Jahon adabiyotiga katta hissa qo‘shgan ko‘plab olimlarning so‘z boyligi o‘rganib chiqilgan. Masalan, rus shoiri A.S.Pushkin o‘z asarlarida 21.197 so‘zdan, Shekspir 20.000 so‘zdan, Servantes 18.000 so‘zdan, Abdulla To‘qay 14.000 so‘zdan, Abay esa 6000 so‘zdan foydalangan.
Shoirlar sultoni Alisher Navoiy so‘z ishlatish borasida ham tengi yo‘q shaxs bo‘lgan. Uning asarlarida, taxminan, 1.378.660 so‘z ishlatilgan. Birgina “G‘aroyib us-Sig‘ar”ning o‘zida 7669, “Farhod va Shirin”da 5431 so‘z turli ma’nolarda qo‘llanilgan. Navoiy avlodlari bo‘lgan Oybekning so‘z xazinasi 25.000, A.Qahhorniki esa 22.000 bo‘lgan.
* * *
Alisher Navoiy turkiy va forsiy tillarda go‘zal g‘azallar bitib, 15-16 yoshligida el orasida “zullisonayn” shoir (“ikki til egasi”) sifatida taniladi.
* * *
Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan. Shoir Xisrav Dehlaviydan qariyb 200 yil keyin 1483-1485 yillarda birinchi bo‘lib turkiy tilda 51 ming misradan ortiq besh dostondan tashkil topgan “Xamsa” asarini yozadi. Shoir bu ulug‘ asarning 2 yilda yozilganini ta’kidlab, agar boshqa ishlar xalaqit bermaganida uni 6 oyda yozib tugatishi mumkinligini, aslida bu besh dostonni yozishga ketgan vaqt “umumlashtirilsa 6 oydan oshmasligi”ni yozib qoldirgan.
Navoiyning “Xamsa” asari dunyodagi 64 tilga tarjima qilingan.
* * *
Bir kuni yosh Alisher mavlono Lutfiy huzuriga kelib o‘zining quyidagi:
Orazin yopqach ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,
O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh, – deb boshlanuvchi g‘azalini o‘qib beradi. Keksa shoir bu g‘azalni tinglab, undan nihoyatda xursand bo‘lib: “Agar imkoni bo‘lsa erdi, o‘zimning turkiy va forsiyda yozgan 10-12 ming misra she’rimni shu birgina g‘azalga almashgan bo‘lar edim...”, deydi.
T.Nizomov
tayyorladi.
“Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–275-son, 24.07.2026 y.) qabul qilindi, xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.
Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.
Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.
2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.
Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati