Aqidada adashmaylik!
الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي هَدَانَا لِهَٰذَا وَمَا كُنَّا لِنَهْتَدِيَ لَوْلَا أَنْ هَدَانَا اللَّهُ
وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رسوله محمد وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجمعين، أَمَّا بَعْدُ
Muhtaram jamoat! “Aqida” so‘zining o‘zagi lug‘atda “aqd” ya’ni “tugish”, “bog‘lash”, “mahkamlash” ma’nolarini anglatadi. “Aqida” so‘zining shar’iy atamasi esa “biror narsaga shak-shubhasiz darajada qat’iy ishonish”ga aytiladi. Demak, aqida qalbda sodir bo‘ladigan jarayon bo‘lib, u inson qalbidan ishongan, o‘zi uchun e’tiqod qilib olgan narsalarga aytiladi. Agar o‘sha qat’iy ishongan narsasi to‘g‘ri bo‘lsa, u to‘g‘ri aqida hisoblanadi. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, botil aqida sanaladi. Xuddi Ahli sunna val jamoa aqidasi – to‘g‘ri aqida va adashgan firqalar aqidasi esa – botil aqida deganga o‘xshab.
Aqida ilmi – oxiratda najot topishda ahamiyatli ekanligi sababli har bir kishi o‘rganishi vojib bo‘lgan ilmdir. Kimning aqidasi to‘g‘ri bo‘lsa, imoni to‘g‘ri bo‘ladi va oxiratda omonda bo‘ladi. Kimni aqidasi to‘g‘ri bo‘lmasa, buning aksi bo‘ladi.
Aqida ilmi inson hayotida odob-axloq, ibodat, oldi-berdi aloqalari va barcha ilmlardan muhimroq o‘rin tutadi. Chunki inson Islomni qabul qilgandan so‘ng, birinchi navbatda uning zimmasiga ibodatlarni o‘rganishdan ham avval aqida ilmini o‘rganish vojib bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuni Yaman ahliga elchi qilib yuborayotganlarida:
فليَكن أوَّل ما تدعوهم إليه أن يُوحدوا الله تعالى، فإذا عرَفوا ذلك، فأخْبِرهم أن الله فرَض عليهم خمس صلوات
(رواه الامام البخاري والامام الترمذي)
ya’ni: “Avvalo ularni Alloh taoloni bir deyishga chaqiring, qachon ular Allohni bir deb bilishsa, Alloh taolo ularga besh vaqt namozni farz qilganligini xabarini bering”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharif aqidani naqadar ahamiyatli ekaniga dalolat qiladi. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Yaman ahlini namoz o‘qish va boshqa amallarni bajarishga buyurishdan avval, ularning aqidasini to‘g‘rilashga buyurdilar.
Aqida ilmi eng sharafli ilm hisoblanadi. Zero aqida ilmi orqali eng ahamiyatli va eng ulug‘ ma’lumotlarga ega bo‘linadi. Demak, ma’lumotlarning zarurati va sharofatliligiga qarab, ilmning sharafli ekanligi ma’lum bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimning Muhammad surasida shunday marhamat qiladi:
فَاعْلَمْ أَنَّهُ لآ إِلَـٰهَ إِلاَّ اللَّهُ وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مُتَقَلَّبَكُمْ وَمَثْوَاكُم
ya’ni: “Bas, (ey, Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur” (19-oyat).
Ulamolarimiz mazkur oyati karimaning tafsirida shunday deydilar: “Ushbu oyatda Alloh taoloni yolg‘iz ekanini bilishga bo‘lgan buyruq istig‘for aytishga bo‘lgan buyruqdan oldin keltirilmoqda”. Bu esa Alloh taoloning yolg‘izligini bilish, ya’ni to‘g‘ri e’tiqodni shakllantirish qanchalar ahamiyatli ekaniga ishoradir. Shu sababdan ham Imom Shofeiy rahimahulloh: “Fiqhdan oldin aqida ilmiga buyurildik”, – deganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh esa: “Aqidada bilimdon bo‘lish fiqhiy ahkomlarda bilimdon bo‘lishdan afzalroqdir”, – deganlar.
Muhtaram azizlar! Eng avvalo, qalbda aqida asoslari o‘rnashmas ekan, shariat ahkomlarini bajarishdan foyda bo‘lmaydi. Zero, ulug‘ mashoyixlarimizdan So‘fi Olloyor aytganlaridek:
“Aqida bilmagan shaytona eldir,
Agar ming yil amal deb qilsa – yeldir”.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhning yo‘nalishlariga ko‘ra imon bu – til bilan iqror bo‘lish va qalb ila tasdiqlashdir. Quyidagilarga imon keltirish vojib: 1. Alloh taologa; 2. Uning farishtalariga; 3. Kitoblariga; 4. Nabiylariga; 5. Oxirat kuniga; 6. Qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekaniga; 7. O‘lgandan keyin qayta tirilish bor ekaniga.
Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning ta’kidlashlariga ko‘ra, amal imonning sharti hisoblanmaydi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimning juda ko‘p o‘rinda imonni alohida, amallarni alohida ajratib, shunday marhamat qiladi:
إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَآتَوُا الزَّكَاةَ لَهُمْ أَجْرُهُمْ عِنْدَ رَبِّهِمْ
وَلَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ
(سورة البقرة/277)
ya’ni: «Albatta, imon keltirgan, yaxshi ishlarni qilgan, namozni barkamol o‘qib, zakotni berganlar uchun Parvardigorlarining huzurida (maxsus) mukofotlari bordir…» (Baqara surasi 277-oyat).
Lekin shuni bilish kerakki, ulamolarimiz amalni imon shartlariga kiritishmagan bo‘lsalarda, imon taqozo qilgan shariat hukmlariga amal qilishni vojib deb bilganlar.
Qolaversa, ahli sunna va jamoa e’tiqodiga ko‘ra, agar biror kishi imon
keltirsa-yu, lekin amallarni to‘liq bajarmasa, u gunohkor mo‘min hisoblanadi va «ahli qibla» deya e’tirof etiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَّصُوحًا عَسَىٰ رَبُّكُمْ أَن يُكَفِّرَ عَنكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ
تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ
(سورة التحريم/8)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostida anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa!…”(Tahrim surasi 8-oyat).
Ushbu oyatda gunoh sodir etgan mo‘minlarga “Ey, imon keltirganlar” deya murojaat qilinishi gunoh qilish bilan kishi kofir bo‘lmasligiga yorqin dalildir.
Afsuski, hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarini tashvishga solib turgan, nizoli yurtlarda sodir etilayotgan qonli voqealarga sabablardan biri ham aqidaviy masalalarni to‘g‘ri anglamaslikdir. Masalan, amalni imonning shartlari qatoriga kiritish bilan Islom shariatida buyurilgan amallarni bajarmayotgan yoki dinda qaytarilgan ishlarni qilayotgan kishilarni kufrda ayblab, ularning qonini to‘kish va mollarini talon-taroj qilishni halol deyish avj olmoqda. Buning oqibatida islom olamida qanchadan-qancha hunrezliklar, musulmonlarning, xatto yosh go‘daklarning xalok bo‘lishi bilan bog‘liq ayanchli voqealar sodir etilmoqda.
Albatta, bu fitnalarning asosiy sabablardan biri – jaholat, islom aqidasini to‘g‘ri anglamaslikdir!
Muhtaram jamoat! Aqida – dinni asosidir. Insonlarning solih amallarini qabul bo‘lishi shirk va kufrdan holi bo‘lgan sog‘lom aqidaga bog‘liqdir. Agar kishining aqidasi to‘g‘ri bo‘lmasa, qilgan amallari bekor bo‘ladi. Bu borada Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
لَئِنْ أَشْرَكْتَ لَيَحْبَطَنَّ عَمَلُكَ وَلَتَكُونَنَّ مِنَ الْخَاسِرِينَ
(سورة الزمر/65)
ya’ni: “Qasamki, agar mushrik bo‘lsang, albatta, qilgan amaling behuda ketur va albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolursan!” (Zumar surasi 65-oyati).
Alloh taolo Qur’oni karimning An’om surasida esa shunday marhamat qiladi:
وَلَوْ أَشْرَكُوا لَحَبِطَ عَنْهُمْ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ
(سورة الأنعام/88)
ya’ni: “Agar mushrik bo‘lganlarida qilgan (savobli) amallari yo‘qqa chiqqan bo‘lur edi” (88-oyat).
To‘g‘ri aqidani o‘rganish insonni adashishdan, shirkdan va zalolatdan saqlaydi. aqidani bilmaslik esa insonning gumroh bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi. Ming afsuski, bugungi kunda ba’zan o‘tganlarni qabrini ziyorat qilish asnosida qabrdagilardan yordam so‘rash, qabrni tavof qilish, chiroq yoqish, daraxtlarga ip bog‘lash kabi xurofotlarni bajarish holatlariga guvoh bo‘lib qolamiz. Vaholanki, shariatimizda bu kabi amallardan qaytarilgan. Aslida qabrlar ziyoratidan Alloh taoloning roziligini, qalbni isloh etishni hamda o‘tganlarga duoyi xayrlar qilishni qasd qilinishi kerak.
Muhtaram jamoat! Hozirda Islom dini haqida bilimlarini oshirish maqsadida o‘qib-o‘rganayotgan, xususan internet tarmog‘idan foydalanayotgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa yoshlarning soni ortib borayotgani ma’lum. Bu quvonarli holat, albatta. Ammo ana shu saytlarning barchasida ham aqidaviy masalalarda Ahli sunna val jamoa aqidasiga muvofiq fikrlar berilmaydi.
Aksincha ming yildan beri musulmonlarni birlashtirgan sof aqida asoslari borasida oddiy insonlarni shubhaga solish va o‘zining buzuq aqidasini tiqishtirishga urinadi. Jumladan, soxta salafiylar tomonidan Alloh taoloni huddi inson kabi “joni bor”, “qo‘li bor”, “yuzi bor” deya da’volarni qilib, aslida tilni tiyishlikka chaqirilgan masalalarda chuqur ketmoqdalar. Bu bilan ular “mujassimalik” (Allohni jism, deb e’tiqod qilish), “mushabbihalik” (Allohni bandasiga o‘xshash, deb e’tiqod qilish) kabi soxta aqidalarni singdirishmoqda. Vaholanki, bundan ming yil avval o‘tgan imom Moturidiy kabi ulamolarimiz aynan o‘sha mujassimalarga, mushabbihalarga ilmiy asosda raddiyalar berib, Alloh taologa nisbatan bunday noto‘g‘ri e’tiqodda bo‘lish zalolat ekanini ta’kidlaganlar.
Hijriy uchinchi asrning oxiri va to‘rtinchi asrning boshlarida yashab o‘tgan buyuk muhaddis va faqih Imom Abu Ja’far Tahoviy rahimahulloh ham bu haqda ogohlantirib, shunday deganlar:
"وَمَنْ وَصَفَ اللَّهَ بِمَعْنًى مِنْ مَعَانِي الْبَشَرِ فَقَدْ كَفَرَ، فَمَنْ أَبْصَرَ هَذَا اعْتَبَرَ، وَعَنْ مِثْلِ قَوْلِ الْكُفَّارِ انْزَجَرَ، وَعَلِمَ أَنَّهُ بِصِفَاتِهِ لَيْسَ كَالْبَشَرِ"
ya’ni: “Kim Alloh taoloni insonlarga xos bo‘lgan biron ma’no bilan sifatlasa, shaksiz kofir bo‘ladi. Buni anglagan inson ibratlanadi va kofirlarning so‘ziga o‘xshash gap-so‘zlardan tiyiladi hamda Uning (Allohning) sifatlari insonlarniki kabi emasligini biladi” (manba: "Al-Aqida at-Tahoviya" kitobi).
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini Alloh taoloning sifatlari borasida g‘uluvga ketishdan qaytarib shunday deganlar:
تَفَكَّرُوا فِي خَلْقِ اللهِ، وَلَا تَفَكَّرُوا فِي اللهِ
(رَوَاهُ الامَامُ أَبُو نُعَيْم الإِصْبَهَانِيُّ فِي "حِلْيَةُ الأَوْلِيَاءِ" وَسَنَدُهُ حَسَنٌ)
ya’ni: “Allohning yaratgan mavjudotlari borasida tafakkur qiling, Allohning zoti haqida tafakkur qilmanglar”, – deganlar (Imom Abu Nuaym Isbahoniy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Hozirda paydo bo‘lgan ba’zi toifalar Payg‘ambar alayhissalom maqtagan avvalgi uch asrda yashab, ta’lim olib, ummatga peshqadamlik qilgan Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Ash’ariy kabi ulamolarimizdan xato izlash payida bo‘lmoqdalar. Vaholanki, necha asrlardan buyon musulmon olami bir ovozdan imom Abulhasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiyni Ahli sunna val jamoaning aqida bo‘yicha imomlari deb tan olganlar.
Imom Muhammad Zohid Kavsariy rahimahulloh aytadilar:
"فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى، وغالب ما وقع بين هذين الإمامين من الخلاف من قبيل الخلاف اللفظي
ya’ni: “Imom Ash’ariy va Imom Moturidiy — mashriqu mag‘ribda Ahli sunna val jamoa imomlaridir. Ularning ko‘p sonli kitoblari bor. Ular o‘rtasidagi farqli masalalar asosan lafziydir”.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bizga turli firqalar ko‘paygan paytda musulmonlarning katta jamoasini lozim tutishni ta’kidlab, shunday deydilar:
"فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ"
ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, katta jamoani lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Demak, hozirgi kungacha ham va hozirgi kunda ham katta jamoat – Imom Moturidiy va Imom Ash’ariylarning aqidada tutgan yo‘llari hamda fiqhda to‘rt mo‘tabar mazhab – hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliylarga muvofiq keladi. Mana shular Ahli sunna val jamoani tashkil etadi. Ahli sunna val jamoa ichida bulardan boshqa e’tiqodiy va fiqhiy mazhablar mavjud emas.
Alloh taolo barchalarimizni O‘zi rozi bo‘lgan haq yo‘lida bo‘lishimizga muvaffaq etib, aqidada adashishdan, turli firqalarga bo‘linishdan panohida asrasin!
Hurmatli azizlar! Ma’ruzamizning fiqhiy masalalar qismida tahoratdagi uchinchi farz bo‘lmish boshga mas'h tortish mavzusiga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.
“Mas'h” so‘zi “silash”, “tekkazish” ma’nolarini ifodalaydi. Tahoratda boshning to‘rtdan biriga mas'h tortish – farz, boshning hammasiga mas'h tortish esa – sunnatdir. Boshga mas'h tortish uchun ho‘llangan qo‘l bilan quloq va bo‘yinga ham mas'h tortiladi. Uni kayfiyati quyidagichadir:
Ikki kaftiga suv olib, to‘kib tashlaydi va qo‘llarining xo‘li bilan boshiga bir marta mas'h tortadi. Mas'hni boshning oldi tomonidan orqaga qarab tortadi, ko‘rsatgich barmog‘i bilan qulog‘ining ichiga va bosh barmog‘i bilan qulog‘ining ustiga, kaftining orqa tomoni bilan bo‘yinga mas'h tortadi;
Mas'h tortmasdan turib mas'h tortish uchun ho‘llangan qo‘l bilan bosh kiyim yechilmaydi, balki avval bosh kiyimni yechib, keyin qo‘l ho‘llanadi;
Bo‘yinga mas'h tortishda qo‘llar tomoqqacha yetib kelmasligi kerak, balki bo‘yinning ikki tomoniga qo‘l barmoqlarining orqa tomoni tekkiziladi xolos, pastga tortilmaydi.
Salla, do‘ppi va shu kabilarga mas'h tortilmaydi. Ular sochga suv yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Ayol kishi ro‘moliga mas'h tortmaydi. Ro‘mol tagiga mas'h tortadi. (“Fatovoi hindiyya” va “Fathu bobil inoya” kitoblaridan).
Alloh taolo ibodatlarimizni mukammal ado etishimizga O‘zi muvaffaq etsin! Omin!
Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.
Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.
Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.
Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati