“Firib” so‘zi fors tilida aldash, yo‘ldan ozdirish, makr-hiyla, ma’nolarini bildiradi. Shu ishni qilgan yoki buni kasbga aylantirib olgan kimsani esa firibgar deyiladi. Aldov, firibgarlik, o‘g‘rilik shu qadar keng tarqaldiki, u kirib bormagan joy, u kirib bormagan soha qolmadi: imtihonlarda, tijoratda va hatto nikoh munosabatlarida ham odamlar yolg‘onni keng ishlatishmoqda.
Islomda aldov, firibgarlik, birovni chuv tushurish, savdo-sotiqda aldamchilik kabi illatlar qoralangan. Sir emaski, keyingi vaqtlarda ba’zi kishilar odamlardan qarzga yoki sherikchilikka, deb pul olib, oxir-oqibat uni qaytarmay o‘rtada nizo chiqishi, yaqin kishilar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketish holatlari kuzatilmoqda. Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug‘ullanish joiz. Biroq, olgan qarzini paysalga solmay qaytarish, sherikchilikda esa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlar ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushurish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘ziga talofat yetkazadi” , -deganlar (Imom Buxoriy rivoyati)
Savdo-sotiq vaqtida xaridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish eng og‘ir gunohdir. Qo‘yidagi hadis bunga ochiq dalil bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam don sotayotgan odamning yonidan o‘tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo‘l tiqib ko‘rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nimasi?”, deb so‘radilar. Sotuvchi: “Ey Rasululloh, unga yomg‘ir tegibdi”, dedi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Uni ustiga chiqarib qo‘ymaysanmi, odamlar ko‘rar edi”, dedilar va “Kim bizni aldasa, u bizdan emas”, dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida "Vaqf" xayriya jamoat fondining Namangan viloyati filiali tomonidan ezgu tashabbus amalga oshirildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tavsiyasiga asosan, viloyatning turli hududlaridan kelgan, boquvchisini yo‘qotgan va mehrga muhtoj 35 nafar bolajon uchun sunnat to‘yi tashkil etildi.
Tadbir tafsilotlari:
– Har bir to‘y bolasiga homiylar tomonidan velosiped, kostyum-shim va bayramona sarpolar hadya qilindi.
– Bolajonlar va ularning yaqinlari uchun bayram dasturxoni yozilib, unutilmas va ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
– Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov ishtirok etib, bu xayrli ishga hissa qo‘shgan homiylarga minnatdorlik bildirdi va farzandlar kamolini so‘rab duo qildi.
Bu kabi savobli tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati