Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Avgust, 2026   |   4 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:34
Peshin
12:27
Asr
17:18
Shom
19:24
Xufton
20:47
Bismillah
17 Avgust, 2026, 4 Rabi`ul avval, 1448

Buxoro – Islom madaniyati poytaxti: Faxrli shahar

28.02.2020   4255   3 min.
Buxoro – Islom madaniyati poytaxti: Faxrli shahar

Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) tarkibidagi muassasalardan biri – Ta’lim, fan va madaniyat  masalalari bo‘yicha Xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) 2020 yilda O‘zbekistonning ko‘hna va boqiy shahri – Buxoroi sharifni Islom madaniyatining poytaxti deb e’lon qildi.

Kurrai zaminda shaharlar juda ko‘p. Ularning hammasi ham o‘z xalqi uchun aziz va mo‘tabar. Ammo yer yuzida sharif shaharlar sanoqli. Ana shunday shariflik maqomiga ega bo‘lgan, “Ilm maskani”, “Zebu ziynat shahri”, “Faxrli shahar”, “Ochiq shahar”, degan ma’noni anglatuvchi – Buxoroi sharif yakkayu yagonadir.

 Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoroga miloddan avvalgi 1-ming yillik o‘rtalarida asos solingan. Uning nomi ilk o‘rta asr Xitoy manbalarida An, Ansi, Ango, Buxo, Buku, Buxe, Buxaer, Buxuaer, Buxala, Buxuala, Fuxo, Puxuala va boshqa nomlar bilan atalgan. Bu atamalardan avvalgi uchtasi Buxoroning xitoycha nomlari bo‘lib, qolgani “Buxoro” so‘zining xitoy tilidagi talaffuzidir. O‘rta asr arab manbalarida esa Buxoro Numijkat, Navmichkat, Bumichkat (Yangi qo‘rg‘on), Al-Madina as-sufriyya (Mis shahar), Madinat at-tujjor (Savdogarlar shahri), Foxira (Faxrli shahar) kabi nomlar bilan tilga olingan.

“Buxoro” atamasi sanskritcha “vixora” so‘zining turkmo‘g‘ulcha shakli –  “buxor” (“ibodatxona”) dan kelib chiqqan deb taxmin qilingan. Keyingi tadqiqotlarda bu atama so‘g‘diycha “bug‘” yoki “bag” hamda “oro” (“jamol”) so‘zlaridan iborat degan fikr ilgari surilmoqda.

Sayohatchilar kundaliklarida Buxoro – “Sharq Venetsiyasi”, “Rimning tengdoshi”, buxoroliklar esa “O‘rta Osiyoning parijliklari” kabi nomlar bilan ataladi.

XI asr butun O‘rta Osiyo shaharlari jug‘rofiyasi va tarixini tadqiq etgan Yoqut Hamaviy “Muj’am al buldon” asarida “Movarounnahrning ko‘rki to‘rt tomonda joylashgan shahardir. Birinchisi, ilmu fazl manbai bo‘lgan Buxoro. Uning tuprog‘i Rum va Chin mamlakatlariga faxrdir”, deb yozadi. XIII asr tarixchisi Ibn Muhammad Juvayniy “Tarixi jahon kushoy” kitobida Buxoroning fazilati haqida bunday deydi: “Buxoro mashriq shaharlaridan biri bo‘lib, “Qubbatul Islomdir”. U tomonda, ya’ni Movarounnahrda Madinat ul-islom (Madina) o‘rnida bo‘lib, fuqarosi faqihlar va olimlar nuri bilan bezalgan. Buxoro qadimdan har yerda har qanday din olimlari, ahllari to‘planadigan joy bo‘lib qolgan”.

Buxoro musulmon sharqi fan, ma’rifat va ilohiyotning rivojlanishiga ham ulkan hissa qo‘shib, mumtoz o‘rta asrlar musulmon olamida IX asrda “Qubbat ul-islom” (“Islom dinining gumbazi”) va XIII asrda “Buxoroi sharif” (“Sharofatli shahar”) nomlari bilan shuhrat topgan.

Qariyb o‘ttiz asrlik tarixga ega Buxoro bugun ham dunyo xalqlari tomonidan izzat-ikrom, hurmat va ehtirom ila tilga olinadi. Sharq gavhari, jahon mo‘jizasi, nurli shahar, Markaziy Osiyo durdonasi, Osiyo javohiri nomlari bilan yanada shuhrat topib, boy o‘tmishi va shonli kelajagi boqiy yashab, tillarda doston bo‘lmoqda.

Shavkat BOBOJONOV

O‘zR FA Tarix instituti tayanch doktoranti

“Islom nuri” gazetasining 2020 yil 1-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   20969   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV