2023 yil 7 sentyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari Arman-Apostollik cherkovining Moskva va Novonaxichevan eparxiyasi rahbari Yezras Narsesyanni qabul qildilar.
Muloqotda Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari Dilshod Mamatqulov, O'zbekistondagi Arman Apostol cherkovi ruhoniysi Avanes Grigoryan va bir qator mutasaddilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda qadim-qadimdan O'zbekiston zaminida turli millat, elat va din vakillari ahil-inoq yashab kelayotgan diyor ekani, barchaning asosiy maqsadi tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash va ertangi taraqqiyoti uchun hissa qo'shish ekaniga urg'u qaratildi.
Samimiy ruhda o'tgan suhbatda mamlakatimizdagi yangilanish va islohotlar keng quloch yozayotgani, Davlatimiz rahbari tomonidan millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamkorlikka berilayotgan alohida e'tibor mamlakatimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlanishiga zamin yaratganiga alohida e'tibor qaratildi.
Yurtimizdagi bunday ijobiy o'zgarishlar dunyo hamjamiyatida O'zbekistonga bo'lgan qiziqishni yanada oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlayotgani mehmonlar tomonidan yuksak e'tirof etildi.




O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Polsha Musulmonlar diniy ittifoqi raisi, muftiy Tomash Mishkevichning mamlakatimizga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrif doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Hamidjon Ishmatbekov va rais o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov muftiy Tomash Mishkevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, din peshvolari o‘rtasida tajriba almashish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda “halol” standartlari borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Polsha delegatsiyasiga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy hayot, Musulmonlar idorasi, masjidlar, madrasalar va Fatvo markazi faoliyati, diniy ta’lim tizimidagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Mehmonlar Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurib, u yerda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari va noyob qo‘lyozmalar fondi bilan tanishdi.
Muftiy Tomash Mishkevichning Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ham uchrashdi. Ishtirokchilar markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy makondagi o‘rni va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Suhbatdan so‘ng Polsha delegatsiyasi O‘zbekistonning tarixiy, ilmiy, madaniy va diniy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov bilan ham ko‘rishdi. Muloqotda mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy va islomiy merosi, ziyorat turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Tomonlar buyuk islom allomalari – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosini, Toshkent, Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalar hamda muqaddas qadamjolarni Polsha musulmon jamoalari orasida keng targ‘ib qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatini Polshada yanada keng namoyon etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida Polsha delegatsiyasi Samarqand va Buxoroda bo‘lib, u yerdagi tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati