“Salaf” so‘zi lug‘atda – “avval yashab o‘tganlar”, “ajdodlar”, “o‘tmishdoshlar” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda “salaf” so‘zi muayyan bir davr bilan bog‘liq ma’noni anglatadi. Ya’ni, Nabiy alayhissalom zamonlarida va undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar “salafi solih”, ya’ni, “solih ajdodlar” deyiladi. Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida shunday deganlar:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بن مسعود رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: خَيْرُ النَّاسِ قَرْنِي، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ يَجِيءُ أَقْوَامٌ تَسْبِقُ شَهَادَةُ أَحَدِهِمْ يَمِينَهُ، وَيَمِينُهُ شَهَادَتَهُ
(رواه الامام البخاري والامام مسلم)
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Eng yaxshi davr mening davrim, so‘ng ularga yaqin bo‘lgan, so‘ng ularga yaqin bo‘lgan davrlardir. So‘ngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o‘zib ketadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Mazkur hadisga ko‘ra, Islom ulamolari Muhammad sallallohu alayhi vasallam zamonlarida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salafi solih”, ya’ni, “solih ajdodlar” deb tavsiflaydilar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan bu nomlar qo‘llanilmaydi.
Ahli sunna val-jamoa an’anasiga ko‘ra, salafi solihlar davridan keyin yashagan musulmonlar “xalaflar”, ya’ni “keyingilar” deb ataladi. Xalaf ya’ni, keyingi asr olimlari daraxt o‘z ildizidan oziqlangani kabi salafi solihlarning qarashlari asosida shakllandilar.
So‘nggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, mutaassib ko‘rinishdagi soxta salafiylar barcha aqidaviy va hukmiy masalalarni hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ‘ib qilsalarda aslida, ularning qarashlari asosan 18-asrning o‘rtalarida yashab o‘tgan najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning mutaassibona g‘oyalari ustiga qurilgandir. Muhammad ibn Abdulvahhobning qarashlari esa Islom dinida birinchi bo‘linishga sabab bo‘lgan Xavorijlar aqidasi bilan yo‘g‘irilgan.
Bu oqim a’zolari diniy masalaning yechimini topishda faqat oyat yoki hadisni uzuq-yuluq holda keltirib, unga yuzaki yondashib, go‘yo muammoga javob topgan bo‘ladi. Ularning bu uslubi avom xalqqa oson tushunilgandek, go‘yo to‘g‘ridek tuyuladi. Shu yo‘l bilan ham ular o‘z tarafdorlari sonini ko‘paytirishga urinadi.
Salafiylik g‘oyasi tarafdorlarining asosiy maqsadlari Qur’on va sunnatni o‘zlaricha mahkam tutish va qariyb 13 asrdirki Islom ummatining birdamligini ta’minlab kelayotgan fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, ularni ildizi bilan qo‘porib tashlashdan iborat. Ularning da’vosiga ko‘ra, go‘yo musulmonlarning ixtilofdan najot topishi faqat Qur’on va hadisni qattiq ushlash bilan bo‘ladi, mazhablar mavjud bo‘lar ekan, Qur’on va hadisni mahkam ushlash amri mahol emish.
Go‘yoki bu bilan ular Qur’on va sunnatni mahkam tutishmoqda-yu, butun ummat e’tirof etgan va avlgi 3 asrda yashab o‘tgan mazhab boshilar uni mahkam tutishmagani iddao qilishlarini anglash qiyin emas.
Voqe’likda esa, ular mazhablar orasidagi juz’iy ixtiloflarni qoralagan holda, hammani mazhabni tashlashga hamda Qur’on va hadislarni o‘rganib, tushunganicha ularga amal qilishga, boshqacha qilib aytganda, hammani o‘zi ijtihod qilishga chaqiradilar. Bu esa, shubhasiz, yanada ixtiloflar va qarama-qarshi fikrlarning ko‘payishiga olib keladi. Agar mazhablar orasidagi ixtiloflar ma’lum chegara bilan cheklangan bo‘lsa, mazhabsizlikning bu da’vati esa cheksiz ixtiloflarga sabab bo‘ladi va musulmonlar hayotida dahshatli falokatlarni keltirib chiqaradi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, fiqhiy mazhablar orasidagi juz’iy ixtiloflar sahobalar va tobeinlar orasida mavjud bo‘lgan ixtiloflar ta’sirida yuzaga kelgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam esa:
اختلاف أصحابي لكم رحمة
ya’ni “Sahobalarimning ixtilofi sizlar uchun rahmatdir”, - deb marhamat qilganlar (Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy va Imom Daylamiy rivoyat qilishgan).
Qolaversa, asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan an’anaviy mazhablarni va unga ergashgan mo‘min-musulmonlarni adashganlik va zalolatda ayblashning o‘zi ulkan bo‘xtondir. Bu Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sunnatiga ham to‘g‘ri kelmaydi. Zero u Zot:
لا تجتمع أمتي على ضلالة
رواه الامام ابن ماجه والامام الطبراني
ya’ni “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”, - deya marhamat qilganlar (Imom ibn Moja va Imom Tabaroniy rivoyatlari). Mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu shunday deydilar:
ما رآه المسلمون حسنا فهو عند الله حسن
(رواه الامام أحمد)
ya’ni: “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzuruda ham yaxshidir” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Soxta salafiylar dunyoning kayeriga bormasin, musulmonlar orasida tushunmovchiliklar, ixtiloflar va tashvishlar avj oladi. Bugungi kunda ularning axli sunna val-jamoadan og‘ishganligi, ular na saxobalar va na tobe’inlar yulidan yurmayotganlari o‘z isbotini topib ulgurgan. Ko‘plab ulamolar tomonidan ularning buzg‘unchi g‘oyalariga nisbatan ilmiy raddiyalar e’lon qilingan. Jumladan XIX asrda yashab, ijod etgan mashhur hindistonlik olim Muhammad Siddiq Hasan al-Qanujiy (1832-1890) soxta salafiylar haqida fikr bildirib, shunday deydi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo bo‘lgan bo‘lib, ular Qur’on va hadisni bilish va unga amal qilishni da’vo qilmoqda… Ajablanarlisi shundaki, ular o‘zlarini eng ixlosli va eng taqvodor, deb boshqalarni mushriklar deb nomlamoqda. Ular eng mutaassib va dinda g‘uluvga ketgan kishilardir. Bu dindan emas, balki Yer yuzida tarqalgan fitna va katta fasoddir” (“Taqlidu-l-aimma” 16-17 betlar].
O‘tgan asrimizning ko‘zga ko‘ringan yetuk allomalardan biri marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh o‘zlarining “salafiylar” deb atayotganlarga raddiya sifatida “Salafiylik islomiy mazhab emas, balki u muborak davr bosqichidir” nomli asarlarida jumladan shunday deydilar: “Islom dinining o‘tagan o‘n to‘rt asrlik tarixi davomida biror mo‘tabar imom yoki ulamodan eshitmaganmizki, musulmonlarning hidoyatda bo‘lishlarining hujjati “salafiylar” deb nomlagan guruhga mansub bo‘lish hisoblansa. Balki, “salafiylik” degan guruhga mansub bo‘lishning o‘zi ayni bid’atdir” (231-232-betlar).
Xulosa qilib aytganda ota-bobolarimiz, ming yillik mu’min-musulmonlar barchasi ahli sunna val-jamoa ta’limotida bo‘lib kelishgan. Birok, yigirmanchi melodiy asrning o‘rtalariga kelib, ahli sunna val-jamoadan og‘ishgan vahhobiylik oqimi tizimidan sizib, yangi va soxta salafiylik yuzaga keldi. Asrlar davomida Islom ulamolari tomonidan yozilgan asarlar va orttirilgan malaka, erishilgan yutuqlarni rad etib, faqatgina “salafi solihlar” davrini e’tiborga olish da’vosida bo‘lish soxta salafiylikning tor mohiyatini namoyon etadi.
Bugungi kunimizda yurtdoshlarimiz ichida hali ham bilib-bilmay soxta salafiylarning asossiz da’volarining ta’sirida yurgan kishilarning mavjud ekanligi ushbu toifaning ildizlarini o‘rganib, uning asl mohiyatini ochib berish, uni odamlarga, xalqimizga to‘g‘ri tushuntirib berish dolzarb ekanligini bildirmoqda. Ayniqsa, bizning eng asosiy vazifamiz yoshlarni bunday soxta salafiylar domiga tushib qolishdan asrashimiz va buning uchun esa doim ogohlik bilan ularga qarshi ilmiy raddiyalar berib borishimiz kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Abdulatif Tursunov
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi