Islom dini asoslari bo‘lmish Qur’oni karim oyatlari va Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida inson hayotiga tajovuz etish, o‘zini o‘zi o‘ldirish qat’iyan man etiladi. Hayot Alloh taolo tomonidan insonga topshirilgan imkoniyat va mas’uliyatdir.
Alloh taolo “Zoriyat” surasida inson va jinlarni: “Jin va insonlarni faqatgina O‘zimga ibodat qilishlari uchun yaratdim”, deya marhamat qilgan. Ushbu oyat insonning yaratilish sababi uni yaratgan Robbga ibodat qilishi ekanini ko‘rsatmoqda. Ammo ba’zi adashgan jihodchilar Qur’oni karim va hadisi shariflarni shu darajada buzib talqin qiladilarki, ularni tinglagan kishi inson go‘yo “shahidlik” uchun yaratilgan ekan, degan fikrga keladi.
Islom ta’limotida dini, joni, moli, oila ahli himoyasi yo‘lida o‘ldirilgan kishini shahid deyiladi. Hadislarda biror falokat tufayli vafot etgan kishi ham shahid hukmida bo‘lishi bayon etilgan. Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Shahidlar – Alloh yo‘lida qatl qilingan kishidan tashqari ham yettitadir. Vabo, qorin og‘rig‘i, suvga g‘arq bo‘lish, devor ostida qolish, zotiljam (o‘pka yallig‘lanishi), kuyish va tug‘ruqdan (yoki ichidagi homilasi bilan) vafot etganlarni sanab o‘tdilar” (Imom Molik Jobir ibn Atikdan rivoyat qilgan).
Molini bosqinchi va qaroqchidan himoya qilib, o‘ldirilgan kishi ham oxirat shahidlaridan sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir”– deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yong‘inda o‘lgan kishi ham shahidlardan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlarni sanagan bir hadislarida: “Yong‘in(da o‘lgan) shahiddir”, deganlar (Imom Molik rivoyati).
Shuningdek, dini, joni, ahli-oilasi himoyasida o‘ldirilgan kishi ham shahid sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir, kim qonini (jonini) himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir, kim dinini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir, kim ahlini himoya qili o‘ldirilsa, u shahiddir”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Hozirda ba’zi adashgan oqimlar “shahidlik” tushunchasini juda tor doirada tushuntirmoqchi bo‘lishadi. Ular bu iborani o‘z manfaatlariga burib, go‘yoki kishi faqat urushda o‘lsa, shahid bo‘ladi, deydilar. Vaholanki, ularning qilib turgan bu ishlari jihod emas, balki katta fitna ekani aniq. Fitnaga aralashib o‘lgan odam qanday qilib shahid bo‘lsin?! Tinch-totuv yashab turgan musulmon davlatda fitna chiqarib, urush chiqarilsa, bu jihod bo‘ladimi, unda o‘lgan inson aslo shahid bo‘lmaydi.
Bu haqda Suriyada yashagan, o‘sha xududlarda sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lgan rabboniy olim Muhammad Said Ramazon Butiy urushning ilk kunidayoq Suriyadagi tartibsizliklar aslo shar’iy jihod emasligini, u yerda urushda o‘layotganlar shahid emasligini aytib butun dunyoga jar solgan edilar.
Shayx Butiy o‘z ma’ruzalarida jumladan shunday degan edilar: “Ey insonlar, ey yoshlar! Hozir Suriyada bo‘layotgan hodisalar tashqarida tuzilgan reja asosida amalga oshirilmoqda. Biz bu reja tuzayotganlarning kimligini ham, ular bu rejalari bilan qanday maqsadlarni ko‘zlaganlarini ham bilmaymiz. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim noma’lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa bas u johiliyat o‘limini topibdi”, deb aytganlar. Ya’ni, kimki noma’lum bayroq ostida, uni kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va bu yo‘lda o‘lsa u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi”.
Bugungi kunda e’tibor qilsak, Suriya bo‘ylab hukumat armiyasi, mo‘tadil musulmonlar, radikal kayfiyatdagi “jihodchilar”, kurd ko‘ngilli askarlari, g‘arbparast guruhlar va bundan tashqari adashgan oqim vakillari o‘rtasida ayovsiz urush olib borilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, bunday qarama-qarshi guruhlarning soni yuzdan ortiq. Ular orasida o‘zaro ittifoq tuzganlari va umuman, o‘z holicha kurash olib borayotganlari ham ko‘p. Har qanday sog‘lom fikrli inson hech qachon dinini, jonini va eng muhimi oxiratini bu kabi xatarlarga qo‘ymaydi.
Bunday fitnalar urchigan davrda musulmon inson hushyor bo‘lishi, o‘zini chetga olishga buyurilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Albatta, kelajakda ko‘p fitnalar bo‘ladi. U vaqtda (jim) o‘tiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni o‘ziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh bo‘ladigan joy topsa, o‘shani lozim tutsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Terrorchi tashkilotlar yetakchilarining targ‘ibotlarini eshitib yurgan ayrim yoshlar, afsuski, unday kimsalarning gaplariga aldanib qolmoqda. Ayniqsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar nazarda tutilgan oyatlarni o‘zlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tatbiq etib, oyatdan ko‘zlangan asl ma’noni o‘zgartirmoqda.
Bunday buzg‘unchi toifalar hozirga qadar duch kelayotgan inqirozlar va mag‘lubiyatlarini yashirish uchun “Ahdga vafo qiladigan vaqt keldi”, “Shahid bo‘ladigan davr keldi”, “Endi biz g‘alaba qozanamiz” kabi soxta shiorlarni takrorlashdan nariga o‘tmayapti. Chunki, ayni damlarda ularga g‘arazli maqsadlarga erishish uchun “tirik qalqon” juda ham zarur. Sho‘rpeshona aldanganlar esa ularga hokimiyatni egallaguncha kerak, keyin ulardan voz kechadi, yuz o‘giradi.
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.
Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati