Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Aprel, 2026   |   27 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:19
Quyosh
05:42
Peshin
12:28
Asr
17:06
Shom
19:08
Xufton
20:25
Bismillah
16 Aprel, 2026, 27 Shavvol, 1447

Tobutdagi men

17.01.2020   3266   6 min.
Tobutdagi men

Har kuni janoza bo‘ladi. Ko‘pchiligimiz kun ora janozalarda ishtirok etamiz. Janozani o‘qigach, tobutni yelkamizga ortib, mashinaga ortamiz. Keyin mashina ortidan qabristongacha boramiz. Mayyitni qabrga qo‘yib, Qur’on tilovatlari qilib, uyimizga qaytamiz.

O‘lim har birimizning boshimizda bor. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:

كُلُّ نَفْسٍ ذَآئِقَةُ الْمَوْتِ وَإِنَّمَا تُوَفَّوْنَ أُجُورَكُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَمَن زُحْزِحَ عَنِ النَّارِ وَأُدْخِلَ الْجَنَّةَ فَقَدْ فَازَ وَما الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلاَّ مَتَاعُ الْغُرُورِ

“Har bir jon o‘limni totguvchidir. Qiyomat kuni ajrlaringizni to‘lig‘icha olursiz. Kim do‘zaxdan uzoqlashtirilsa va jannatga kiritilsa, shubhasiz, yutibdi. Bu dunyo hayoti g‘urur matohidan o‘zga narsa emas” (Oli Imron surasi, 185-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir necha hadislarda o‘limni eslab turish lozimligini ta’kidlaganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Lazzatlarni kesuvchi (o‘lim)ni ko‘p esga olinglar!” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Chunki, inson doim o‘limni eslab yursa, bir kun o‘lishini his qilgani uchun shunga yarasha harakatini qilib, tayyorgarlik ko‘rib boradi.

Hech o‘zingizning vafot etganingizni tasavvur qilib ko‘rganmisiz?

Tasavvur qiling, vafot etish arafasida turibsiz. Jon halqumingizga kelgan. Yaqinlaringiz atrofingizda parvona. Siz esa o‘zingiz bilan ovvorasiz. Umringiz davomida qilib o‘tgan ishlaringiz birma bir ko‘z oldingizdan o‘tmoqda. Kimlarga zulm qildingiz, kimlarni aldadingiz, kimlarga yaxshilik qildingiz... Hammasini ko‘rib o‘tmoqdasiz.

Ahvolingiz og‘irlashib, joningiz tanangizni tark etayotganini his qilmoqdasiz. Omonatni topshirib, jasadingiz ruhsiz qoldi. Boya parvona bo‘lib turganlar endi yig‘lashga tushishdi. Tashqaridagilarga sizning vafot etganingizni aytishmoqda. Hamma mahzun kayfiyatda. Qarindoshlaringiz birin-ketin sizni maqtab-maqtab, fazilatlaringizni aytib o‘tishmoqda.

Oila a’zolaringizdan biri g‘assolni chaqirishga ketdi. Birlari yaqin oradagi masjidga tobutni olib kelishga ketmoqda.

G‘assol kelib, sizning liboslaringizni yecha boshladi. Bir ikkita farzandu jiyanlaringiz sizni yuvish ishida g‘assolga yordam bermoqdalar. Sizni u yoqqa-bu yoqqa ag‘darib yuvmoqdalar.

Yuvib bo‘lgach, kafan ustiga yotqizib kafanlashni boshladilar. Shu tarzda sizni kafanlab bo‘ldilar. Keyin tobutni olib kelib, unga yotqizdilar. Odamlarga janozangiz vaqtini e’lon qildilar.

Janozangiz o‘qiladigan vaqt kelib, tobutingizni tashqariga olib chiqdilar. Barcha yaqinlaringiz, tanish-bilishlaringiz, do‘stlaringiz, hamkasblaringiz, qo‘shnilaringiz va sizni tanigan barcha musulmonlar janozangizni o‘qish uchun yig‘ildilar.

Imom domla kelib, tobutingiz yonida turibdi. Odamlarga yuzlangan holda asta gap boshlayapti. Avval safning avvalida turgan jigarlaringiz, farzandlaringizdan sizning zimmangizda qolib ketgan qarzlarga kafil bo‘lish-bo‘lmasliklarini so‘rayapti. Ulardan birlari kafil bo‘lishini aytdi. Ana shundan so‘ng imom domla o‘limning haqligi, unga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rish lozimligi, sizning hayotda qanday odam bo‘lganingiz haqida jamoatga so‘zlayapti.

Shundan so‘ng imom domla janozani o‘qishga kirishadi. Takbir aytadi. Barcha yig‘ilganlar ham imomning ortidan takbir aytadilar. Keyin imom yana takbir aytadilar. Jamoat ham u kishidan so‘ng takbir aytadi. Imom domla yana bir bor takbir aytadilar. Yig‘ilganlar yana takbir aytadilar. Imom domla so‘nggi takbirni aytadilar. Yig‘ilganlar ham uning ortidan so‘nggi takbirni aytadilar. Imom domla avval o‘ng, keyin chap tarafga salom beradilar. Jamoat ham salom beradi.

Janoza o‘qib bo‘lingach, sizning tobutingizni ko‘tarib, yelkalariga oldilar. Hamma tobutni ko‘tarib, yetti qadam yurishga intilmoqda.

Tasavvur qilyapsizmi?! Siz tobut ichidasiz. Ular sizni katta yuk mashinasiga ortib, o‘zlari ham atrofingizga o‘tirib oldilar. Hammalari tavhid kalimasini, zikrlarni aytib ketmoqdalar.

Qabristonga yetib borildi. Siz uchun kavlab qo‘yilgan qabr oldiga sizni olib kelib, tobutingizni qo‘yishdi. Hamma “Bismillahi va ala millati Rosulillahi” (Allohning ismi bilan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning millatlariga muvofiq) deya sizni tobutdan olib, qabr ichida turgan farzandingizga asta uzatishmoqda.

Lahad ichiga sizni yotqizib, bosh va oyoq tarafingizdagi kafaningiz bog‘ichlarini yechib qo‘ymoqdalar. Tahlil va salovotlar aytilgan tuproqlarni kafangiz yonlariga sepib chiqmoqdalar. Farzandlaringiz ko‘zida yosh bilan sizni qoldirib, tashqariga chiqdi. Go‘rkov amaki lahadingiz og‘zini xom g‘ishtlar bilan berkita boshladi. Lahadingiz og‘zi ham berkildi, qabringiz ichi qorong‘u bo‘lib qoldi. Sizning dafn etilishingizni kuzatib turganlar qabringiz ichiga tuproq tashlay boshladilar. Hamma navbati bilan tuproq tashlashga kirishib ketdi. Ko‘p o‘tmay, qabringiz ichi tuproqqa to‘lib, yerdan ko‘tarilib, kattagina do‘nglik hosil bo‘ldi.

Nariroqda o‘tirgan imom domla va u kishining yonida o‘tirgan qori yigitlar Mulk surasini tilovat qila boshladilar. Tilovat yakuniga yetgach, sizning haqingizga duo qilinmoqda.

Duodan so‘ng barcha kishilar o‘rnilaridan turib, birin-ketin tarqala boshladilar. Qabringiz yonida farzandlaringiz, aka-ukalaringiz va yaqinlaringiz qolishdi. Ular Yosin surasini o‘qishni boshladilar. Surani o‘qib bo‘lgach, qo‘llarini duoga ochib, sizning haqingizga duo qiladilar.

Shundan so‘ng ular ham uylari sari ketishga tushadilar. Siz ularning qadam tovushlarini eshitib turibsiz. Ular hali uzoqlashmaslaridanoq qabringizga so‘roq-savol qiluvchi farishtalar kiradilar. Sizdan bir necha savollar so‘rab, javobingizga yarasha muomala qiladilar.

Ana o‘sha paytda ularning savollariga javob berishingizni o‘ylang! Javob bera olasizmi?

Siz hozir tiriksiz. Qabr ichida oson javob berishingiz uchun tayyorgarlikni boshlang! Farz ibodatlarni o‘z vaqtida ado eting! Qazo namozlaringizni o‘qib, qazo qilgan ro‘zalaringizni tutishni boshlang! Tilingiz doim Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul bo‘lsin! Diniy-ma’rifiy mavzudagi kitoblarni ko‘proq o‘qib, Dinimizni yaxshi o‘rganib, ilmimizni oshirib borishga intilaylik! Odamlardan olgan qarzlarimizni tezroq egalariga yetkazishni ham unutmaylik!

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go‘zal qilsin!

 

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Musulmon kishi Robbiga tavakkul qilaveradi

15.04.2026   3628   2 min.
Musulmon kishi Robbiga tavakkul qilaveradi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rizq insonlar dunyo ishlaridan izlagan, qidirgan va so‘ragan narsalarining barchasi emas, balki bir bo‘lagidir. Kimdir dunyoda ayol izlaydi va bu esa insonni dunyodan izlaydigan narsalarining eng muhimidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyo bir mato’ (huzurlanish)dir. Dunyo matosining eng yaxshisi soliha ayoldir”[1], deganlar.

Shuningdek, dunyoda kimdir ko‘zining qorachig‘i va undan keyin uning merosxo‘ri bo‘ladigan zurriyotni so‘raydi. Zero, bu payg‘ambarlar va solih kishilar da’vat qilgan ishdir.

Ibrohim alayhissalom Alloh taologa: “Robbim, menga solihlardan ato et"[2], dedilar.

Zakariyo alayhissalom Alloh taologa: "Robbim, menga O‘z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, sen duoni eshituvchisan"[3], dedilar.

Shuningdek, dunyoda kimdir tinchlikni so‘raydi. Bu esa, insonlar o‘zlari uchun so‘raydigan muhim narsalarning biridir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan kechirishini va tinchlikni so‘ranglar. Bas albatta biror-bir kishiga iymondan keyin tinchlikdanda yaxshiroq narsa berilmadi”[4], deganlar.

Qunut duosida: “Ofiyatda qilgan kishilaring qatorida meni ham ofiyatda qil”, deyilgan.[5]

Bularning barchasi dunyoviy istaklar, so‘rovlar hamda Alloh taologa tavakkul qilishning bog‘lovchilaridir.

Mo‘min banda soliha ayol va solih farzand bilan rizqlantirishiga Robbiga tavakkul qiladi. Allohning solih bandalari duo qilganlaridek: Ular: «Ey Robbimiz, O‘zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo‘lboshchi et»[6].

Musulmon kishi Robbisi unga ofiyat va nusrat bergunicha U Zotga tavakkul qilaveradi.

Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitobidan Yahyo domla ABDURAHMONOV tarjimasi


[1] Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy Ibn Umardan rivoyat. qilganlar. Shuningdek, Sahih al- Jomi’u as- Sag‘iyr kitobida ham rivoyat. qilingan (3413).
[2] Soffat surasi, 100-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 38-oyat.
[4] Imom Termiziy rivoyat qilgan (464). Shuningdek, Imom Ahmad, Abu Dovud, Nasoiy va ibn Moja Hasan ibn Ali roziyallohu anhumodan rivoyat qilishgan.
[5] Imom Ahmad va Imom Termiziy Abu Bakradan rivoyat. qilingan (Sahiyh al- Jomi’u as- Sag‘iyr: 3632).
[6] Furqon surasi, 74-oyat.

Maqolalar