Hanafiy va Molikiy mazhab ulamolari namozda rukudan avval va rukudan keyin yoki ikkinchi rakatning qiyomiga turganda qo'l ko'tarilmasligini aytadilar (buni raf'ul-yadayn masalasi ham deyiladi). Bu so'zlariga quyidagi hadisni dalil qiladilar.
Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oldimizga chiqib: “Nimaga sizlarning ikki qo'llaringizni qaysar otning dumiga o'xshab ko'tarayotganingizni ko'ryapman?! Namozda sokin turinglar” dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Asvaddan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Hattobning avvalgi takbirda ikki qo'lini ko'targanini ko'rdim.
Keyin buni qaytarmadi” (Imom Tahoviy rivoyati).
Imom Abu Ja'far Tahoviy aytadilar: “Aliy roziyallohu anhuning avvalgi takbirdan boshqa o'rinlarda qo'l ko'tarishni tark qilganlari sahihdir. Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan keyin bu ishni qilishlari, u kishining nazdida namozda qo'l ko'tarish hadisining nasxligi (bekor bo'lgani) sobit bo'lganligi sabablidir”.
Termiziy rivoyat qiladi: «Osim ibn Kulayb otasidan, u Alqamadan rivoyat qiladi: “Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadi: “Sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning namozlarini o'qib beraymi?” deb namoz o'qidi. Ikki qo'lini birinchi martada ko'targandan boshqa ko'tarmadi”».
Biz hanafiylar takbiri tahrimadan boshqa o'rinlardagi qo'l ko'tarishni nasx (hukmi bekor) bo'lgan deb aytamiz. Ma'lumki, agar ikkita sunnat bir-biriga qarama-qarshi kelib qolsa, bu borada sahobalarning so'zlari va amallari ustun qo'yiladi. Agar ularning so'zlari va amallari ixtilofli bo'lsa, qiyos ustun qo'yiladi. Bu masalada qiyos qo'lni ko'tarmaslikni taqozo qiladi. Chunki namozda a'zolar sokin va xushu'li bo'lishi kerak. Alloh taolo Mo''minun surasida shunday marhamat qiladi:
“Mo'minlar najot topdilar, ular
namozlarida xushu' qilgan zotlardir”.
Ellikka yaqin sahoba namozning boshida, ya'ni takbiri tahrimada qo'l ko'tarishni rivoyat qilgan. Ular rukuda va rukudan bosh ko'tarishda qo'lni ko'tarishni
rivoyat qilmaganlar. Ibn Abbos raziyallohu anhumoning hadisida: “Qo'llar faqat etti o'rinda ko'tariladi” deyilib, jumladan, namozga kirishish paytidagi qo'l ko'tarish ham aytilgan.
Demak, hukmi sunnat bo'lgan masalada ixtilof chiqarmaslik kerak. Bunday ixtilof chiqarish harom bo'lib, kishining gunohkor bo'lishiga sabab bo'ladi.
Buning ustiga, raf'ul yadayn qilmasdan o'qish haqida ham hadislar, sahoba va tobeinlarning sahih so'zlari
bor. Ularga amal qilish ham ayni sunnatga amal qilishdir.
Bahodir SUYuNBAYeV
Guliston shahar «Guliston»
masjidi imom-noibi
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati