FAOLIYAT. Erkak tavakkal qiladi, xatolarga yo‘l qo‘yadi, nimalarnidir kashf etadi, nimalargadir erishadi. Ayolning vazifasi esa ana shu erishilgan yutuq va evolyutsion muvaffaqiyatlarni asrab-avaylashdan iborat. Shu bois, ayollar ancha-muncha ikkilanuvchi va passiv hisoblanadi. Erkaklar ayollar singari bir paytning o‘zida bir necha ishni bajarolmaydilar. Ayollar xos gormoni bo‘lmish estrogen bosh miya yarim sharlari o‘rtasida ko‘plab bog‘lanishlarning hosil bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi. Bosh miya yarimsharlari (o‘ng va chap miya) o‘rtasida ularni yaxlit organ sifatida ishlashini ta’minlaydigan qism mavjud. Ayolda ushbu qism erkaknikiga nisbatan 30%ga qalin, ziyoddir. Demak, ayol miyasidagi operatsiyalar tez sodir bo‘ladi, shu bois ayol bir vaqtning o‘zida bir necha vazifani bajaradi: ovqat pishira turib bolasini kiyintiradi yoki beshik tebratadi, ko‘cha supurayotib qo‘shni ayol bilan suhbatlashadi, televizor ko‘rayotib kir yuvadi yoki tugma taqaydi, non, tuzga chiqib, albatta, kiyim yoki chinni do‘koniga kiradi va hokazo. Ayollar radio eshitish, lablarini bo‘yash, telefonda gaplashish kabi “mayda-chuyda”larning hammasini bir paytning o‘zida – birdaniga bajarib tashlayveradilar. Ayolning tez va ko‘p gapirishi, sasni yaxshi eshitishi, tashqi begilarni uzoq eslab qolishi, tilni o‘rganishga moyilligi ham “mozolistoye telo”ning qalinligi tufaylidir.
Erkak kishining miyasi esa faqat bir faoliyatni boshqarishgagina qodir. Uning bosh miyasi o‘ziga yoki asosiy kasb-koriga yaqin narsalarni o‘rganishga, yodlab qolishga moslashgan. Erkak televizor ko‘rayotganida yoki kitob o‘qiyotganida beshik tebratishi, oshxonadan o‘tayotganida qaynayotgan suvdan choy damlashi, cho‘milayotganida paypog‘i yoki ichki kiyimlarini yuvishi mumkinligini xayoliga ham keltirmaydi. Gazeta o‘qiyotgan yoki futbol ko‘rayotgan erkak xotinining kechagi ziyofatdan olgan taassurotlarini eshitolmaydi.
BILIM OLISH. Maktab partasida o‘g‘il bolalarga qaraganda a’lochi qizlar doimo ko‘proq bo‘lishadi. Ammo yuqori sinflarga kelgach, o‘g‘il bolalar bilim borasida qizlarni “quvib yetishadi” va o‘tib ham ketishadi. Bu, ma’lum vaqtga kelgach, qizlarning aqli susayadi, degani emas. Buning sababi – ayol ruhiyati bilan bog‘liq. Balog‘atga yaqinlashgan qiz bolaning dunyoqarash va qadriyatlari o‘zgara boshlaydi. U endi bilim olishdan ko‘ra, to‘plagan tajribalaridan unumli foydalanishni afzal bila boshlaydi. To‘g‘ri-da, o‘zi qiynalib bilim o‘rgangandan ko‘ra, bilimdon va “a’lochi” bolani o‘ziga “bo‘ysundirgani” tuzukroq emasmi? Shuning uchun qizlar gap-so‘z bilan bitadigan kasb-kor (o‘qituvchilik, kotibalik, hamshiralik va b.) tanlashi keng tarqalgan holdir, o‘g‘il bolalar esa, ulg‘aygani sayin bilim bilan birga, qo‘l mehnatini talab etadigan hunarni egallashga ham intilishadi. O‘g‘il bolalarning suhbat mavzulari yildan-yilga o‘zgarib borsa, ayollarda bu narsa unchalik sezilmaydi.
IQTISOD. Erkak pul to‘plashni, xotin esa sarflashni yoqtiradi. Ayol puldan foydalanishni xush ko‘rsa, erkak pulning o‘zini xush ko‘radi. Jamg‘arilgan mablag‘ erkak kishining o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Shunday bir naql bor: ayol chindan ham erini millioner va undan ham... battar qilishi mumkin. Agar eri – milliarder bo‘lsa.
GAP. Suhbat chog‘ida ayollar imo-ishora va mimikani ko‘proq ishlatishadi. Ular suhbatdoshni tinglashdan ko‘ra, tushunishga intiladilar. O‘z istaklarini sha’ma orqali izhor etishni yaxshi ko‘rishadi. Erkaklar esa to‘ppa-to‘g‘ri “maqsadga o‘tishadi”.
Ko‘p gapirish ko‘p narsalarni bilish alomati emas, kam gapirishga salohiyatning yo‘qligi deb qaramaslik lozim. Ayol tabiatan kishilararo munosabatlarni, muloqotni yoqtiradi, undagi maydagaplik, fisqu fasodga berilish ham shundandir. Erkak qo‘l mehnati, kuch bilan bajariladigan vazifalar, ishlar bilagini, fikrini, aqlini charxlashini biladi. U ko‘p gapirishdan ko‘p ter to‘kishni afzal ko‘radi. Agar qiz bolaga qo‘g‘irchoq sovg‘a qilsangiz, u qo‘g‘irchoqni kiyintiradi, sochini taraydi, allalaydi va u bilan tinmay gaplashadi, o‘g‘il bola esa uning ichida nima borligini bilish uchun qismlarga ajratadi, hatto uni suvga bosib o‘zining zo‘rligidan quvonadi.
Erkak kishining miyasi kunning oxirida barcha ma’lumotlarni qaytadan tahlil qilishga va zarurlarinigina saqlab qolib, qolganlarini unutishga qodir. Ayol bunday qilolmaydi. Ayol o‘z muammolari haqida qayg‘urishni bas qilish uchun... ularni birovga gapirib berishi kerak. Shuning uchun, ayol bir kunda 30 mingta so‘zni aytishga ehtiyojmand, erkakka esa 4 mingta so‘z ham yetib-ortadi. Ayol “o‘zini bosib olishi” uchun imkon qadar ko‘proq gapirgisi kelsa, erkakka tinchlik zarur bo‘ladi, xolos. Mazkur qonuniyat ko‘pincha o‘zaro tushunmovchilik va janjallarga sabab bo‘lishi – chatoq. Eng yomoni, ayol kishining gapirishga bo‘lgan ehtiyoji eng avj pallaga chiqqan payt – bu tun.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Ey ayollar jamoasi, sadaqa qilinglar, istig‘forni ko‘proq aytinglar. Albatta, men sizning do‘zax ahlining ko‘pi ekaningizni ko‘rdim”, dedilar. Ulardan bir gapga usta ayol:
“Ey Allohning Rasuli, bizga ne bo‘ldiki, do‘zax ahlining ko‘pi ekanmiz?” dedi.
“La’natni ko‘paytirasiz, erga kufr keltirasiz. Sizga o‘xshagan aqli va dini noqislarning aql egasi ustidan g‘olib bo‘lishini ko‘rmadim”, dedilar.
SIR SAQLASH. Erkaklar birovlarga o‘z sirini aytishdan ko‘ra, o‘zgalarning sirini saqlashni afzal biladilar. Ayollar esa buning g‘irt teskarisi. To‘g‘ri, ular sir saqlashadi. Biroq o‘sha sir kamida 10-12 kishi o‘rtasidagi “sir” bo‘ladi.
Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qiyomat kuni Allohning nazdida martabasi eng yomon odam ayoliga yaqinlik qilib, ayoli unga yaqin bo‘lgandan keyin sirini odamlarga yoyib yuradigan kishidir”(Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).
HARAKATLAR. Agar ayolni chaqirishsa, u faqat boshini o‘girib qaraydi, erkak esa butun gavdasi bilan o‘giriladi. Biron nimani otmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lini yon tomonga emas, orqa tomonga qarab siltaydi. Ayol biron gapni eshitishni xohlamasa, qulog‘ini barmog‘i bilan berkitadi, erkak esa kafti bilan. Biron nimaning javobini tezroq topish uchun ayol hech qachon boshini qashlamaydi, chunki soch turmagini buzib qo‘yishdan qo‘rqadi.
KO‘ZGU. Erkak o‘z tashqi ko‘rinishini baholash uchungina oynaga qaraydi. Ayolga esa buning uchun ko‘zgu shart emas. U magazin vitrinasiga, derazaga yoki mashinaning yaltiroq kapotiga qarab ham o‘z ko‘rinishini tahlil qilib ketaveradi.
UYDAN CHIQISH. Agar erkak “ko‘chaga chiqish uchun tayyorman” desa, bu uning ko‘chaga chiqishi uchun faqat oyoq kiyimini kiyishi zarurligini anglatadi. Xotin kishi tomonidan aytilgan xuddi shu gapdan esa, uning ko‘chaga chiqishi uchun bosh yuvishi, kiyimlarni dazmollashi va tabiiyki, yaxshilab bo‘yanishi zarurligi tushuniladi.
Maymuna bint Sa’d roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Qaysi bir ayol uyidan xushbo‘ylanib chiqsa, so‘ngra unga erkaklar qarasa, to uyiga qaytib kirguncha Allohning g‘azabida bo‘ladi”.
ISHDA. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ayol kishining miyasi jamoat ishlarini yechishdan ko‘ra, oilaviy masalalarni hal qilishga moslab yaratilgan. “Ayollarning 80 foiz aqli boshqalar bilan shaxsiy munosabatlariga qaratilgan bo‘ladi. Agar uyda erkak ish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, ayol kishi esa ish joyida ham shaxsiy hayotini ko‘proq o‘ylaydi. Uning barcha intellekti o‘zining shaxsiy hayotini qurishga qaratilgan bo‘ladi. Boshqa narsalarga uning energetikasi yetmaydi”, - deb hisoblashadi mutaxassislar.
Haqiqatdan ham o‘zini eng hur va ozod deb biladigan ayollar siyosat, iqtisod haqida emas, balki ishq, muhabbat hamda shaxsiy munosabatlar haqidagi kitoblar, kinolar haqida suhbat qurishni afzal ko‘radilar. Turli sohalarda olima yoki o‘qituvchi bo‘lgan ayollar, ko‘pincha zimmalarida shu vazifani bajarish “mas’uliyati” borligi tufayligina ado etishlari sir emas. Shuni nazarda tutgan bo‘lsa kerak, xorijlik bir olim shunday yozgan: Ayolning eng asosiy “kasbi va mansabi” – yaxshi rafiqa hamda ona bo‘lishdir...
KIYIM-KЕCHAK. Ayol kishi magazinga chiqish, telefonda gaplashish, ovqat tayyorlash, kitob o‘qish, axlatni to‘kib kelish kabi yumushlarning har biri uchun alohida-alohida kiyinadi. Erkak esa, aksariyat hollarda, o‘zining doimiy kiyimini to‘y yoki aza munosabati bilangina almashtiradi.
Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning Nur surasi 31-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Sen mo‘minalarga ayt: Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, magar zohir bo‘lgan ziynatlar bo‘lsa (mayli). Ro‘mollarini ko‘ksilariga to‘sib yursinlar. Ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, magar erlariga yo otalariga yo erlarining otalariga yo o‘g‘illariga yo erlarining o‘g‘illariga yo aka-ukalariga yo aka-ukalarining o‘g‘illariga yo opa-singillarining o‘g‘illariga yo ayollariga yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlarga yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilarga yo ayollar avratining farqiga bormagan yosh bolalarga (bo‘lsa mayli). Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (yerga) urmasinlar. Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, najot topsangizlar”.
DID. Erkakni o‘zining tashqi ko‘rinishi ko‘pincha qoniqtiradi (endi, Xudo bergani-da, shunisiga ham shukr). Ayollar uchun esa, o‘z tashqi ko‘rinishi – muhokama uchun doimiy mavzu, desa bo‘ladi!
Didlarga kelganda, ayonki, erkaklar ayollarni yoqtirishadi. Ayollarga esa ko‘proq sodda narsalar yoqadi, masalan, erkaklar.
XULOSA: Erkak va ayollarning ruhiyati va xatti-harakatlariga madaniyat darajasi va tarbiya ham ta’sir ko‘rsatadi, albatta. Bundan tashqari, har bir jamiyatdagi mavjud muhit ham erkak va ayolning fe’l-atvorini ko‘p jihatdan belgilab beradi. Ikki jinsga oid xususiyatlar turli mamlakatlarda turlicha ekanligi ham shu sabablidir.
Shunga qaramay, butun insoniyatning umumiy tasavvurlariga ko‘ra, erkak – kuchli, aqlli, mard va mas’uliyatli bo‘lmog‘i lozim. O‘ta sergap yoki ko‘ngli bo‘shlik ham erkakka yarashmaydi. Erkakdagi kuchli himoyachi, ishbilarmon va uddaburonlik kabi sifatlar hamma joyda qadrlanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kuchli mo‘min Alloh uchun kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va sevimliroqdir. Ularning ikkisida ham yaxshilik bor. Sen o‘zingga foydali narsaga intil. Allohdan yordam so‘ra, ojiz qolma. Agar boshingga biron musibat tushsa, “agar bunday qilganimda mana bunday bo‘lardi”, dema. Balki “Allohning taqdiri ekan, U Zot nimani xohlasa, o‘shani qiladi”, degin. Zero “agar”(so‘zi) shayton amalini ochib beradi” (Muslim, Ibn Moja, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).
Ayol esa shirinso‘z, mehr-shafqatli, e’tiborli, muloyim, o‘z yaqinlariga g‘amxo‘rligi, turmushning har jabhasida eriga yaqin ko‘makchi va hamkor ekanligi bilan qadrlidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ayollarning eng yaxshisi unga qarasang seni xursand qiladigan, (biron ishga) buyursang itoat etadigan, unga tegishli biron qasam ichsang, qasamingni buzmaslikka yordam beradigan va ko‘chaga chiqqaningda uyda iffatini va sening mol-mulkingni asrab-avaylaydigan ayoldir», deb aytganlar. (Nasoiy va Ahmad rivoyati)
Bular – barcha erkak va ayollar uchun andoza, namuna xususiyatlar, deyish mumkin. Yoki, ikki jins xususiyatlari ana shunday farqlanishini millatidan qat’iy nazar, hamma odamlar istaydilar. Ammo, “andoza”ga amalda hech kim to‘liq yuz foiz mos tushmaydi. Ya’ni, har kim u yoki bu qusurlardan butkul xoli emas. Xotinchalish erkaklar va erkakshoda ayollar ham hayotda afsuski, ancha-muncha...
ERKAK VA AYOL. Umumiylik va o‘xshashliklar shu yerning o‘zidayoq barham topadi. Erkak va ayolni hatto, boshqa-boshqa biologik turga mansub, degan qarashlar ham yo‘q emas. Binobarin, “erkak va ayollar tengligi”ni da’vo qiluvchi ayrimlarga shu dalilning o‘zi yetarli emasligi qiziq. Nahotki tengsizlikni tenglashtirib bo‘lsa?!
Erkak va ayol – umumiy tananing ikki tarkibiy qismi, deyish mumkin. Turlicha (go‘yoki “plyus” va “minus”) bo‘lgan holda, o‘zimizga hayotiy zarur bo‘lgan “ikkinchi yarmi”mizni g‘ayrishuuriy ravishda qidiraveramiz. Zero, insoniyat Alloh taolo tomonidan shunday “dasturlanib” yaratilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Ayollarga yaxshi pand-nasihat qilinglar, chunki ayol qovurg‘adan yaratilgandir. Albatta, qovurg‘alarning qiyshiqrog‘i yuqoridagisidir. Agar uni to‘g‘irlayman desang, sindirib qo‘yasan. Agar shundoqligicha tashlab qo‘ysang, qiyshiqligicha qolaveradi. Shuning uchun ayollarga yaxshi pand nasihat qilinglar”. (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Manbalar asosida
Saidabror Umarov tayyorladi
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati