Savdo haqida shariatimiz ko‘rsatmalari, savdogarlik mas’uliyati va fazilatlari, bugungi kunda bozorlarimizda kuzatilayotgan ayrim noshar’iy masalalarning fiqhiy yechimlari haqida mushtariylarimizga ma’lumot berish maqsadida “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Is'hoqjon BЕGMATOV bilan suhbat uyushtirdik.
– Muhtaram ustoz, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Savdogarlik qilinglar, xalqning rizqlari 10 qismdir, 9 qismi savdogarlikda, ya’ni sotmoqda va olmoqdadir”, deganlar (Imom Abu Nu’aym rivoyati). Ushbu hadisi sharifdan xalq risqining ko‘p qismi savdoda ekani, savdogarlikning muhim kasbligi anglashiladi. Shunga ko‘ra suhbatimizni shariatimizda bu borada kelgan oyat va hadislardan boshlasak.
— Bismillohir rahmonir rahim. Islom dini insonlar o‘rtasidagi munosabatalarda adolatli, insofli, halol bo‘lishni talab etadi. Bular orasida savdo-sotiq ham alohida ahamiyat kasb etadi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Alloh savdoni halol, riboni harom qildi” (Baqara surasi, 275-oyat).
Savdo ilmini chuqur egallagan, o‘z davrining katta tijoratchisi bo‘lgan Umar (roziyallohu anhu) aytadi: “Dinda faqih bo‘lmagan, savdo konun-koidalarini bilmagan kishi bozorda savdo qilmasin” (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisda kishilar savdoga tegishli bo‘lgan qonun-qoida, ya’ni halol va xarom, shubhali narsalar singari shariat ilmlarini bilmasdan turib savdo qilmasliklari qat’iy aytilmoqda. Sababi ilmsiz savdogarning maqsadi faqatgina moddiy manfaat ko‘rish bo‘lib, buning uchun yolg‘on gapirish, kishi haqiga xiyonat qilishdan ham toymaydi.
– Ustoz, savdogar mahsulotini turli “yo‘llar” bilan chiroyli ko‘rsatib, xaridor zarariga bo‘lsa-da sotishi mumkinmi?
– Ba’zida bozorlarimizda ayrim “ishbilarmonlar”ning mayizni turli ximikat va ranglar, hatto kul, sement kabi inson organizmi uchun zararli vositalar bilan bo‘yab sotayotganiga yoki ho‘l mevalarning ustini artib, xaridorga idish tagidagi – sifatsizidan berayotganiga guvohi bo‘lamiz.
Muqaddas dinimizda savdogar o‘z mafaatini ko‘zlab, xaridorga zarar yetkazishi mutlaqo qoralanadi. Shuningdek, savdogar mahsulotining sifatlisini maqtab, sifatsizini sotishi mumkin emas. Har qanday holatda molining aybini aytib sotishi kerak. Xaridor o‘ziga yoqqan molni olishi kerak. Ammo ho‘l mevani sotish jarayonida artilgan va artilmaganlariini farqli narxlarda sotish mumkin.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! Bir-biringizning molingizni nohaq yo‘llar bilan yemang. O‘zganing molini faqat rozi bo‘lib savdo qilish bilan olgach, yeyishingiz mumkin” (Niso surasi, 29-oyat).
Ulamolarimiz shariatga xilof bo‘lgan barcha yo‘lni nohaq (botil) yo‘l deyishgan. Bunga jumladan, firibgarlik, qalloblik, tarozidan urish, sudxo‘rlik, zo‘ravonlik, qaroqchilik, manapoliya qilib olish kabi illatlar kiradi.
Bu borada janobi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ummatlariga bir ibratni ko‘rsatganlar. U zot (alayhissallam) bir kuni bozorda aylanib yurganlarida bug‘doy sotib turgan kishining bug‘doyiga muborak qo‘llarini tiqib ko‘rsalar, uning tagi nam ekan. Shunda: “Bu qanday bo‘ldi?” deb sotuvchiga e’tiroz bildirdilar. Sotuvchi esa: “Hozir yomg‘ir yog‘ib o‘tgan edi, shuning uchun nam tekkanini tagiga qo‘ygan edim”, deb uzr aytdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga: “Nam tekkani ustida turavermaydimi? Kim xiyonat qilsa, bizdan emas!” dedilar.
Savdo nihoyatda mas’uliyatli ish. Yomg‘ir yog‘ib o‘tganda usti ochiq idishdagi bug‘doyga yomg‘ir tekkanu birozdan so‘ng chiqqan quyosh birpasda bug‘doyning ustini quritgan, tagi esa nam bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) savdogarga ana shuni ham ko‘rsatib qo‘yishini aytdilar.
– Ko‘pincha savdogarlarning xaridor yoki tanishlariga: “Manavi molni olib ketavering pulini topganda berasiz”, “Ataganingizni beravering” degan gaplarini eshitib qolamiz. Molni nasiyaga va noma’lum narxga sotish masalasi haqida ham aytsangiz?
– Shariatimizga ko‘ra siz ta’kidlagan birinchi holat, ya’ni nasiyaga savdo qilganda mol narxi aniq va muddatli bo‘lishi zarur. Aksincha bo‘lsa savdo bog‘lanmaydi. Bunda savdogar qisqa, xaridor esa cheksiz muddatni tushunadi. Natijada o‘rtada ixtilof kelib chiqishi mumkin. Shuningdek, bozorlarda o‘zaro tanishlar o‘rtasida tez-tez quloqqa chalinadigan ikkinchi holat – ko‘nglingizdan chiqarib bering, deyish ham noto‘g‘ri. Bunday holatda xaridor ma’lum miqdordagi pulni savdogar qo‘liga tutqazib roziligini olishi lozim.
– Savdogar xaridorning tashqi ko‘rinishiga qarab moliga xohlagan narxni qo‘yib sotishi mumkinmi?
– Fiqhiy jihatdan savdogar xaridorni aldamasdan moliga istagan narxni qo‘yib sotishi halol, ammo bu himmatga to‘g‘ri kelmaydi.
Xalqimizda: “Insofi borning barakasi bor”, degan naql bor. Xaridor molni rozi-rizolik bilan olsa, ham savdogarni duo qiladi, ham uning doimiy xaridoriga aylanadi.
Ulamolar: “Savdogar moli ustiga uzog‘i bilan o‘n foiz miqdorida narx qo‘yishi mumkin”, deb aytadi.
Ba’zi savdogarlar molini boy odamga qimmat, kambag‘alga arzon narxda sotadi. Xaridorning moliyaviy holatini e’tiborga olib narx-navoni oshirish yoki kamaytirishga shariatimiz ruxsat beradi. Negaki, boy kishi uchun mol narxining ahamiyati yo‘q, balki sifatli bo‘lsa, ko‘ngliga yoqsa xarid qilaveradi. Kambag‘al uchun esa o‘sha mol ehtiyoj vositasiga aylangan.
Savdogar xaridorning ko‘nglini olish, moliga nisbatan ishonchini oshirish uchun xushomad qilishi mumkin. Ammo yolg‘on ishlatmasin. Misol uchun, Turkiyada ishlab chiqarilgan molni boshqa joyniki demasdan maqtab sotaversin.
Bugungi kunda ko‘plab xizmat ko‘rsatuvchi korxona va firmalar xaridor ko‘nglini olishga katta e’tibor bilan qaramoqda. Misol uchun, ular xaridor do‘konga kirishi bilan yaxshi joyga o‘tirish uchun taklif qilinadi. Kofe yoki choy damlab beriladi. Xizmatchilar xaridorga kerakli narsalarni uning oldiga olib keladi yoki barcha xaridni o‘zlari qilib berishadi.
– Bayram kunlari imkon qadar mol narxini arzonlashtirish, qurb yetsa ehtiyojmandlarga narsalaridan bepul ulashish savdogarlarga xos fazilatlardan. Shu o‘rinda bir mulohaza. Savdogarlar oddiy xalq doimiy ehtiyoji bo‘lgan mahsulotlarni arzonlashtirib, boylar iste’mol qiladigan narsalarni qimmatroq narxda sotaverishi mumkin. Bu shariatimizga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, non, shakar, yog‘ kabi kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxini tushirish, ikra, kivi, banan kabi chetdan keladigan mahsulot va mevalarning narxini ko‘tarish mumkin. Chunki hamma dengiz mahsulotlari yoki chetdan keladigan mevalarni iste’mol qilishi shart emas. Shunda oddiy turmush kechiradigan kishilarga yanada yengillik bo‘ladi.
– Kishilar turli salohiyatga ega. Bir kishining puli yoki moli bor, ammo uni sotish yoki sotib olishga uquvi yo‘q. Ayrim odamlar gapga usta, sotish qobiliyati bor. Bunday holatda vositachilarga ehtiyoj tug‘iladi. Shu o‘rinda dallolik kasbi haqida ham to‘xtalsangiz...
– Dallollik – halol kasb. Ammo dallol ishiga yolg‘on aralashtirmasligi, sotuvchi va xaridor o‘rtasida xolis bo‘lishi lozim.
Xalqimiz ma’naviy merosida afandi obrazi bilan bog‘liq ko‘plab latifalar bor. Ularning tag zamirida shariat hukmlari yashiringan. Jumladan, bir latifada afandi sigirini sotish uchun bozorga olib boradi. Bozorda uning yoniga bir dallol kelib, sigiringizni o‘zim sotib beraman, deya afandining roziligini oladi va undan hech narsa so‘ramay turib, bu sigir falon zotli, har yili egiz tug‘adi, kuniga falon litr sut beradi, sutining folon qismi qaymoq bo‘ladi, deb maqtab ketadi. Shundan so‘ng ularning atrofida xaridorlar ko‘payib, sigirning narxi oshib ketadi. Afandi dallolning gaplarini eshitib, savdoni to‘xtatadi. Sigirimning bunday yaxshiligini bilmagan ekanman, uni sotmayman, deb uyiga qaytarib olib ketadi.
Bu latifani zohiran tushingan odam afandi dallolning yolg‘on gapirganini bilmadimi, deyishi mumkin. Yo‘q, u hamma narsani bilib turibdi. Afandi savdoga yolg‘on aralashib, botil (nohaq) bo‘lgani, agar biror xaridor dallolning gapiga ishonib sigirni olsa savdo fosiq bo‘lishini bilib, darhol buning oldini oldi. Bu yerda afandi faqh, biluvchi obraz.
– Domla, shariatimizda halollikni shior qilgan, savdo ilmini yaxshi o‘zlashtirgan savdogarning martabasi qanday?
– Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Rostgo‘y, omonatli tijoratchi nabiylar, rostgo‘ylar va shahidlar bilan birgadir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Rostgo‘y, omonatdor savdogarlarning darajasi payg‘ambarlar, rostgo‘y va shahidlar bilan teng ekan. Dinimizda savdogarlik odamlarga ko‘p manfaat yetkazadigan kasb sifatida maqtaladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ham savdo bilan shug‘ullanganlar. Hazrati Usmon (roziyallohu anhu) o‘z davrining eng katta savdogari bo‘lib, u kishining maqsadi molu dunyo orttirish emas, balki uni Alloh yo‘lida sarflash bo‘lgan. Masalan, Madinada ocharchilik yuzaga kelgan paytda Allohdan savob umidida katta karvondagi molini xalqqa bepul tarqatadi. Ulug‘larimizdan ibrat olib savdogarlar tijoratidan foydalanib, ikki dunyosi uchun xayrli ish qilib qolishlari lozim.
– Ustoz, mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Alloh taolo dinimiz rivoji uchun yana uzoq yillar xizmat qilishingizga O‘zi muvaffaq aylasin.
– Omin. Niyatlaringiz o‘zingizga ham hamroh bo‘lsin. Yaratgan egam barchamizni hidoyat yo‘lida sobitqadam, risqu ro‘zimizni haloldan topishda yoru madadkor bo‘lsin.
Bahriddin XUSHBOQOV
suhbatlashdi.
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati