Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

“Vahshiy”ni kechirolmagan ona

10.01.2020   5185   3 min.
“Vahshiy”ni kechirolmagan ona

Abu Dasama Vahshiy ibn Harb al-Habashiy roziyallohu anhu ziddiyatli hayot yo‘li bilan Islom tarixida alohida iz qoldirgan sahobiylardan.  Vahshiy Quraysh zodagonlaridan Jubayr ibn Mut’imning qora tanli quli edi. Uhud jangi boshlanishidan oldin Jubayr Vahshiyga: “Hamzani o‘ldirsang, seni ozod qilaman”, deydi. O‘sha paytlar musulmon bo‘lmagan Abu Sufyonning xotini Hind ham Badrda o‘ldirilgan otasi va amakisining intiqomi uchun Vahshiyga mukofot va’da qiladi.

Vahshiy nayzani nishonga bexato urish borasida tengsiz edi. Nayzasini olib, qo‘shin ortidan yo‘lga chiqdi.

Uhudda bir toshning panasiga yotib olib, Hamzani kuzata boshladi. Hazrat Hamza maydonda na’ra tortib jang qilardi. Vahshiy payt poylab turib, nayzasini otdi va hazrat Hamzani shahid qildi...

Qonli jang nihoyasiga yetgach, qurayshiylar Makkaga qaytishdi. Jubayr so‘zining ustidan chiqib, Vahshiyni qullikdan ozod qildi. Ammo u bu bilan ham baxtiyor va xotirjam bo‘la olmadi. U jonini saqlab qolish uchun Toifga qochdi. Ammo Toifliklar ham tez orada Islom ne’mati bilan sharaflanishdi. Bu uning yuragiga umid uchqunlarini tashladi. Nihoyat, Vahshiy ibn Harb ham iymon keltirib musulmon bo‘ldi.

Alloh taoloning irodasi va belgilagan taqdiri tufayli u Uhud kunida Hamza ibn Abdulmuttolibdek ulug‘ sarkardani o‘ldirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qalblarini qonga bo‘yagan bo‘lsada, keyinchalik Yamoma kuni soxta «payg‘ambar» Musaylimatul Kazzobni qatl qilib, musulmonlar qalbidagi yaraga malham qo‘ygan edi. Tarixchilar uning haqida «Bu kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyingi eng yaxshi odamni… va eng yomon odamni ham o‘ldirgan» deb yozishgan.

Vahshiy umrining nihoyasigacha pushaymonlikda «Men Islomning eng yaxshi, ulug‘ kishisini o‘ldirib qo‘ygan edim, keyinchalik uning eng katta dushmanini ham o‘ldirdim», degan taskin bilan yashadi...

Hazrat Vahshiy ibn Harb hazrat Usmon davrida vafot etdi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!

Mashhur “Risola” filmida “Vahshiy” rolini Libiyalik Aliy Solim Qadoma o‘ynagan. Aliy aslida aktyor bo‘lmagan. U oddiy elektr muhandisi bo‘lib, Risola filmining rejessyori Mustafo Aqqod kelib tushgan mehmonxonada ishlagan. Vahshiy roliga munosib aktyorni uzoq izlagan rejissyor, bir kuni  Aliyni ko‘rib qoladi va uni ushbu rol uchun taklif qilgan. Aliy Vahshiy rolini mohirona o‘ynagan.

Aliyning keyinchalik muxbirlarga bergan intervyusiga ko‘ra, film namoyishidan so‘ng uning keksa onasi o‘g‘lini Allohning sheri Hamza roziyallohu anhuni qatl qilgani uchun uydan haydab solgan va ona bolalik aloqasini uzgan. Aliy har qancha urinib onasi bilan oralarini isloh qila olmagan. Oxir oqibat o‘rtaga diniy arboblar tushib, onaizorga bu shunchaki rol ekanligini, Hamza roziyallohu anhuni aslida Vahshiy qatl qilganini, o‘g‘li esa yaxshi niyatda bu rolni ijro etganini tushuntirishganidan keyin o‘g‘lini kechirgan. Ajoyib onalar bo‘lgan ekan.

Bu ham Aliyning onasini  asri saodatga bo‘lgan muhabbatini bir ko‘rinishi bo‘lsa, ajab emas.

Ammo masalaning yana bir nuqtasiga e’tibor qaratish muhim. Kim uchun bu qiziqarli ma’lumot, yana kim uchun tarixni yodga solgan bo‘lishi tabiiy.

Biroq meni boshqa jihati o‘ylantiradi: kino yo sahnadaki, yomon-salbiy holatni ijro etgan o‘g‘ildan ona ranjimoqda. Taassufki, bugun hayotda farzandini yomon yo‘lga kirishi, jinoyatga qo‘l urishi, birovning mulki, hatto joniga qasd qilishda farzandiga “yo‘l ko‘rsatuvchi” bo‘layotgan ota-onalar... Axir hayot kino emasku! Siz nima deysiz?

Rahmatillo MADAMINOV,
Qo‘shtepa tumani “Eshonguzar” masjidi imom-noibi
tayyorladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   43918   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari