5402384408544745000

Film muallifi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, publitsist, “Ziyo” media markazi direktori Abdulhamid Muxtorov. Filmga O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi, bir qator filmlarni sahnalashtirgan Mikoyil Sulaymonov rejissyorlik qilgan. Mavzu yuzasidan maslahatchi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkirbek Hasanboyev. Film jug‘rofiyasi O‘zbekiston, Misr, Turkiya davlatlaridagi ilmiy-tadqiqot markazlari va ularning ekspertlarini qamrab olgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari