Qur’on ota-bobolarga, boshliqlarga va yo‘l-boshchilarga ko‘r-ko‘rona taqlid kilishdan qaytarish bilan birga, faqat bir taraflama fikrlashdan ham qaytaradi va biror narsa qilmoqchi bo‘lsa, o‘sha narsaning yaxshisini tanlab olishga chaqiradi. Chunki, ko‘pgina kishilar biror narsani bir marta eshitsa yoki o‘qisa, shunga ishonib ketaveradilar. Lekin o‘sha narsani chuqurroq o‘ylab, yaxshi tarafini tanlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu haqiqatga Qur’on bundan 15 asr avval chaqirgan:
“Ular gapni eshitib, eng go‘zaliga ergashadiganlardir. Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilganlardir. Ana o‘shalar, ha, o‘shalar aql egalaridir” (Zumar surasi, 18-oyat).
Mana shu oyatda Alloh taolo musulmonlarni barcha gaplarni eshitib, tushunib, so‘ngra yaxshilariga ergashishga buyuradi. Alloh shunday qilgan insonni «hidoyatga erishganlar» va «o‘tkir aql egalari» deb ataydi.
Shu bilan birga, Islom yaxshilikni ta’riflab ham beradi va unga amal qilishga chaqiradi. Odatda, odamlar yaxshilik matlub ekanligi haqida ixtilof qilmaydilar. Yaxshilik nima ekanligi haqida ixtilof qiladilar. Har kim o‘zining yo‘lini yaxshi deb tushunadi. Yaxshilik ma’nosiga o‘zicha ta’riflar keltiradi, chegaralar qo‘yadi, belgilar belgilaydi. Islom dinida yaxshilik – Alloh yaxshi degan narsalardir. Ularning nima ekanini Alloh taolo Qur’oni karimning “Baqara” surasi 177-oyatida oyati karimasida to‘liq ta’riflab bergan:
«Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag‘rib tomonga burishingizda emas. Lekin yaxshilik Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg‘ambarlarga iymon keltirish va yaxshi ko‘rgan molini qarindoshlarga, yetimlarga, mis kinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga berish, namozni qoim qilish va zakot berishdir. Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, kambag‘allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilar, ana o‘shalar sodiq bo‘lganlardir. Ana o‘shalar taqvodorlardir».
Oyati karimada ko‘rinib turibdiki, yaxshilik ma’lum bir harakat yoki gap-so‘zlarni o‘zicha qilish va aytish bilan bo‘lib qolmasligini ta’kidlamokda
Imon keltirish yaxshilikning boshi va asosidir. Busiz, ya’ni imonsiz hech qanday yaxshilik bo‘lishi mumkin emas. Asl imoni bor inson buzg‘unchilik, terrorchilik, fitnakorlikga ruju qilmaydi. Chunki, kimning Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, Payg‘ambarlarga imoni yo‘q bo‘lsa, undan yaxshilik chiqmaydi. Chiqsa ham, doimiy bo‘lmaydi.
Musulmonlarning boy-badavlatlari mollaridan ma’lum miqdorini extiyojmandlariga moliyaviy ibodat sifatida beradilar. Bu amal mol egasiga Alloh tomonidan farz qilingan. Shu farz-ni ado etadigan odam yaxshilik qiluvchidir.
Ahdiga vafodorlik musulmonlikning, imonning ko‘zga ko‘ringan belgilaridan bo‘lib, Qur’oni karimda qayta-qayta takrorlangandir. Kim ahdiga vafo qilsa, Alloh ta’riflagan yaxshilikdan nasibador bo‘lgan bo‘ladi.
Sabrlilik ham imonli, musulmon kishilarning alohida oliy va zaruriy sifatlaridan hisoblanadi. U hakda avvalgi oyatlar tafsirida batafsil so‘z yuritildi. Demak, turli qiyin holatlarda sabr qiluvchilar Alloh ta’riflagan yaxshilik sohiblaridan bo‘lar ekan.
Bahodir BOTIROV,
Chust tumani “Oxun bobo” jome
masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etish maqsadida nufuzli “EBS” telekanali tomonidan mamlakatimiz turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus teledastur efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Sayyohlar orasida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” teledasturi orqali janubiy koreyalik tomoshabinlarga O‘zbekistonning ekoturizm, gastronomik, ziyorat, tog‘ va landshaft turizmi borasidagi imkoniyatlari haqida keng ma’lumot berildi.
O‘zbekistonga tashrif buyurgan “EBS” telekanali ijodiy guruhi mamlakatimizning mashhur sayyohlik yo‘nalishlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining qadimiy me’moriy yodgorliklari, turli hududlardagi zamonaviy ko‘ngilochar markazlar, milliy hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari hamda yurtimizning betakror tabiat manzaralari haqida hikoya qildi.
Ko‘rsatuvda janubiy koreyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishning afzalliklari ham keng yoritildi. Xususan, bugungi kunda Toshkentdan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga zamonaviy va qulay “Afrosiyob” tezyurar poyezdi orqali Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab sayohat qilish mumkinligi ta’kidlandi.
“EBS” telekanali muxbiri Toshkentning o‘ziga xos me’moriy qiyofasiga alohida e’tibor qaratgan. Uning fikricha, poytaxt me’morchiligida o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar, zamonaviy ko‘p qavatli binolar va sobiq ittifoq davri me’morchiligi an’analari o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etgan.
Dasturda O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakat poytaxtidan tarixiy shaharlarga avtomobil yo‘llari bilan bir qatorda temir yo‘l orqali ham qulay safar qilish mumkinligi ma’lum qilingan.
“Yilning barcha faslida ertalab va kechqurun Toshkentning bosh vokzalidan Buxoro va Samarqand yo‘nalishida qulay tezyurar “Afrosiyob” poyezdlari qatnaydi. Maksimal tezligi 230 km/soat bo‘lgan ushbu poyezd Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan qariyb 600 kilometrlik masofani uch soatu 40 daqiqada bosib o‘tadi. Bu aviaparvozga nisbatan qulay va arzonroq”, – deya qayd etilgan teledasturda.
Ko‘rsatuvda Samarqand va Buxoro shaharlari Markaziy Osiyoning muhim madaniy durdonalari sifatida e’tirof etilgan.
“Buxoro shahri 2500 yildan ortiq tarixga ega. Eski shahar markazida Buxoroning eng diqqatga sazovor yodgorliklaridan biri – 1127 yilda qurilgan Minorai Kalon joylashgan. Uning balandligi 47 metr, poydevori esa 10 metrni tashkil etadi”, – deya ma’lumot beriladi manbada.
Samarqand haqida so‘z yuritilar ekan, uning 2750 yillik tarixga ega ekani, dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sifatida asrlar davomida turli bosqinlar va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘lganiga qaramay, o‘zining betakror va ertaknamo ulug‘vorligini saqlab qolgani ta’kidlangan.
Teledasturning yana bir muhim jihati – unda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi tarixiy va me’moriy obidalar bilan bir qatorda, milliy hunarmandchilik, urf-odatlar, milliy taomlar hamda mamlakatning turli hududlaridagi go‘zal tabiat manzaralari haqida batafsil ma’lumot berilganidir.
Ko‘rsatuvda O‘zbekistonning mehmondo‘stligiga ham alohida urg‘u berilgan.
“Sayyoh sifatida qayerga bormang, xoh mehmon uylarida, xoh bozorlar yoki shunchaki ko‘chada mahalliy aholi bilan uchrashsangiz, samimiy mehmondo‘stlik va iliqlikni his qilasiz”, – deydi “EBS” telekanali ijodiy guruhi.
Umuman, Janubiy Koreyaning yetakchi telekanallaridan biri bo‘lgan “EBS” orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiati, milliy taomlari, mehmondo‘stligi va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng auditoriyaga namoyish etilgani mamlakatimizning ushbu davlat sayyohlik bozoridagi jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati