Ilmli yoshlar – yurt kelajagi
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
Muhtaram jamoat! Islom – ilm-ma’rifat dini. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda o‘qishga buyurilishning o‘zi ham buning yorqin dalilidir. Alloh taolo ilmni Qiyomat kuniga qadar bandalar uchun ma’rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Buni teran anglagan ulug‘ ajdodlarimiz ilmda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdilar, asrlar mobaynida nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda insoniyatga ustozlik qildilar. Bu borada Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Muhammad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino kabi ulamolar me’rosini yodga olish kifoya. Musulmon ummati bugungi kunga qadar ushbu ilm ummonidan bahra olib kelmoqda.
Johillikdan ma’rifat sari intilish bu dinimiz ko‘rsatmasidir. Qur’oni karimda ham musulmonlar barcha narsaning haqiqatini bilish uchun doimo ilm payida bo‘lishga chaqiriladi:
وَقُل رَّبِّ زِدْنِي عِلْمًا
ya’ni: «...“Robbim, ilmimni ziyoda qilgin”, degin» (Toha surasi, 114-oyat).
Islom dini musulmonlarga taraqqiyot yo‘lida yurishni farz qilgan, kishilarni ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Ilmga qiziqtirish borasida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
« مَنْ سَلَكَ طَرِيقاً يَبْتَغِي فِيهِ عِلْماً سَهَّلَ اللهُ لَهُ طَريقاً إِلَى الجَنَّةِ، وَإنَّ المَلاَئِكَةَ لَتَضَعُ أجْنِحَتَهَا لِطَالِبِ العِلْمِ رِضاً بِمَا يَصْنَعُ ، وَإنَّ العَالِمَ لَيَسْتَغْفِرُ لَهُ مَنْ فِي السَّماوَاتِ وَمَنْ فِي الأرْضِ حَتَّى الحيتَانُ في المَاءِ ، وَفضْلُ العَالِمِ عَلَى العَابِدِ كَفَضْلِ القَمَرِ عَلَى سَائِرِ الكَوَاكِبِ ، وَإنَّ العُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأنْبِيَاءِ ، وَإنَّ الأنْبِيَاءَ لَمْ يَوَرِّثُوا دِينَاراً وَلا دِرْهَماً وَإنَّمَا وَرَّثُوا العِلْمَ ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بحَظٍّ وَافِرٍ »
(رواه الإِمَامُ أَبُو دَاوُد والإِمَامُ التِّرْمْذِيُّ عَنْ أَبي الدَّرْدَاء رضي الله عنه)
ya’ni: «Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Farishtalar tolibi ilmni qilayotgan ishidan rozi bo‘lgan hollarida qanotlarini yozadilar. Olimga osmondagilar, yerdagilar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytishadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Anbiyolar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qoldirganlar, xolos. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi» (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"مَن خرَج في طَلَبِ العِلمِ، كان في سَبيلِ اللَّهِ حَتَّى يرجِعَ"
(رواهُ الامام الترْمِذيُّ)
ya’ni: «Kim ilm talabida yo‘lga chiqsa, toki qaytib kelgunicha Alloh yo‘lidadir» (Imom Termiziy rivoyati).
Shuning uchun ham ko‘pchilik ulamolarimiz pok niyat va ixlos bilan ilm izlash va ilm yo‘lida harakat qilish dinimizdagi nafl ibodatlardan afzal ekanini ta’kidlaganlar.
Abdulloh Ibn Muborak aytadilar: “Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman”.
Hakimlardan biri aytadi: “Men ikki kishiga achinganchalik boshqa hech kimga achinmaganman: Ilmni tushunmasdan turib o‘rgangan kishiga hamda ilmning muhimligini tushunib, uni o‘rganmagan kishiga”.
Imom Shofi’iy (rohmatullohi alayhi): “Agar dunyoda aziz bo‘lishni istasang, ilm o‘rgan. Agar oxiratda sharaf topishni istasang, ilm o‘rgan. Agar har ikkisiga erishishni ko‘zlasang, ilm o‘rgan”, deganlar.
Muhtaram jamoat! Joriy yilning 24 yanvar kuni muhtaram yurtboshimizning Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida 2020 yil – “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb e’lon qilindi.
Ushbu yangilik har birimiz uchun quvonchli hushxabar bo‘ldi. Zero, imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lgan xalq – ilm-ma’rifat va rivojlangan iqtisod bilangina buyuk kelajagini bunyod eta oladi.
Ushbu murojatnomada ta’kidlanishicha, 2020 yildan boshlab O‘zbekiston tarixida ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunga budjetdan 130 milliard so‘m ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari ham bevosita ishtirok etadi.
Shuningdek, 2020 yilda budjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 216 tasi kapital ta’mirlanadi va 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkaziladi.
Bularning barchasi hukumatimiz tomonidan farzandlarimizning ilm olishlari, ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlariga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir. Umid qilamizki, ushbu tashabbuslar yaqin tariximizda o‘zining samarasini beradi, insha Alloh.
Darhaqiqat, agar biz haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi bo‘lsak, dunyoning peshqadam xalqlari safiga qo‘shilmoqchi bo‘lsak, ilmga bo‘lgan bugungi munosabatimizni Islom ta’limotlari asosida tamoman o‘zlashtirishimiz lozim. Hadisi shariflarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
الكَلِمَةُ الْحِكْمَةُ ضَالَّةُ الْمُؤْمِنِ فَحَيْثُ وَجَدَهَا فَهُوَ أَحَقُّ بِهَا
(رواه الامام الترمذي والامام ابن ماجه عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Hikmatli kalima mo‘minning yo‘qotgan narsasidir. Uni qayerda topsa ham olishga haqlidir” (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ushbu hadisda har qanday foydali ilm, garchi bir kalima bo‘lsa ham mo‘min-musulmon kishi uchun huddi yo‘qotib qo‘yib, izlab yurgan qadrli buyumiga o‘xshatilmoqda. Uni qayerda topsak ham boshqalardan ko‘ra o‘zimiz haqli ekanimizni bilishimiz kerak.
Barchamiz yosh avlod ta’lim-tarbiyasi borasidagi davlatimiz olib borayotgan izchil islohotlarni amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik ruhida sa’yu-harakat qilsak, bu boradagi dunyoqarash va tasavvurlarni tubdan o‘zgartirsak, ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishamiz. Alloh taolo marhamat qilib aytadi:
...إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّى يغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ ...
(سورة الرّعد/11)
ya’ni: “...Albatta, biror qavm o‘zlarini o‘zgartirmagunlaricha, Alloh ularni o‘zgartirmas...” (Ra’d surasi, 11-oyat)
Dunyoda ilm-fan shiddat bilan rivojlanmoqda, har kuni kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin shu kashfiyotlarning qancha qismi musulmonlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda? Afsuski, bu nisbat juda kam bo‘lib, bizni ogohlikka, ilm-fan bilan jiddiyroq shug‘ullanishga undaydi. Tarixda musulmon olimlari dunyo xalqlariga ko‘plab kashfiyotlarni taqdim etganlar. Kashfiyotlarning ko‘pi aniq fanlarga to‘g‘ri kelgan, ya’ni matematika, geometriya, astronomiya, fizika, kimyo hamda tibbiyot fanlari rivojlangan.
Bugungi kun yoshlariga juda ko‘p imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay ba’zi yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanishmayapti. Vaholangki, yoshlik davrida vaqtning qadriga yotish, undan unumli foydalanish lozim. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh:
الْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ، كالنَّقشِ فِي الْحَجَرِ
ya’ni: "Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, – deganlar.
Buyuk tobeinlardan Alqama ibn Qays rahmatullohi alayh: “Yosh yigitlik davrimda nimani yodlagan bo‘lsam, go‘yo unga (yodlagan narsamga) varaqqa qaraganday bo‘laman”. Ya’ni yoshlikda o‘rgangan ilmim shunchalik qalbimda o‘rnashdiki, uni biror bir yozilgan qog‘ozdan o‘qigandek aytishim mumkiin”, der ekanlar.
Shuningdek, ba’zi oilalarda farzand tarbiyasi to‘lig‘icha televizor yoki telefon vositalariga topshirib qo‘yilgan. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so‘ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.
Muhtaram azizlar! Ma’lumki, dinimizda ilmni diniy va dunyoviyga ajratilmaydi. Qadimda ota-bobolarimiz bu qoidaga amal qilganlaridan ularning ichidan Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino va Ulug‘bek kabi qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Ular ham diniy ham dunyoviy ilmlarda peshqadam bo‘lganlar.
Har qanday yomonlik va razolat ortida ilmsizlik va jaholat yotadi. Shuning uchun ham jamiyatning olimlari, ziyolilari, ayniqsa, ota-onalar millatning ma’naviy dunyosi qashshoqlanmasligi, axloqi buzilmasligi, soxta va buzg‘unchi e’tiqodlar va madaniyatlar ta’siriga tushib qolmasligiga mas’uldirlar.
Farzandlarimizga maktabga borib ta’lim olish ham ibodat ekanini yetkazishimiz kerak. Yoshlarning maktabda berilayotgan darslarni puxta o‘zlashtirishlariga alohida e’tibor qaratish har bir ota-ona va ustozlarning mas’uliyatidir. Ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yib, qayerda yurgani, kimlar bilan o‘rtoqlashayotgani, nimalarga qiziqayotganidan ogoh bo‘lmaslikning oqibati ayanchli bo‘ladi. Alloh asrasin!
Hurmatli azizlar! Maruzamizning fiqhiy masalalar qismida tahoratning farzlaridan bo‘lmish yuzni yuvish mazusiga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.
Tahoratda yuzni yuvish farz hisoblanadi. Yuzning chegarasi: tepadan pastga boshning soch chiqqan joyidan iyak ostigacha va eniga ikki quloq yumshog‘ining oralig‘idagi joydir. Yuzni uch marta yuvish sunnat.
Yuvish – suv tomchilaydigan darajada a’zolarga suv yetkazishdir. Shunga ko‘ra, hozirgi kundagi nam salfetkalarni ishlatish bilan yuvish hosil bo‘lmaydi. Chunki bu yerda tomchilash topilmaydi.
Boshning old qismida soch bo‘lmasa, odatda soch chiqadigan joygacha yuviladi, boshning soch to‘kilib ketgan qismiga suv yetkazish shart emas.
Quloqni yonidan tushgan soch bilan quloq o‘rtasidagi ochiq joy yuzdan hisoblanib uni yuvish ham shart bo‘ladi.
Yuzni yuvishda ikki ko‘zning ichiga suv kirgizilmaydi, ko‘zni qattiq yumib ham olinmaydi va katta ochib ham turilmaydi, balki ko‘z yengil yumib turiladi.
Qosh, kiprik va mo‘ylab ostiga suv yetkazish shart hisoblanadi.
Soqol yuz terisi ko‘rinib turadigan darajada siyrak bo‘lsa, ostiga suv yetkazish shart. Ammo soqol yuz terisi ko‘rinmaydigan darajada qalin va uzun bo‘lsa (ya’ni, ostiga suv yetkazish mashaqqat bo‘ladagan bo‘lsa) ostiga suv yetkazish shart emas, balki ustiga mas'h tortish farz bo‘ladi. Soqoli uzun va qalin bo‘lgan kishi barmoqlarini ho‘llab, xilol qilishi (qo‘l barmoqlarini soqolning ichidan o‘tkazishi) sunnatdir (“Fatovoi hindiyya” va “Fathu bobil inoya” kitoblaridan).
Alloh taolo O‘zi buyurganidek ibodatlarimizni ado etishga muvaffaq etsin. Xalqimizni xuddi ajdodlari kabi ilm va ma’rifat bilan yuksalishiga va natijada O‘zining rozligiga erishishiga muvaffaq etsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “Kechirimlilik – mo‘minga xos” mavzusida bo‘ladi.
Eslatma: Yurtdoshlarimizning og‘zaki diniy savollariga javob berish tizimi (Koll-markaz)ga bog‘lanish uchun 78-150-33-44 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilinishi mumkin.
Fatvo bo‘limi mutaxassislari tomonidan dolzarb va zamonaviy masalalar yuzasidan dalillarga asoslangan batafsil javoblarni “Din va hayotga oid savollar” telegramm kanali orqali e’lon qilib borilmoqda. Ushbu kanal orqali yozma savollarni yo‘llash imkoniyati ham mavjud.
(vahiyning ta’rifi va turlari)
Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.
Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.
Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.
Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.
“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.
Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.
Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.
Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.
Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.
Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.
Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.
Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar
Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.
Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:
1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.
2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.
4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.
Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.
Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.
Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi