Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

FIRIBGARLIK – OG‘IR GUNOH

13.01.2020   5621   2 min.
FIRIBGARLIK – OG‘IR GUNOH

“Firib” so‘zi fors tilida aldash, yo‘ldan ozdirish, makr-hiyla, ma’nolarini bildiradi. Shu ishni qilgan yoki buni kasbga aylantirib olgan kimsani esa firibgar deyiladi. Aldov, firibgarlik, o‘g‘rilik shu qadar keng tarqaldiki, u kirib bormagan joy, u kirib bormagan soha qolmadi: imtihonlarda, tijoratda va hatto nikoh munosabatlarida ham odamlar yolg‘onni keng ishlatishmoqda.

Islomda aldov, firibgarlik, birovni chuv tushurish, savdo-sotiqda aldamchilik kabi illatlar qoralangan. Sir emaski, keyingi vaqtlarda ba’zi kishilar odamlardan qarzga yoki sherikchilikka, deb pul olib, oxir-oqibat uni qaytarmay o‘rtada nizo chiqishi, yaqin kishilar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketish holatlari kuzatilmoqda. Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug‘ullanish joiz. Biroq, olgan qarzini paysalga solmay qaytarish, sherikchilikda esa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlar ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam:  “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushurish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘ziga talofat yetkazadi” , -deganlar (Imom Buxoriy rivoyati)

Savdo-sotiq vaqtida xaridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish eng og‘ir gunohdir. Qo‘yidagi hadis bunga ochiq dalil bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam don sotayotgan odamning yonidan o‘tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo‘l tiqib ko‘rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nimasi?”, deb so‘radilar. Sotuvchi: “Ey Rasululloh, unga yomg‘ir tegibdi”, dedi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Uni ustiga chiqarib qo‘ymaysanmi, odamlar ko‘rar edi”, dedilar va “Kim bizni aldasa, u bizdan emas”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).

 

Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   97549   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari