Bugun biz masofalar qisqarayotgan, munosabatlar yaqinlashayotgan, madaniyatlar mushtaraklashayotgan, zamon tili bilan aytganda hamma narsa «Globallashayotgan» bir davrda yashab turibmiz. Shunday bir jamiyatda fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini bilib, tinch va osoyishta yashab borayotgan bir vaqtda, bunday imkoniyatlarimizni va ahilligimizni ko‘ra olmaydigan, buni buzish uchun har qanday yovuzlikka, tubanlikka qo‘l uradigan manfur kimsalar ham borligi hech kimga sir emas. Ana shunday yovuz maqsadlarni – yurt tinchligini, fuqarolar ahilligini buzishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan toifalar, bular ekstremistik va terroristik oqimlardir. Bu guruhdagi oqimlar o‘z manfaatlari yo‘lida hech narsadan qaytishmaydi. “Diniy ekstremizm” nima o‘zi? Bu «Jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va ahkomlarni rad etish va ularga zid bo‘lgan g‘oyalarni aldov va zo‘rlik bilan targ‘ib qilishdir». “Terrorizm” degani esa «Muayyan guruh manfaatlari yo‘lida zo‘ravonlik (suiqasd, portlatish, garovga olish, beqarorlik keltirib chiqarish, aholining keng qatlamlarida vahima va qo‘rquv uyg‘otish”ni anglatadi.
Demak o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki bunday oqimlarning maqsadi shu jamiyatdagi diniy qadriyatlarni va ahkomlarni rad etib, ularga qarshi g‘oyalarni farzandlarimizga aldov yo‘llari bilan singdirib, ularni zo‘rlab bo‘lsa ham o‘z yurtiga xoinlik qilishga, ota-onasiga oq bo‘lishga, tinch aholini tinchligini buzishga, jamiyatimizda beqarorlik keltirib chiqarishga, jamiyatda yetimlar sonini ko‘payishiga, ayollarning beva qolishiga va bularning oqibatida kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimizni tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazib, xalqimizni tinchligiga rahna solishdir.
Hozirgi kunda har bir ota o‘z farzandlarini kelajakda sog‘lom fikrli, bunyodkor g‘oyalar sohibi qilib, kindik qoni to‘kilgan o‘z vataniga sadoqatli farzand etib tarbiya qilishi uchun, avvalo tarbiya beruvchi uydagi ota-ona, bog‘chadagi tarbiyachi, maktab va oliygohlarda ustoz va murabbiylar o‘zlari haqiqiy Islom aqidalarini yaxshi tushunishi, aqida, din, shariat o‘zi aslida nima ekanini yaxshi bilishlari shart. Shundagina bizning va shu jannatmakon diyorimizning kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni har qanday oqimlardan ekstremistik guruhlardan himoya qila olamiz.
Biz alhamdulillah musulmonmiz. Bizning ota-bobolarimiz vatan uchun, el-yurt uchun kerak bo‘lsa jonlarini va umrlarini ayashmagan. Tinchlikni buzish, insonni nohaq qonini to‘kish musulmonlik belgisi emas, aksincha bu katta gunoh. O‘z maqsadlari yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan kimsalar o‘zlariga Islomni niqob qilib olib, odamlarga zulm qilayotganliklarini nahot anglab yetishmagan bo‘lishsa. Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining hadislaridan birida shunday deganlar: «Musulmon kishi – o‘zgalar uning qo‘lidan va tilidan ozor topmagan kishidir». Shunday ekan biron bir inson ikkinchi bir insonga ozor berib ko‘nglini ranjitishi aslo mumkin emas. Biz yuqoridagi holatlar boshimizga tushmasligi uchun o‘zimiz ko‘rgan-eshitgan noto‘g‘ri so‘z va harakatlarga beparvo bo‘lmasligimiz kerak.
Shuning uchun ayni paytda tinch osuda hayotimizni izdan chiqarishga urinayotgan yovuz niyatli kuchlarning niyatlarini puchga chikarish uchun harakat qilmog‘imiz zarurdir.
Alloh taolo yurtimizni tinch, hayotimizni farovon qilsin, bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lishimizni hammamizga nasib etsin.
Hazorasp tumani “Shoxpir” masjidi imom-noibi
O‘.Jumanazarov
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati