Alisher Navoiy (1441-1501) – buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi. To‘liq ismi Nizomiddin Mir Alisher.
Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli o‘g‘li bilan ko‘kaldosh (emikdosh) bo‘lib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida bo‘lgan. Otasi G‘iyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan, mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi.
Alisher bolalik chog‘lari ko‘p kitob o‘qidi. Eski maktab, madrasada Qur’on suralari yod olinar, qiroat usullari o‘rgatilar zdi. Demak, Alisher bolalik chog‘laridanoq Qur’oni karimni yod oldi. Uning quvvai hofizasi juda kuchli edi. Shoir bolaligida Qur’ondan tashqari Fariduddin Attorning «Mantiqut tayr» dostonini ham yod olgan. Navoiy yigitlik chog‘lari 50 ming bayt g‘azalni yod bilgan.
Alisher Navoiy 10—12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning:
Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh
matla’li g‘azalini tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…» degan.
Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.
Navoiy yoshligidan Xurosonning bo‘lajak hukmdori Husayn Boyqaro (1469-1506) bilan do‘st bo‘lgan. Hayoti davomida Navoiy musulmon Sharqining turli mamlakatlarida bo‘ladi, o‘z davrining taniqli shaxslari bilan ko‘rishadi. O‘zining she’riy mahoratini oshiradi. 1464-1465 yillar Navoiy ijodining shinavandalari uning ilk she’riy to‘plamini (devonlari) tayyorlashadi.
1469 yil do‘sti temuriy Husayn Boyqaro Hirotni egallaydi va Xuroson hukmdori bo‘ladi. Shu vaqtdan e’tiboran, Navoiy hayotining yangi bosqichi boshlanadi. U mamlakatning siyosiy hayotida faol ishtirok etadi. Shu yili Xuroson hukmdori Navoiyni davlat muhrdori etib tayinlaydi, 1472 yil vazir bo‘ladi. Egallagan mansabi orqali u mamlakatning madaniy va ilmiy taraqqiyotida katta yordam ko‘rsatadi. Katta mulk egasiga aylanadi.
Xondamirning qayd qilishicha, 1480-yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki ta’mirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi «Ixlosiya», «Nizomiya» madrasalari, «Xalosiya» xonaqohi, «Shifoiya» tibgohi, Qur’on tilovat qiluvchilarga mo‘ljallangan «Dorul-huffoz» binosi, Marvdagi «Xusraviya» madrasasi, Mashhaddagi «Dorul-huffoz» xayriya binosi va boshqa noyob me’morlik yodgorliklari bor.
Saroy amaldorlariga Navoiyning bu kabi faoliyati yoqmaydi va turli fitnalar orqali Husayn Boyqaro bilan munosabatlarini buzishadi. Shunday qilib, Navoiy egallab turgan mansabidan ozod etilib, 1487 yil Astrobod shahriga hukmdor sifatida yuboriladi. Bu yerda u ikki yil xizmat qiladi. Mazkur muddat nihoyasiga yetgachgina, Husayn Boyqaro unga Hirotga qaytib, hokimiyatda mansabga ega bo‘lishiga ruhsat beradi. Lekin Navoiy bu taklifni rad etadi. Rad javobiga qaramay, Boyqaro sultonning yaqin kishisi lavozimini (“mukarrabi xazrati sultani”) taklif etadi. Bunday lavozimda Navoiy barcha davlat ishlari bilan bog‘liq ishlarda qaror qabul qilish huquqiga ega edi.
Shu vaqtdan Navoiy hayotining yangi bosqichi boshlanadi va u ko‘proq ijod bilan shug‘ullanadi. U yaratgan asarlarining katta qismi aynan shu davrga tegishli. Navoiy temuriylarning so‘nggi hukmronlik yillarida (1370-1506) yashab ijod qilgan. Shuning uchun uning asarlarida jamoat ruhi, davrga xos muhim muammolar ustundir. 1490-1501 yillar Navoiy eng nafis, ijtimoiy-falsafiy va ilmiy asarlarini yaratgan.
Alisher Navoiyning ijodi ulkan. Olti dostonining hajmi 60 000 ga yaqin misrani tashkil etadi. 1483-1485 yillar Navoiy o‘z ichiga besh dostonni olgan “Hamsa” asarini yaratgan: “Hayrat ul-Abror” (“Yaxshi kishilariing hayratlanishi”), “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” (“Yetti sayyora”), “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”).
Navoiyning “Hamsa”si mazkur janrda yaratilgan turkiy tildagi birinchi asar hisoblanadi. U – turkiy tilida ham bu kabi yirik ko‘lamdagi asar yaratilishi mumkinligini isbotlab berdi.
Alisher Navoiyning o‘zbek tilida yaratgan she’riy merosi asosan «Xazoyin ul-maoniy» devoniga jamlangan. Asar 4 qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga «G‘aroyib us-sig‘ar» («Bolalik g‘aroyibotlari»), ikkinchi qismiga «Navodir ush-shabob» («Yigitlik nodirotlari»), uchinchi qismiga «Badoye’ ul-vasat» («O‘rta yosh badialari») va nihoyat, to‘rtinchi qismiga «Favoyid ul-kibar» («Keksalik foydalari») degan nomlar berildi. «Xazoyin ul-maoniy» inson bolasining murakkab va yuksak tafakkuri hamda behisob his-tuyg‘ulari bilan bog‘liq minglarcha she’r va o‘nlarcha she’r turlarini o‘z ichiga olgan majmua bo‘lib, Sharq adabiyoti tarixida noyob hodisadir.
Navoiy forsiy tilida yozilgan o‘z she’rlarini “Devoni Foniy” nomi ostida jamlagan. Shuningdek, Navoiy fors tilidagi qasidalarini jamlab, “Sittai zaruriya” (“Olti zaruriyat”) va “Fusuli arbaa” (“Yilning to‘rt fasli”) nomli ikki to‘plam yaratadi.
Davlatshoh Samarqandiy Alisher Navoiyni “Mir Nizomiddin”, ya’ni “dinning nizomi – qonuni” deb bejiz ulug‘lamagan. Hazrat Navoiyning deyarli barcha asarlarida, xususan, “Xamsa” dostonlarining muqaddimalarida Allohga hamd, Payg‘ambarga na’t, munojot va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam madhining mavjudligiyoq bu fikrni tasdiqlaydi. “Arba’in” (“Qirq hadis”) – hadislarning she’riy tarjimasi bo‘lib, an’anaviy hamd va na’t bilan boshlanadi. Asar muqaddimasi – “Sababi ta’lifi manzuma”da Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiy sahih hadislardan 40 tasini tanlab olib, forsiy tilda “Arba’in” yaratganini, lekin turkiy kitobxon bu chashmadan bebahra ekanligini aytib, Jomiyning ruxsati bilan shu 40 hadisni turkiy tilga tarjima qilganligini yozadi.
Alisher Navoiyning “Nazmu-l-javohir” asari nasriy usulda yozilgan muqaddima va Hazrati Alining ikki yuz ellik besh raqam ostida tartiblangan arab tilidagi o‘gitlarining turkiy tilda ruboiy shaklida berilgan talqinidan iborat.
“Munojot” – Ollohga iltijo tarzida yaratilgan nasriy asar bo‘lib, “Hamd”, “Na’t” va “Munojot” deb atalgan uch qismni o‘z ichiga oladi. “Hamd”da Allohning buyukligi, abadiyligi haqida so‘z borsa, “Na’t”da Payg‘ambarimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam ta’riflari ketiriladi. Asarning “Munojot” qismi bevosita shoirning Allohdan najot so‘rab qilgan iltijolariga bag‘ishlangan.
Alisher Navoiyning “Nasoyimu-l-muhabbat” (to‘liq nomi “Nasoyimu-l-muhabbat min shamoyilu-l-futuvvat” – “Mardlik xushbo‘yliklarini taratuvchi muhabbat shabadalari”) asari 1495-96 yillarda yaratilgan bo‘lib, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns min hazarotu-l-quds” (“Do‘stlik tarovati”) asarining ijodiy tarjimasidir. Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asarida 616 ta shayx haqida ma’lumot keltirilgan. Hazrat Navoiy bu ma’lumotlarni qayta ishlab, to‘ldirib, shayxlar sonini 770 taga yetkazadi, ulardan 35 tasini avliyo ayollar tashkil etadi.
Bundan tashqari, u tarixiy mavzularda risolalar yaratgan: “Tarixi muluki A’jam” (“Eron shohlari tarixi”), “Tarixi anbiya va hukama” (“Payg‘ambarlar va donolar tarixi”). Badiiy maktublarini “Munshaat” to‘plamiga jamlagan. Alisher Navoiyning so‘nggi asari “Mahbub ul-qulub” (1500). Unda shoirning so‘nggi ijtimoiy va siyosiy qarashlari yoritilgan.
Alisher Navoiy butun hayoti davomida adabiy asarlarni siyosat bilan birlashtirgan. Yuqori mansabga ega shaxs bo‘la turib, u mamlakat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qo‘shgan; ilm, fan, san’at rivojiga homiylik qilgan; tinchlik va totuvlik hukmron surishiga doim harakat qilgan.
Manba: Fitrat.uz
Islom sivilizatsiyasi markazida nufuzli xalqaro anjuman doirasida tarixiy va madaniy ahamiyatga ega voqea yuz berdi. TURKSOY tomonidan Markazning Islom sivilizatsiyasi markazi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb e’tirof etildi. Sertifikat TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev tomonidan tantanali ravishda taqdim etildi. Bu e’tirof Markazning qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda yuqori baholanayotganidan dalolat beradi.
Shuningdek, TURKSOY nomidan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” 100 jildlik kitoblar to‘plami ham sertifikatga sazovor bo‘ldi. Bu kabi keng qamrovli nashr turk dunyosida ilk bor amalga oshirildi va “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” sifatida e’tirof etildi.
— Bugun biz TURKSOY xalqaro tashkiloti nomidan uchta sertifikat taqdim etdik. Birinchi sertifikatimiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamiga berildi. Ta’kidlash joizki, bu kabi keng qamrovli 100 jildlik nashr hozirgacha turk dunyosida amalga oshirilmagan. Bu, albatta, O‘zbekistonning katta tashabbusi bo‘ldi. Bugungi kunda Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston kabi davlatlar ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, turli hajmdagi — 20, 30, 40, 50 jildlik kitoblar nashr etmoqda. Shuning uchun biz ushbu to‘plamni turk dunyosidagi o‘ziga xos adabiy durdona sifatida e’tirof etib, “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” deb baholab, sertifikat taqdim etdik. Ikkinchi sertifikat esa Islom sivilizatsiyasi markaziga “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” nominatsiyasi bo‘yicha berildi. Buni TURKSOY ning yuksak e’tirofi, deb aytish mumkin. Shuningdek, mazkur muzey TURKSOYning Turk dunyosi muzeylari assotsiatsiyasiga ham qabul qilindi, - dedi TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev.
Anjumanda Turkiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron va Qozog‘istondan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etdi. Ular Temuriylar davri tarixi, siyosiy tizimi, shaharsozlik an’analari, ilm-fan va madaniyat rivoji bo‘yicha o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.
– TURKSOYning bu e’tirofi hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan qurilgan markazimizga berilgan munosib baho bo‘ldi deb o‘ylayman. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Islom sivilizatsiyasi markazining doimiy va ishonchli hamkorlaridan biri. Biz bu tashkilot bilan uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelamiz. Joriy yilda ham TURKSOY bilan hamkorlikda xalqaro yoshlar forumi, turkiy davlatlar hunarmandlari festvali singari bir qator tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldik, - dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Xorijiy ishtirokchilar ham Temuriylar merosining global ahamiyati, Yevropa va Osiyo sivilizatsiyalari o‘rtasidagi madaniy aloqalardagi o‘rni va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey va dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha sifatida e’tirof etilgan ushbu Markaz va nashrlar, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy rivojlanishidagi katta yutuq sifatida tarixda qoladi.
iccu.uz