Abu Dasama Vahshiy ibn Harb al-Habashiy roziyallohu anhu ziddiyatli hayot yo‘li bilan Islom tarixida alohida iz qoldirgan sahobiylardan. Vahshiy Quraysh zodagonlaridan Jubayr ibn Mut’imning qora tanli quli edi. Uhud jangi boshlanishidan oldin Jubayr Vahshiyga: “Hamzani o‘ldirsang, seni ozod qilaman”, deydi. O‘sha paytlar musulmon bo‘lmagan Abu Sufyonning xotini Hind ham Badrda o‘ldirilgan otasi va amakisining intiqomi uchun Vahshiyga mukofot va’da qiladi.
Vahshiy nayzani nishonga bexato urish borasida tengsiz edi. Nayzasini olib, qo‘shin ortidan yo‘lga chiqdi.
Uhudda bir toshning panasiga yotib olib, Hamzani kuzata boshladi. Hazrat Hamza maydonda na’ra tortib jang qilardi. Vahshiy payt poylab turib, nayzasini otdi va hazrat Hamzani shahid qildi...
Qonli jang nihoyasiga yetgach, qurayshiylar Makkaga qaytishdi. Jubayr so‘zining ustidan chiqib, Vahshiyni qullikdan ozod qildi. Ammo u bu bilan ham baxtiyor va xotirjam bo‘la olmadi. U jonini saqlab qolish uchun Toifga qochdi. Ammo Toifliklar ham tez orada Islom ne’mati bilan sharaflanishdi. Bu uning yuragiga umid uchqunlarini tashladi. Nihoyat, Vahshiy ibn Harb ham iymon keltirib musulmon bo‘ldi.
Alloh taoloning irodasi va belgilagan taqdiri tufayli u Uhud kunida Hamza ibn Abdulmuttolibdek ulug‘ sarkardani o‘ldirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qalblarini qonga bo‘yagan bo‘lsada, keyinchalik Yamoma kuni soxta «payg‘ambar» Musaylimatul Kazzobni qatl qilib, musulmonlar qalbidagi yaraga malham qo‘ygan edi. Tarixchilar uning haqida «Bu kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyingi eng yaxshi odamni… va eng yomon odamni ham o‘ldirgan» deb yozishgan.
Vahshiy umrining nihoyasigacha pushaymonlikda «Men Islomning eng yaxshi, ulug‘ kishisini o‘ldirib qo‘ygan edim, keyinchalik uning eng katta dushmanini ham o‘ldirdim», degan taskin bilan yashadi...
Hazrat Vahshiy ibn Harb hazrat Usmon davrida vafot etdi. Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!
Mashhur “Risola” filmida “Vahshiy” rolini Libiyalik Aliy Solim Qadoma o‘ynagan. Aliy aslida aktyor bo‘lmagan. U oddiy elektr muhandisi bo‘lib, Risola filmining rejessyori Mustafo Aqqod kelib tushgan mehmonxonada ishlagan. Vahshiy roliga munosib aktyorni uzoq izlagan rejissyor, bir kuni Aliyni ko‘rib qoladi va uni ushbu rol uchun taklif qilgan. Aliy Vahshiy rolini mohirona o‘ynagan.
Aliyning keyinchalik muxbirlarga bergan intervyusiga ko‘ra, film namoyishidan so‘ng uning keksa onasi o‘g‘lini Allohning sheri Hamza roziyallohu anhuni qatl qilgani uchun uydan haydab solgan va ona bolalik aloqasini uzgan. Aliy har qancha urinib onasi bilan oralarini isloh qila olmagan. Oxir oqibat o‘rtaga diniy arboblar tushib, onaizorga bu shunchaki rol ekanligini, Hamza roziyallohu anhuni aslida Vahshiy qatl qilganini, o‘g‘li esa yaxshi niyatda bu rolni ijro etganini tushuntirishganidan keyin o‘g‘lini kechirgan. Ajoyib onalar bo‘lgan ekan.
Bu ham Aliyning onasini asri saodatga bo‘lgan muhabbatini bir ko‘rinishi bo‘lsa, ajab emas.
Ammo masalaning yana bir nuqtasiga e’tibor qaratish muhim. Kim uchun bu qiziqarli ma’lumot, yana kim uchun tarixni yodga solgan bo‘lishi tabiiy.
Biroq meni boshqa jihati o‘ylantiradi: kino yo sahnadaki, yomon-salbiy holatni ijro etgan o‘g‘ildan ona ranjimoqda. Taassufki, bugun hayotda farzandini yomon yo‘lga kirishi, jinoyatga qo‘l urishi, birovning mulki, hatto joniga qasd qilishda farzandiga “yo‘l ko‘rsatuvchi” bo‘layotgan ota-onalar... Axir hayot kino emasku! Siz nima deysiz?
Rahmatillo MADAMINOV,
Qo‘shtepa tumani “Eshonguzar” masjidi imom-noibi
tayyorladi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati