Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2026   |   19 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:14
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:12
Bismillah
02 Avgust, 2026, 19 Safar, 1448

Takfirchilik – eng og‘riqli muammo

09.01.2020   5965   6 min.
Takfirchilik – eng og‘riqli muammo

Mazhabboshimiz Imomi A’zam rahimahullohning “Fiqhul akbar” kitobida bunday yozilgan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo‘lsa ham, basharti uni halol deb e’tiqod qilmagan bo‘lsa, undan imon ismini olib tash­lamaymiz, uni haqiqiy mo‘min deb atayveramiz, uni fosiq mo‘min deb atash mumkin, faqat kofir emas”.

«Kufr» so‘zi lug‘atda «o‘rash», «to‘sish» kabi ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa ikki xil ma’noda keladi: biri dinda, ya’ni, Alloh va Uning rasuliga itoatsizlik, ikkinchisi, in’om etilgan ne’matni mensimay, inkor etishni anglatadi. Masalan, Qur’oni karimda «kufr» lafzi bir necha o‘rinlarda kelgan bo‘lib, ba’zi oyatlarda «mutlaq kufr» zikr etilib, Islom dinidan chiqishgacha bo‘lgan holatlar nazarda tutilsa, ba’zi o‘rinlarda shunchaki cheklov yoki to‘xtamlarni o‘z ichiga oladi.

Shu bois olimlar kufrni ikkiga, ya’ni katta va kichik turga bo‘lganlar. Kichik kufr amaliy hisoblanib, Kitob va sunnatda «kufr» deb nomlangan gunohlarni o‘z ichiga oladi. Biroq ular dindan chiqaruvchi haqiqiy kufr darajasiga yetmaydi, balki kufroni ne’mat, noshukr­likni nazarda tutadi. Masalan, Ibrohim surasining 34-oyatida “kufr” so‘zidan “noshukrlik” ma’nosi iroda qilingan: «…Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir».

Kichik kufr hadisi sharifda ham kelgan: «Mendan keyin bir-biringizni bo‘yningizga qilich soluvchi kofir bo‘lmanglar». Ulamolar kichik kufr dindan chiqarmaydi va amallarni bekor (habata) qilmaydi, lekin amallarni nuqsonli qiladi hamda u orqali banda azobga duchor bo‘ladi, deganlar.

Katta kufr esa istilohda haqni berkitish, ya’ni imonning ziddini bildiradi. Jumladan, imon keltirish shart bo‘lgan narsalardan birini inkor etish katta kufrdir. Katta kufr kishini dindan chiqaradi.

Takfir esa asossiz sabablar bilan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarishdir. Musulmonni kofir deyish juda xatarli masala bo‘lib, oqibati yomon ishdir. Ulamolar ijmosi bilan kufr hisoblangan so‘z mutlaq «kufr»dir. Mo‘min imon asoslarini inkor etish bilangina dindan chiqadi. Kufr kalimasini aytgan kishiga «kofir» hukmini berishning shartlari bor. Dindan chiqqan musulmon kofir sanaladi va u «murtad» deb ataladi. Murtadlik quyidagilardan birortasini qasddan bajarish orqali yuzaga keladi: kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilish; botil aqidaga e’tiqod qilish; so‘z yoki amali bilan kofir bo‘lishni niyat qilish; Islomdagi qat’iy, mutavotir yo‘l bilan farz qilingan amallardan birini inkor qilish.

Imom Abu Mansur Moturidiyning qarashlari karromiylar, jahmiylar, mu’taziliylar, qadariylar va rofiziylarning aynan mazkur masala yoki u bilan bog‘liq bo‘lgan imon va amal, gunoh va gunohkorning holati, mo‘minlik va kofirlik bilan bog‘liq qarashlariga bergan raddiyalarida namoyon bo‘ladi. Jumladan, «Kitobut tavhid» asarida Imom Moturidiy «aslida sof diniy e’tiqoddagi ta’limotni bilish oson ish emas» ekanini uqtiradi. Alloma takfir masalasida mu’taziliylarning gunoh bois imonning zavol topishi, shuning uchun osiy mo‘min kofir bo‘lib, do‘zaxda abadiy qolishi haqidagi qarashlarini rad etadi va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan fikrlarini bayon qiladi.

Asarda mazkur masalalar keng yoritilgan. Alloma musulmonga kofir hukmini berishda haddan oshgan firqalarning qarashlariga raddiyalar bergan va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan qarashlarini Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan dalillagan. Jumladan, asarda quyidagilar bayon qilingan: «Gunohi kabira qilgan kishi to‘g‘risida murjialar: “Mo‘minning imoniga gunohi kabira zarar qilmaydi”, desalar, xorijiylar: “gunohi kabira qilgan musulmon imondan chiqadi, kofir bo‘ladi”, deydilar». Imom Moturidiy esa ularni rad etib, Yusuf surasining: «Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur», (87-oyat) oyatini dalil qilib keltiradi. Gunohi kabira borasida Imom Moturidiy ahli sunnaning e’tiqodini bayon qilib aytadiki: «Mo‘min fosiq bo‘lsa, unga tavba vojib bo‘ladi. Qur’oni karimda: “(Ey Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir”, deyilgan» (Zumar surasi, 53) oyatni hujjat qilib keltiradi.

Ahli sunna ulamolari ittifoqiga ko‘ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan kishi qilgan ishini halol sanamas ekan, hargiz kofir bo‘lmaydi va u banda do‘zaxda abadiy qolmaydi.

Yuqorida sanab o‘tilganlar oqimlar da’vo qilayotgan soxta g‘oyalar ahli sunna val jamoa e’tiqodiga mutlaqo ziddir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qibla ahlidan biror kishini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofirga chiqarmaslikka buyurganlar. Sahobai kiromlar ham qibla ahlining hech birini kofirga chiqarmaganlar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Qachon kishi o‘z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o‘shandoq bo‘ladi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni, haligi odam kofir bo‘lmasa, uni kofir degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi.

Hanafiy ulamolar esa kishining kofirligiga to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lib, unday emasligiga bitta dalil topilsa, o‘sha bitta dalil olinishi lozimligini aytadilar.

Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh esa: “As'hoblarimizdan hech kim qibla ahlidan bo‘lgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan. Bir narsani vojib yoki harom deyish, birovga savob yoki azob berish, birovni kofir yoki fosiq deb hukm qilish Allohning ishidir», deganlar.

Xulosa qilib aytganda, xorijiylar, mu’taziliylar kabi firqalar tomonidan takfir masalasi ahli sunna val jamoa e’tiqodiga zid tarzda talqin qilingan. Hozirgi kunda Islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli oqimlar musulmonlarni qilgan amali bois ko­firga chiqarish orqali o‘zlarining jinoyatlarini oqlamoqdalar. Biroq bularning bari dinimiz ta’limotiga ziddir.

Raufjon RASHIDOV,

mustaqil tadqiqotchi

 

“Hidoyat” jurnalining 12-sonidan olindi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi

30.07.2026   12805   1 min.
Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi

Bugun, 30 iyul kuni Toshkent shahrida Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Davlat rahbarining qutlovini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov yetkazdi.


Prezident o‘z tabrigida ushbu ayyom yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil yashab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani eng katta boyligimiz ekani qayd etildi.


Tabrikda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan g‘oya asosida millatlararo munosabatlar sohasi yangi bosqichga ko‘tarilgani aytib o‘tildi. Bugungi kunda yurtimizda 153 ta milliy madaniy markaz va 36 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda, ta’lim 7 tilda olib borilib, OAVda 12 va 14 tillarda ko‘rsatuv va nashrlar yo‘lga qo‘shilgan.


Shuningdek, davlat rahbari madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida professional «Do‘stlik» ansamblini tashkil etish hamda «Alisher Navoiy» telekanalini yangi formatda yo‘lga qo‘yish rejalarini ma’lum qildi.


Tabrik yakunida Prezident yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini uqtirib, sihat-salomatlik va ezgu ishlarda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi
O'zbekiston yangiliklari