Insonning baxtu kamoli, jamiyatda qanday maqomga ega bo‘lishi ko‘p jihatdan oilaga, undagi ma’naviy muhit barqarorligiga bog‘liq. Lekin yuz berayotgan oilaviy ajrimlar tufayli ota mehridan benasib voyaga yetayotgan farzandlar ham, afsuski, ko‘payib bormoqda.
Oilaviy ajrimdan, avvalo, ayol, voyaga yetmagan bola aziyat chekmoqda. Ayrim hollarda oiladagi turli kelishmovchiliklar tufayli yosh oila parokanda bo‘lib, afsuski, norasidalarning moddiy ta’minoti, ruhiyati, tarbiyasi, taqdiri, kelajagi savol ostida qolmoqda.
Ajrimlarning oldini olish, oilani mustahkamlashga targ‘ib qilishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning shar’iy nikohni noqonuniy bo‘lishiga sababchi bo‘lishlari yanada achinarli holatdir. Shar’iy nikohni belgilangan tartiblarga zid ravishda norasmiy shaxs tomonidan o‘qilishi esa ushbu nikohni noqonuniy bo‘lishiga olib keladi.
Bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan amaliy va targ‘ibot ishlariga qaramay, noqonuniy nikohlar uchrab turibdi.
Hozirgi kunda joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda odamlar orasida «mulla» yoki «domla» deb tanilgan kimsalar mana shunday ishlarga qo‘l yorayotganlari kuzatilmoqda. Masalani chuqurroq o‘rganib, tahlil qilsak, bu ishlar juda xato ekaniga amin bo‘lamiz.
Chalasavod, ya’ni diniy va dunyoviy ilmlarni egallamagan, tegishli hujjat – shahodatnomasi yo‘q, o‘zini o‘zi «domla» deb nomlab, shar’iy hukmlarni bilmagan, hatto, oddiy shar’iy masalalarni ham anglamaydigan kishi qanday qilib, shar’iy nikoh o‘qish kabi mas’uliyatli ishga qo‘l urushi mumkin.
Mana shunday norasmiy shaxslar o‘zboshimchalik bilan nikoh shartlariga amal qilmay, so‘rab-surishtirmay, tibbiy ko‘rik xulosasi va FHDYO bo‘limlari guvohnomasini olmagan, yana achinarlisi, nikoh yoshiga ham to‘lmagan yoshlarning nikohlarini o‘qishi oqibatida turli salbiy holatlar yuz bermoqda.
Masalan, ona va bola salomatligiga jiddiy ziyon yetmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga shikoyat qilinayotgan oilaviy masalalarni tahlil qilinsa, aksar holda FHDYO ro‘yxatidan o‘tmagan oilalarda ajrim ko‘pligi va bunday hollarda ayollar o‘z huquqlarini himoya qila olmayotganlari ma’lum bo‘lmoqda. Natijada, oilalar parokanda bo‘lib, bolalar tirik yetim bo‘lish kabi noxush holatlar yuzaga kelmoqda.
Hozirgi kunda, shar’iy nikoh o‘qishga loyiq bo‘lmagan, norasmiy kishilar tomonidan nikoh o‘qilishi yuqoridagi bir qancha muammolarga sabab bo‘layotgani uchun bunday shaxslarga javobgarlik qo‘llanmoqda. Agar noqonuniy nikoh o‘qishga chora ko‘rilmas ekan, juda ko‘pchilik oilalar bunday o‘zboshimchalikdan zarar ko‘rishi aniq.
Shar’iy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan Fuqarolik holati bo‘yicha dalolatnoma yozish guvohnomasi bo‘lishini ham muhim shartlardan biri deb e’tirof qilish o‘rinlidir. Norasmiy kishilarning ushbu guvohnomani surishtirmay nikoh o‘qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo‘lsa, rasmiy imomlarning bunday guvohnomani so‘rab, so‘ng nikoh o‘qishlari yosh oilaning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Shar’iy nikohdan o‘tish odoblari” haqidagi fatvosida nikoh marosimi diyorimizda qadimdan milliy va diniy udumlar asosida amalga oshirib kelingani bayon qilingan. Shar’iy nikohdan o‘tish uchun kelin-kuyovlardan talab qilinadigan shart va odoblar bor.
Hanafiy mazhabi mo‘tabar manbalaridan «Durrul muxtor» kitobining «Nikoh fasli»da bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog‘ki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma’lum muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.
Shunday ekan, mamlakatimizda oila davlat va jamiyat himoyasida. Binobarin, uni mustahkamlash har bir fuqaro, ayniqsa, mas’ul lavozimda o‘tirgan shaxslar zimmasidagi eng muhim vazifadir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati