Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Ekstremistik oqimlardan saqlanaylik

27.01.2020   4003   3 min.
Ekstremistik oqimlardan saqlanaylik

Bugun biz masofalar qisqarayotgan, munosabatlar yaqinlashayotgan, madaniyatlar mushtaraklashayotgan, zamon tili bilan aytganda hamma narsa «Globallashayotgan» bir davrda yashab turibmiz. Shunday bir jamiyatda fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini bilib, tinch va osoyishta yashab borayotgan bir vaqtda, bunday imkoniyatlarimizni va ahilligimizni ko‘ra olmaydigan, buni buzish uchun har qanday yovuzlikka, tubanlikka qo‘l uradigan manfur kimsalar ham borligi hech kimga sir emas. Ana shunday yovuz maqsadlarni – yurt tinchligini, fuqarolar ahilligini buzishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan toifalar, bular ekstremistik va terroristik oqimlardir. Bu guruhdagi oqimlar o‘z manfaatlari yo‘lida hech narsadan qaytishmaydi. “Diniy ekstremizm” nima o‘zi? Bu «Jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va ahkomlarni rad etish va ularga zid bo‘lgan g‘oyalarni aldov va zo‘rlik bilan targ‘ib qilishdir». “Terrorizm” degani  esa «Muayyan guruh manfaatlari yo‘lida zo‘ravonlik (suiqasd, portlatish, garovga olish, beqarorlik keltirib chiqarish, aholining keng qatlamlarida vahima va qo‘rquv uyg‘otish”ni   anglatadi.

Demak o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki bunday oqimlarning maqsadi shu jamiyatdagi diniy qadriyatlarni va ahkomlarni rad etib, ularga qarshi g‘oyalarni farzandlarimizga aldov yo‘llari bilan singdirib, ularni zo‘rlab bo‘lsa ham o‘z yurtiga xoinlik qilishga, ota-onasiga oq bo‘lishga, tinch aholini tinchligini buzishga, jamiyatimizda beqarorlik keltirib chiqarishga, jamiyatda yetimlar sonini ko‘payishiga, ayollarning beva qolishiga va bularning oqibatida kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimizni tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazib, xalqimizni tinchligiga rahna solishdir.

Hozirgi kunda har bir ota o‘z farzandlarini kelajakda sog‘lom fikrli, bunyodkor g‘oyalar sohibi qilib, kindik qoni to‘kilgan o‘z vataniga sadoqatli farzand etib tarbiya qilishi uchun, avvalo tarbiya beruvchi uydagi ota-ona, bog‘chadagi tarbiyachi, maktab va oliygohlarda ustoz va murabbiylar o‘zlari haqiqiy Islom aqidalarini yaxshi tushunishi, aqida, din, shariat o‘zi aslida nima ekanini yaxshi bilishlari shart. Shundagina bizning va shu jannatmakon diyorimizning kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni har qanday oqimlardan ekstremistik guruhlardan himoya qila olamiz.

Biz alhamdulillah musulmonmiz. Bizning ota-bobolarimiz vatan uchun, el-yurt uchun kerak bo‘lsa jonlarini va umrlarini ayashmagan. Tinchlikni buzish, insonni nohaq qonini to‘kish musulmonlik belgisi emas, aksincha bu katta gunoh. O‘z maqsadlari yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan kimsalar o‘zlariga Islomni niqob qilib olib, odamlarga zulm qilayotganliklarini nahot anglab yetishmagan bo‘lishsa. Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining hadislaridan birida shunday deganlar: «Musulmon kishi – o‘zgalar uning qo‘lidan va tilidan ozor topmagan kishidir». Shunday ekan biron bir inson ikkinchi bir insonga ozor berib ko‘nglini ranjitishi aslo mumkin emas. Biz yuqoridagi holatlar boshimizga tushmasligi uchun o‘zimiz ko‘rgan-eshitgan noto‘g‘ri so‘z va harakatlarga beparvo bo‘lmasligimiz kerak.

Shuning uchun  ayni paytda tinch osuda hayotimizni izdan chiqarishga urinayotgan yovuz niyatli kuchlarning niyatlarini puchga chikarish uchun harakat qilmog‘imiz zarurdir.

Alloh taolo yurtimizni tinch, hayotimizni farovon qilsin, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lishimizni hammamizga nasib  etsin.

 

Hazorasp tumani “Shoxpir” masjidi imom-noibi

O‘.Jumanazarov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

26.08.2026   17620   2 min.
«Asrlarni birlashtiruvchi meros»: mediaforumda Qur’on, qo‘lyozmalar va sun’iy intellektga oid loyihalar taqdim etiladi

 «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.

Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.

Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.

Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
 
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari