Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Shar’iy nikoh noqonuniy bo‘lmasin!

18.02.2020   8183   4 min.
Shar’iy nikoh noqonuniy bo‘lmasin!

Insonning baxtu kamoli, jamiyatda qanday maqomga ega bo‘lishi ko‘p jihatdan oilaga, undagi ma’naviy muhit barqarorligiga bog‘liq. Lekin yuz berayotgan oilaviy ajrimlar tufayli ota mehridan benasib voyaga yetayotgan farzandlar ham, afsuski, ko‘payib bormoqda.

Oilaviy ajrimdan, avvalo, ayol, voyaga yetmagan bola aziyat chekmoqda. Ayrim hollarda oiladagi turli kelishmovchiliklar tufayli yosh oila parokanda bo‘lib, afsuski, norasidalarning moddiy ta’minoti, ruhiyati, tarbiyasi, taqdiri, kelajagi savol  ostida qolmoqda.

Ajrimlarning oldini olish, oilani mustahkamlashga targ‘ib qilishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning shar’iy nikohni noqonuniy bo‘lishiga sababchi bo‘lishlari yanada achinarli holatdir. Shar’iy nikohni belgilangan tartiblarga zid ravishda norasmiy shaxs tomonidan o‘qilishi esa ushbu nikohni noqonuniy bo‘lishiga olib keladi.

Bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan amaliy va targ‘ibot ishlariga qaramay, noqonuniy nikohlar uchrab turibdi.

Hozirgi kunda joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda odamlar orasida «mulla» yoki «domla» deb tanilgan kimsalar mana shunday ishlarga qo‘l yorayotganlari kuzatilmoqda. Masalani chuqurroq o‘rganib, tahlil qilsak, bu ishlar juda xato ekaniga amin bo‘lamiz.

Chalasavod, ya’ni diniy va dunyoviy ilmlarni egallamagan, tegishli hujjat – shahodatnomasi yo‘q, o‘zini o‘zi «domla» deb nomlab, shar’iy hukmlarni bilmagan, hatto, oddiy shar’iy masalalarni ham anglamaydigan kishi qanday qilib, shar’iy nikoh o‘qish kabi mas’uliyatli ishga qo‘l urushi mumkin.

Mana shunday norasmiy shaxslar o‘zboshimchalik bilan nikoh shartlariga amal qilmay, so‘rab-surishtirmay, tibbiy ko‘rik xulosasi va FHDYO bo‘limlari guvohnomasini olmagan, yana achinarlisi, nikoh yoshiga ham to‘lmagan yoshlarning nikohlarini o‘qishi oqibatida turli salbiy holatlar yuz bermoqda.

Masalan, ona va bola salomatligiga jiddiy ziyon yetmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga shikoyat qilinayotgan oilaviy masalalarni tahlil qilinsa, aksar holda FHDYO ro‘yxatidan o‘tmagan oilalarda ajrim ko‘pligi va bunday hollarda ayollar o‘z huquqlarini himoya qila olmayotganlari ma’lum bo‘lmoqda. Natijada, oilalar parokanda bo‘lib, bolalar tirik yetim bo‘lish kabi noxush holatlar yuzaga kelmoqda.

Hozirgi kunda, shar’iy nikoh o‘qishga loyiq bo‘lmagan, norasmiy kishilar tomonidan nikoh o‘qilishi yuqoridagi bir qancha muammolarga sabab bo‘layotgani uchun bunday shaxslarga javobgarlik qo‘llanmoqda. Agar noqonuniy nikoh o‘qishga chora ko‘rilmas ekan, juda ko‘pchilik oilalar bunday o‘zboshimchalikdan zarar ko‘rishi aniq.

Shar’iy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan  Fuqarolik holati bo‘yicha dalolatnoma yozish guvohnomasi bo‘lishini ham muhim shartlardan biri deb e’tirof qilish o‘rinlidir. Norasmiy kishilarning ushbu guvohnomani surishtirmay nikoh o‘qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo‘lsa, rasmiy imomlarning bunday guvohnomani so‘rab, so‘ng nikoh o‘qishlari yosh oilaning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Shar’iy nikohdan o‘tish odoblari” haqidagi fatvosida nikoh marosimi diyorimizda qadimdan milliy va diniy udumlar asosida amalga oshirib kelingani bayon qilingan. Shar’iy nikohdan o‘tish uchun kelin-kuyovlardan talab qilinadigan shart va odoblar bor.

Hanafiy mazhabi mo‘tabar manbalaridan «Durrul muxtor» kitobining «Nikoh fasli»da bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog‘ki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma’lum muddatdan so‘ng kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshlarning birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”.

Shunday ekan, mamlakatimizda oila davlat va jamiyat himoyasida. Binobarin, uni mustahkamlash har bir fuqaro, ayniqsa, mas’ul lavozimda o‘tirgan shaxslar zimmasidagi eng muhim vazifadir.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malayziyalik talabalar O‘zbekiston haqida mediakontent yaratdi

04.09.2026   34633   2 min.
Malayziyalik talabalar O‘zbekiston haqida mediakontent yaratdi

Malayziyaning Universiti Teknologi MARA universiteti san’at, dizayn va media fakulteti talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat guruh O‘zbekiston bo‘ylab ijodiy safarini yakunlab, o‘z yurtiga qaytdi. Malakali suratkash va dizaynerlardan iborat 18 kishilik guruh 17–31 avgust kunlari mamlakatning boy tarixiy merosi va zamonaviy qiyofasini aks ettiruvchi “storytelling” uslubidagi professional foto va video kontent tayyorladi.

Safarning yakuniy va eng keng ko‘lamli qismi Toshkentda o‘tdi. Guruh faoliyatining markazida Islom sivilizatsiyasi markazi turdi: mehmonlar bu yerda maxsus ta’lim dasturi, media-festival, "Muzeydagi tun" ekskursiyasi va multimediali mapping-shou dasturlarida ishtirok etib, boy foto va video material tayyorladi.

Poytaxtda talabalar Hazrati Imom majmuasi — Baroqxon madrasasi va Qaffol Shoshiy maqbarasida hamda Zarqaynar hunarmandchilik ko‘chasida bo‘lib, milliy hunarmandchilik va an’analarni o‘z kontentlarida aks ettirdi.

Guruh, shuningdek, Amaliy san’at muzeyi, Amir Temur muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va Zamonaviy san’at muzeyiga tashrif buyurdi; Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, "Navro‘z" etnografik bog‘i hamda "Magic City" va "Tashkent City" kabi zamonaviy majmualarni suratga olib, Toshkentning tarixiy va zamonaviy qiyofasini yaxlit tarzda taqdim etdi.

Ma’lumot o‘rnida, mehmonlar safarini Xivadan boshlab, Buxoro va Samarqand shaharlarida ham bo‘ldi. Ular “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, Poyi Kalon, Registon maydoni, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi hamda “Konigil” sayyohlik qishlog‘i kabi maskanlarni suratga oldi.

Safar doirasida tayyorlangan materiallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok” va “YouTube” ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirilib, O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi va turistik salohiyatini xorijiy auditoriyaga zamonaviy media formatlarda tanishtirishga xizmat qiladi.

Loyiha, ayni vaqtda, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga ham hissa qo‘shdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari