O'zbekistonning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyaning “Halal Travel Guide” sayyohlik kompaniyasining ijrochi direktori Sumayya Hamdi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyadagi musulmonlar o'rtasida mamlakatimizning ziyorat salohiyatini keng targ'ib qilish, sayyohlik mazmunini, sayyohlar uchun qiziqarli va yangi yo'nalishlarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Sumayya Hamdi Samarqand, Buxoro va Hiva shaharlarida islomiy obidalar, madaniy obidalar, sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, shubhasiz, Buyuk Britaniya musulmon dunyosi vakillarida qiziqish uyg'otayotganini ta'kidladi.
Tomonlar ushbu sayyohlik kompaniyasi ko'magida 2024 yilda O'zbekistonga 500 dan ortiq britaniyalik sayyohni jalb etish, shuningdek, “Keyingi halol yo'llanmani top” ko'rgazmasida “O'zbekiston – 2024 yilda musulmon sayyohlar uchun eng yaxshi yo'nalish” mavzusida forum o'tkazishga kelishib oldi.
Mazkur forum shu yilning 24-25 fevral' kunlari Londonda o'tkazilishi reja qilinmoqda.
Ma'lumot uchun, “Halal Travel Guide” - Buyuk Britaniyadagi nisbatan yangi turoperatorlar guruhi bo'lib, 2017 yilda tashkil etilgan bo'lib, u asosan 25 yoshdan 41 yoshgacha bo'lgan sayyohlarga xizmat ko'rsatadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati