Dunyoda globallashuv jarayonlari jadallik bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda manfaatlar to‘qnshuvi mintaqa, millat va din tanlamas illatlarni yuzaga chiqarmoqda.
Ana shunday illat va insoniyat oyog‘iga bolta bo‘lib urilayotgan razolat ekstremizm va terrorizm deb atalmoqda. Bu illatlarni nima deb atashimizdan qat’iy nazar,qaysidir tashkilot yoki tuzulmalarning manfaati uchun xizmat qilishini yaxshi bilishimiz darkor.
Ekstremizm “keskin harakat qilish” degan lug‘aviy ma’noni bersa, istilohiy ma’nosi “aholi orsida o‘z aqiydaviy fikrlarini murosasizlarcha singdirishga urinish”dir. Uning xavfli tomoni ming yillardan beri xalqimiz orasida amal qilib kelinayotgan aqidaviy ahkomlar va urf odat va an’analarni rad etib, o‘zlarining manfaatlariga mos keluvchi aqidalarini singdirishlaridir. Bunday buzuq aqida esa musulmonni “kofir”, davlatni “kufr davlati” va bunday jamiyat “kufr jamiyati” degan qarashlarni singdirishga qaratilgandir. Aqidaning bunday tarzda buzilishi esa haqiqiy mo‘minni kofirlikda ayblab qonini to‘kishga fatvo berishga qaratilganligi bilan xavflidir. Bunday qarashlar esa o‘z navbatida terrorizm kabi o‘ta xavfli illatga zamin paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Terrorizm qo‘rqitish, vahima solish va jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarishga qaratilgan xatti-harakatlardir. Bugun dunyoda bu balodan aziyat chekmagan birorta davlat yo‘q desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘z manfaati yo‘lida hech narsadan tap tormaydigan tuzilmalar o‘z g‘arazli maqsadlariga erishish yo‘lida yoshlardan foydalinishni ko‘zda tutganlar.
So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog‘ida o‘zini jarangdor nomlar bilan atab olgan terroristik tashkilotlar go‘yoki islom ravnaqi yo‘lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ‘ibot-tashviqot keng ko‘lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da’vosida urush bo‘layotgan hududlarga borib, ushbu guruh safiga borib qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Afsuski, yoshlar muayyan qismi bunday buzg‘unchi oqimlarni haqiqatda ham Islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o‘rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Bunday fikrlovchilar Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bunday yoshlar yuqorida qayd etilgan hududlarda insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go‘yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a’zolarining maqsadlari — “jihod”, “hijrat”, “shahidlik” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta’siridan chiqarish, o‘qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg‘oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo‘natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Alloh dedi: “Uch (kishi) borki, Qiyomat kuni men ularga xusumatchiman: Mening nomim bilan (ahd) berib, keyin xiyonat qilgan kishi; hur odamni sotib, pulini yegan kishi; ishchi yollab, undan (ishni) to‘la talab qilib olib, haqqini bermagan kishi”.
Go‘yoki “hijrat” savobini olamiz deb da’vo qilayotganlar ba’zi adashgan yurtdosh yoshlarimiz yuqoridagi kabi onakush va odamfurushlardan o‘rnak olmoqchimi?
Qur’oni Karimda aynan shunday holatlar haqida “Zulm qilganlarga moyil bo‘lmanglar. Yana sizni do‘zax olovi tutmasin...” (“Hud” surasi, 113-oyat), deyilgan. Hozir butun dunyo ulamolari terrorchi guruhlarning Islomga umuman aloqasi yo‘q ekani haqida fatvo bermoqdalar. Jumladan, Butun dunyo Islom ulamolari kengashi raisi Yusuf Qarazoviy: “Biz ulamolar buzg‘unchilarga qarshi kurashmog‘imiz zarur. Hozir ekstremistik tashkilotalr tarkibida aldangan yoshlar juda ko‘p. Ular “kofirlarga qarshi jihod qilyapmiz, orzuimiz jannat”, deyishyapti-ku, ammo musulmonlarni qatl etib, og‘ir gunohga botmoqda. Biz bunday nobakorlikning oldini olishimiz darkor”, deb ta’kidlagan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda: “Haqiqiy muhojir Alloh va Rasuli qaytargan narsadan hijrat qilgan (qaytgan) musulmondir” deb marhamat qilganlar. Islom dini Vatanga xiyonat, qotillik, buzg‘unchilik, o‘zini o‘zi o‘ldirish, o‘zgalarga zum qilish, ota-onaga oq bo‘lish kabilardan qaytaradi.
“Jihod” so‘zi lug‘atda kishining o‘z maqsadiga erishish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solib, qattiq harakat kilishi ma’nosini anglatadi. Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat kilayotgan o‘smir mujtahid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.
Istilohda dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasini shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshirishni anglatadi. Kishining o‘z vatanini bosqinchilardan, isyonkorlardan himoya qilishi ham ayni jihoddir. Hadisda insonning o‘z nafsi yomonliklariga qarshi turishi, yaxshiliklarga intilishi katta jihod ekanligi ta’kidlanadi. Imom Buxoriy rahimahulloh rivoyat kilgan hadisda aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayxi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.
Adashgan va buzg‘unchi oqimlarga a’zo bo‘lgan kishi qonuniy jazoga tortilishi yoki “hijrat” da’vosida xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalar esa boquvchisiz qoladi;
jamiyatda an’anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim o‘rin tutgan milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yo‘qotishi oqibatida ma’naviyat pasayadi;
ekstremistik va terroristik harakatlar sodir etilishi orqali jamiyatda “yovuzlik chegarasi” pasayib, odamlar qotillik, qiynoq, bosqinchilik, garovga olish, qulchilik kabi jinoyatlarga ko‘nikib qoladi. Ayni chog‘da, ushbu yovuzliklar jamiyatning muayyan qismida vahima uyg‘otadi, qochoqlar oqimi paydo bo‘ladi;
terrorizm va ekstremizm, ular oqibatida kelib chiqadigan ijtimoiy beqarorlik jamiyatda kriminal jinoyatlarning avj olishiga xizmat qiladi;
davlat tomonidan xavfsizlik choralarini ko‘rish uchun budjet mablag‘larini sarflashi, shuningdek, terroristik harakat oqibatida ko‘rilayotgan moddiy zarar jamiyatga iqtisodiy jihatdan katta zarar yetkazadi. Natijada ishsizlik oshadi, ijtimoiy muhofazaga yo‘naltirilgan loyihalar bajarilmay qoladi, aholining turmush darajasi pasayadi;
mamlakatning taqdiri iqtisodiy donor va qurol-aslaha sotuvchi davlatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Jamiyatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar orasidan qo‘llarini qonga belab, o‘z ona-yurtiga qurol o‘qtalish darajasidagi manqurtga aylanib qolayotgan kishilarning chiqishi bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini taqozo qilmoqda. U yerlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o‘qtalib o‘z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag‘dag‘a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar.
Alloh taolo Qur’oni karimda insonlarni boshqalarga ozor va aziyat berishdan qaytarib, “Mo‘min va mo‘minalarga, ular biror narsa qilmasalar ham, ozor beradiganlar, batahqiq, o‘z ustlariga ochiq bo‘hton va gunohni olibdilar”, deb marhamat qiladi. (Ahzob surasi, 58-oyat).
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: “Nimaga kulyapsizlar?” dedilar. “Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz”, deyishdi. U zot: “Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas”, dedilar.
Yana Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam “Musulmon musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir”, deb marhamat qiladilar.
Imom Termiziy Abu Sirmadan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqat tug‘dirsa, Alloh uni mashaqqatga qo‘yadi”, deganlar.
“Mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyurarlar, yomonlikdan qaytararlar, namozni to‘kis ado etarlar, zakotni berarlar hamda Allohga va Uning Rasuliga itoat qilarlar. Ana o‘shalarga Alloh tezda rahm qilur. Albatta, Alloh g‘olib va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 71-oyat).
“Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne’matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki hidoyat topsangiz” (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, mo‘minlar bir birlari bilan aka ukadirlar. Qanday qilib aka o‘z ukasiga yomonlik qiladi yoki kofirlikda ayblab, uning joni va moliga tajovuz qiladi. Quyidagi hadisi sharifda mo‘minlar go‘yoki bir jonli jasadning a’zolari kabi ekani aytiladi.
Sahoba No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Mo‘minlarni o‘zaro bir-birlariga do‘stlikda, mehribonlikda va yaxshilik ko‘rsatishdagi misollari, go‘yoki bir jasad kabidirki, uning bitta a’zosi betoblikdan og‘risa, qolgan a’zolari bedor va notinch bo‘ladi” (Imom Buxoriy va muslim rivoyati).
Q.Iskandarov
Bog‘ot tumani “Abdol bobo” masjidi imom xatibi
"...Ogoh bo‘ling, Allohni eslash bilan qalblar orom oladi" (Ra’d surasi, 28-oyat).
"Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod etaman..." (Baqara surasi, 152-oyat).
"...Allohni ko‘p eslovchi erkaklar va (Allohni ko‘p) eslovchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir" (Ahzob surasi, 35-oyat).
"...Ey imon keltirganlar! Alloh doim yodingizda bo‘lsin" (Ahzob surasi, 41-oyat).
"Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin!.." (Munofiqun surasi, 9-oyat).
"Biron narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko‘rmang! Illo, "Inshaalloh (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Robbingizni zikr qiling (ya’ni, "inshaalloh", deng) va: "Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa", deng!" (Kahf surasi, 23-24-oyatlar).
"...(Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgan, saharda) ham, Unga tasbeh ayting!" (Tur surasi, 48-49-oyatlar).
"Ey imon keltirganlar! Biron to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko‘p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz!" (Anfol surasi, 45-oyat).
Sahih hadisda aytiladi: "Parvardigorini eslovchi bilan eslamaydigan odamning o‘xshashi huddi tirik bilan o‘lik kabidir".
Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: "Yolg‘iz holda qolganlar o‘zib ketdilar", dedilar. Sahobalar: "Ular kimlar, ey Allohning elchisi", deb so‘rashdi. Shunda u zot: "Allohni ko‘p eslaydigan erkaklar va ko‘p eslamaydigan ayollardir", deb javob berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: "Sizlarga amallardan eng afzalining xabarini beraymi? Bu amal Rabbingiz oldida eng pok, sizlar uchun oltin-kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq, dushmanga, yo‘liqib, g‘azot qilishdan ham afzalroqdir", dedilar. Sahobalar: "Ha, ayting, yo Allohning elchisi", deyishdi. U zot: "Bu (amal) Allohni eslashdir", deb javob berdilar.
Yana bir hadisda: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Allohning elchisi, Islom buyurgan amallar menga ko‘plik qilmoqda. Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Shuning uchun men mahkam ushlashim kerak bo‘lgan amalni ayting", dedi. Shunda u zot alayhissalom: "Tiling doim Allohning zikri bilan nam bo‘lsin", dedilar.
"O‘kinma" kitobidan