Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

28.02.2020 y. Namoz – mo‘minning me’roji

25.02.2020   16407   17 min.
28.02.2020 y. Namoz – mo‘minning me’roji

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِيْن، وَأَفْضَلُ الصَّلاَةِ وَأَتَمُّ التَّسْلِيْمِ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْن، أَمَّا بَعْدُ

NAMOZ – MO‘MINNING MЕ’ROJI

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, namoz mo‘minning me’roji bo‘lib, u bilan kishi o‘z Parvardigoriga munojot qiladi. Namoz dinimiz ustuni hisoblanadi. Namoz ibodatining bir qancha dunyoviy, uxroviy,  jismoniy, ruhiy, ma’naviy va tarbiyaviy fazilatlari, foydalari va hikmatlari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:

  1. Qabul bo‘lgan namoz o‘z egasini fahsh va munkar ishlardan qaytaradi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ

ya’ni: “Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur” (Ankabut surasi 45-oyat).

Oyati karimada zikr qilinganidek Alloh taoloning ibodatida bo‘lgan kishi o‘z-o‘zidan yomon illatlardan, nojo‘ya ishlardan tiyiladi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, namoz – insonga go‘zal tarbiya beruvchi ilohiy amaldir.

  1. Namoz o‘z egasining gunoh va xatolari o‘chirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:

أرَأيْتُمْ لَوْ أنَّ نَهْرَاً بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ مِنْهُ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسَ مَرَّاتٍ، هَلْ يَبْقَى مِنْ دَرنهِ شَيْءٌ؟ قالوا: لا يَبْقَى مِنْ دَرنهِ شَيْءٌ، قَالَ: فَذلِكَ مَثَلُ الصَّلَوَاتِ الخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِنَّ الخَطَايَا

(متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Birontangiz eshigi oldidan ariq oqib o‘tsa, u o‘sha ariqda bir kunda besh mahal cho‘milsa, unda kir qoladimi?” – deb so‘radilar. Shunda sahobalar: “Yo‘q, hech qanday kiri qolmaydi” – dedilar. U zot: “Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshaydi. Alloh u bilan gunohlarni ketkazadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Yana boshqa bir hadislarida shunday deganlar:

"اَلصَّلَوَاتُ الْخَمْسُ، وَالْجُمْعَةُ إِلَى الْجُمْعَةِ، وَرَمَضَانُ إِلَى رَمَضَانَ مُكَفِّرَاتٌ مَا بَيْنَهُنَّ، إِذَا اجْتُنِبَتِ الْكَبَائِرُ"

(رواه الإمامُ مسلمٌ عن أبي هريرة رضى الله عنه)

ya’ni: “Jumadan jumagacha, Ramazondan Ramazongacha besh vaqt namozni o‘qish shu vaqt orasida bo‘lib o‘tgan kichik gunohlarga kafforatdir. Agar kabira (ulkan) gunohlardan saqlanilgan bo‘lsa” (Imom Muslim rivoyatlari).  

Demak, namozlarni risoladagidek o‘qigan odamning gunohlari kechiriladi, dilidagi g‘uborlar yuviladi, ruhiy holati yaxshilanadi.

  1. Namoz o‘z egasiga dunyo va oxiratda nur bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bu borada shunday marhamat qilganlar:

"مَنْ حَافَظَ عَلَيْهَا كَانَتْ لَهُ نُورًا وَبُرْهَانًا وَنَجَاةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ لَمْ يُحَافِظْ عَلَيْهَا لَمْ يَكُنْ لَهُ نُورٌ وَلاَ بُرْهَانٌ وَلاَ نَجَاةٌ"

(رواه الإمامُ أحمدُ عن عبد اللَّه ابن عمر رضى الله عنهما)

ya’ni: “Kim namozni o‘z vaqtida o‘qisa, qiyomat kuni namoz u kishi uchun nur, hujjat va najot bo‘ladi. Kim namozni o‘qimasa, qiyomat kuni u kishi uchun nur, hujjat va najot bo‘lmaydi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

  1. Besh vaqt namoz uchun ellik mahal namozning savobi beriladi. Ma’lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo biz ummatlarga ellik vaqt namoz o‘qishni farz qildi. Suyukli va mehribon Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namozni bir necha marta qisqartirilishini Alloh taolodan so‘rab, oxiri besh mahalga tushirdilar. Shunda Alloh taolo Rasulullohga shunday dedi:

يا مُحَمَّدُ، إنَّهُنَّ خَمْسُ صَلَواتٍ كُلَّ يَومٍ ولَيْلَةٍ، لِكُلِّ صَلاةٍ عَشْرٌ، فَذلكَ خَمْسُونَ صَلاةً

(رواه الإمامُ أحمدُ والإمام الترميذي عن أنس رضى الله عنه)

ya’ni: “Ey, Muhammad, albatta, har kechayu kunduzda besh mahal namoz bor. Har bir namoz uchun o‘nta namozning savobi beriladi. Shunda go‘yo ellik mahal namoz o‘qilgan bo‘ladi (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyatlari).  

Demak, besh vaqt namoz o‘qisak, Alloh taolo bizga ellik vaqt namoz o‘qiganning ajrini berar ekan.

Ayniqsa, har birimiz imkon qadar namozlarimizni masjidlarda jamoat bilan ado etishga odatlansak, juda katta ajr va mukofotlarga erishamiz. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

" صَلَاةُ اَلْجَمَاعَةِ أَفْضَلُ مِنْ صَلَاةِ اَلْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِينَ دَرَجَةً "

(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)

ya’ni: “Jamoat namozi yolg‘iz (o‘qigan)ning namozidan yigirma yetti daraja afzaldir” (Muttafaqun alayh).

Yana boshqa bir hadislarida shunday deganlar:

"مَنْ تَطَهّرَ فِي بَيْتِهِ ثُمّ مَشَىَ إِلَى بَيْتٍ مِنْ بُيُوتِ الله، لِيَقْضِيَ فَرِيضَةً مِنْ فَرَائِضِ الله، كَانَتْ خَطْوَتَاهُ إِحْدَاهُمَا تَحُطّ خَطِيئَةً، وَالأُخْرَى تَرْفَعُ دَرَجَةً"

 (رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضى الله عنه)

ya’ni: “Kim uyida tahorat qilib, so‘ng Allohning farzlaridan bir farzni ado qilish maqsadida Allohning uylaridan bir uyga (masjidga) qarab yursa, har bir qadam tashlaganda unga savob yozilishi bilan birga xatolari ham o‘chirilib boradi”  (Imom Muslim rivoyatlari).

"مَنْ صَلَّى العِشَاءَ فِي جَمَاعَةٍ، فَكَأنَّمَا قَامَ نِصْفَ اللَّيْلِ، وَمَنْ صَلَّى الصُّبْحَ في جَمَاعَةٍ، فَكَأنَّمَا صَلَّى اللَّيْلَ كُلَّهُ"

 (رواه الإمامُ الترمذي عن عثمانَ بنِ عفانَ رضي الله عنه)

ya’ni: “Kimki xufton namozini jamoat bilan ado etsa, go‘yo tunning yarmini qoim qilibdi. Agar bomdod namozini ham jamoat bilan ado qilsa, tun bo‘yi qoim bo‘lgan kabidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Dinimizda farz namozlaridan tashqari sunnat va nafl ibodatlarga ham alohida urg‘u berilgan. Zero, nafl ibodatlar Haq subhanahu va taoloning huzuridagi martabamizni ko‘tarilishiga hamda farz namozlarimizning kamchiliklarini to‘ldirishda yordamchi bo‘ladi. Xususan, farzlardan avval va keyin o‘qiladigan sunnatlarning fazilatlari juda ko‘pdir. Jumladan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"مَنْ صَلَّى فِي يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ رَكْعَةً بُنِيَ لَهُ بَيْتٌ فِي الْجَنَّةِ: أَرْبَعًا قَبْلَ الظُّهْرِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَهَا، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْمَغْرِبِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْعِشَاءِ، وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ صَلَاةِ الْفَجْرِ"

 (رواه الامام الترمذي عن أم حبيبة رضي الله عنها)

ya’ni: “Kim bir kecha va kunduzda (farzdan tashqari) o‘n ikki rakat namoz o‘qisa, unga jannatdan uy quriladi. Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak’at. Shomdan keyin ikki rak’at, Xuftondan keyin ikki rak’at. Bomdoddan oldin ikki rak’at” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bu hadisni eshitgan Ummu Habiba  raziyallohu anhu onamiz: “Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman”, – deganlar.

Hanafiy mazhabimizda ushbu rivoyatni, to‘lig‘icha hayotga tatbiq qilingan. Ushbu hadisda farz namozlariga tobe’ sunnatlarni doimiy ravishda o‘qib borishga qattiq targ‘ib va ulkan va’da bor. Bu va’da – jannatda ushbu namozlar uchun mukofot tariqasida Alloh taolo tomonidan qurib beriladigan alohida uy (qasr)dir. Shuning uchun ham Ummu Habiba onamiz, ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qoldirmay ado qilganlar.

Yana bir muhim jihat hanafiy mazhabimizda farzdan keyingi sunnatlarni farzning izidan darhol o‘qiladi. Faqat hadisi sharifga muvofiq ularning o‘rtasi quyidagi kalimalar bilan bo‘linadi. Savbon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam farz namozni tugatganlarida uch marta “Astag‘firulloh”der edilar va:

اللَّهُمَّ أَنْت السَّلَام، ومنك السَّلَام، تَبَارَكت ذَا الْجلَالِ وَالْإِكْرَام

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: “Ey, Alloh, sen Salom (salomatlik beruvchi)san, salom (ya’ni, salomatlik) sendandir, sen muborak bo‘lding, ey, jalol va ikrom egasi!” (Imom Muslim rivoyatlari).

Yuqoridagi ma’lumotlarga binoan, farzlardan keyingi sunnatlarni masjidda o‘qish sunnatga zid emasligi va mazhabimiz qonun-qoidalariga muvofiq kelishini ta’kidlash lozim.

Hurmatli azizlar! Ma’ruzamizning davomida Ahli sunna val jamoaning eng buyuk imomlaridan biri bo‘lmish Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatulloh alayh haqlarida suhbatlashamiz. Sababi, hozirgi kunda bu ulug‘ zotni yaxshi tanimasdan u zotga nisbatan nojo‘ya so‘zlarni aytayotgan sayoz bilimli kishilar ko‘paymoqda.  Bu zotning Islom olamidagi o‘rinlarini bilish uchun u zotni hayotlari va ijodlari bilan yaqindan tanishish kerak bo‘ladi.

Faqih, mutakallim, mufassir, usulul-fiqh olimi, Ahli sunna val jamoaning shayxi Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy rahmatulloh alayh taxminan hijriy 248 yillarda Samarqandda tug‘ilib, 333 h.yilda vafot etganlar. Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn qilinganlar. Islom dinining oltin asrlarida yashaganlar (ya’ni, 3-4 hijriy asrlar, Abbosiylar xalifaligi davri, Movarounnahrda Somoniylar hukmronligi yillari). U kishi Hanafiy mazhabida bo‘lib, arab tilida ijod qilganlar. Kamoliddin Qozi Bayzoviy Imom Moturidiyning nasabi mashhur sahobiy Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuga borib taqalishini aytib o‘tganlar. Imom Moturidiy “Hidoyat imomi”, “Hidoyat bayrog‘i”, “Musulmonlar aqidasini to‘g‘rilovchi” kabi bir qancha nomlar bilan mashhur bo‘lganlar. U zot bir qancha kitoblar ta’lif qilganlar, bizgacha asosan uchta kitoblari yetib kelgan: “Kitabut-tavhid”, “Ta’vilotu ahli sunna” (bu ikkisi chop etilgan, o‘rganilgan), “Kitabul maqolot” (qo‘lyozmasi bor). Aksariyat mashhur Hanafiy ulamolar aqida bobida u kishining yo‘lidan yurishgan.

   Imom Abu Mansur Moturidiy – Ahli sunna val jamoa e’tiqodini naqliy va aqliy dalillar bilan sharhlashda Islom olamida nom qozongan zotlardan biri. Turli botil aqidaviy firqalar ko‘payganda u zot sahobalar, tobe’inlar va zamondoshlari bo‘lgan taba tobe’inlarning sog‘lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar. U zot va shogirdlari aqidaviy maktab (yo‘nalish) tashkil qilishdi va u Moturidiya aqidaviy mazhabi deb ataldi. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko‘p foydalanganlar. Shu sababli bu aqida maktabi izdoshlarining ko‘pchiligi hanafiylardir. Hozirgi kunda dunyo musulmonlar ommasining yarmidan ko‘pi Moturidiya aqidaviy yo‘nalishiga ergashadilar. Qolgan yarmi esa, Imom Abul Hasan al-Ash’ariy aqida mazhabiga ergashadilar va ikki mazhab bir butun bo‘lib, Ahli sunna val jamoani tashkil etadi.  

   Imom Abu Mansur Moturidiyning eng mashhur ustozlari quyidagi ulamolardir:

  1. Abu Nasr Iyoziy. U zot o‘z davrining yetuk olimi bo‘lgan.
  2. Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy.

Usul va furu’ ilmlarini o‘zida jamlagan va turli ilmlarda mohir bo‘lgan olim edilar.

  1. Muhammad ibn Muqotil Roziy. Ra’y shahrining qozisi.
  2. Nusayr ibn Yahyo.

   E’tiborli joyi shundaki, Imom Abu Mansur Moturidiy ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog‘lanadilar. Yuqorida sanalgan to‘rtta ustozlaridan Muhammad ibn Muqotil, Imom Muhammadning shogirdi Abu Mutiy’ Hakam ibn Abdulloh Balxiydan dars olganlar. Qolgan uchta ustozlari ham Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlarning shogirdi bo‘lgan Abu Sulaymon ibn Muso ibn Sulaymon Juzjoniydan dars olganlar.

   Bu ustoz-shogirdlar silsilasi bizga Imom Moturidiyning barcha ustozlari Ahli sunna va jamoa ulamolari bo‘lgani va Islom ummati e’tirof qilgan, bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga juda yaqin bo‘lganini ko‘rsatadi.

Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ash’ariy Ahli sunnatning aqoid bobida imomi ekanlari haqida ko‘p ulamolar ta’kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar: 

المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي

ya’ni: “(Ahli sunna so‘zidagi) Sunnatdan maqsad – ahli sunna val jamoa imomlari Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo‘ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).

Mashhur muhaddis olim Murtazo Zubaydiy rahmatullohi alayh aytadilar:

"إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم الأشاعرة والماتريدية"

ya’ni: “Agar hech qanday qaydlarsiz “Ahli sunna val jamoa” deyilsa Ash’ariylar va Moturidiylar tushiniladi” (“Ithafu saadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).

    Alloma Toshkubrozoda aytadilar:

ثم اعلم أن رئيس أهل السنة والجماعة في علم الكلام - يعني العقائد - رجلان، أحدهما حنفي والآخر شافعي، أما الحنفي فهو أبو منصور محمد بن محمود الماتريدي، إمام الهدى... وأما الآخر الشافعي فهو شيخ السنة ورئيس الجماعة إمام المتكلمين وناصر سنة سيد المرسلين والذاب عن الدين والساعي في حفظ عقائد المسلمين، أبو الحسن الأشعري البصري

ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, Ahli sunna val jamoaning  kalom ilmi (ya’ni, aqoid)dagi raislari ikki kishidir: Birlari hanafiy, boshqalari shofe’iy mazhabida. Hanafiylari Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Moturidiy bo‘lib,  u zot “Imomul Huda” – "Hidoyat imomi" degan nom qozongan. Shofe’iylari “Sunnat shayxi”, “Jamoat raisi”, “Mutakallimlar imomi”, “Payg‘ambarlar sayyidi sunnatlariga yordam beruvchi”, “Din himoyachisi”, “Musulmonlar aqidasini saqlashga harakat qiluvchi” Abul Hasan Ash’ariy Basriydir” (“Miftahus saoda” kitobi).

     Imom Muhammad Zohid Kavsariy aytadilar:

"فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى،

وغالب ما وقع بين هذين الإمامين من الخلاف من قبيل الخلاف اللفظي

ya’ni: “Imom Ash’ariy va Imom Moturidiy mashriqu va mag‘ribda Ahli sunna val jamoa imomlaridir. Ularning ko‘p sonli kitoblari bor. Ular o‘rtasidagi aksariyat ixtiloflar lafziydir”.

Xulosa, Imom Moturidiyning ilmiy salohiyati juda yuqori bo‘lib, barcha ulamolar bir ovozdan Ahli sunna val jamoaning imomi deb e’tirof etishgan. U zot dinimizning sof manbalari sahobalar, tobe’inlar va taba tobe’inlarga juda yaqin davrda yashashgan va ularning ilmlaridan barakali foydalanganlar.

Joriy yil 3-5 mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu xalqaro konferensiyadan maqsad Buyuk ajdodimiz, Islom olamining faxri Imom Moturidiy rahmatulloh alayhning ilmiy meroslarini yanada chuqur o‘rganish, moturidiylik yo‘nalishining buzg‘unchi oqimlarga qarshi mohiyatini ochib berish hamda O‘zbekistonning “Buyuk allomalar yurti” sifatidagi tarixiy maqomini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga qaratilgan.

Konferensiyada Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib hafizahulloh, shuningdek, dunyoning turli mamlakatlaridan ko‘zga ko‘ringan ulamolar ishtirok etishi kutilmoqda.

Alloh taolo Imom Abu Mansur Moturidiy hazratlarini O‘z rahmatiga olsin! U zotning ilmiy meroslarini o‘rganishni avvalo o‘zimizga va avlodlarimizga nasib etsin! Zirriyotlarimizdan bu zotga o‘xshagan “Imamul huda” – Hidoyat imomlarini chiqishini nasib aylasin!   

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “JANNAT ONALAR OYOG‘I OSTIDA mavzusida bo‘ladi.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   31728   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA