Mustaqillik sabab barcha jabhalar qatorida Islom ma’rifatining rivoji, musulmonlarning diniy ibodat va marosimlarini emin-erkin ado etishlari uchun qulay sharoitlar bo‘ldi. Ana shunday imkoniyatlarni, O‘zbekistondagi tinchlik va osoishtalikni ko‘rolmayotgan hasadgo‘y kimsalar aholi orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish, fitna chiqarish maqsadida, «bu diyorda diniy erkinlik yo‘q, ibodat qiluvchilar ta’qib ostida, islomiy bilim olish cheklangan” degan uydirmalarni internet saytlarida tarqatishmoqda.
Terrorizm va ekstremizm insoniy me’yorlar, umuminsoniy qadriyatlar va axloqiy fazilatlarga qarshi qaratilgani uchun eng og‘ir va vahshiyona jinoyat hisoblanib kelgan. Eng achinarlisi, bunday g‘oyalar ta’siriga yoshlarning jalb etilishi tashvishlanarli holdir. Farzandlarimizni turli hil oqimlarning g‘oyalariga aldanmasliklari, fitnalarga berilmasliklarini oldini olish, ularni muhofaza qilish hammamizning burchimizdir.
Fuqaholarimiz, sigir sog‘ayotganda tirnoqni olib, sog‘moqlik lozim, deya hatto hayvonot olamiga ham ozor bermaslikka targ‘ib qilganlar. Islom dini insoniyatga, jamodot va hayvonotga ham ozor bermaslikka choralagan. Qur’oni karim mehr-muruvvat, o‘zaro hamkorlik, dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikka chorlab, kishilarni jamiyatda doimo tinch va totuv yashashga undagandir. Mana shuni xalqimizga yetkazish, tushuntirish barchamizga vojibdir. Yoshlar ongini bunday zararli illatlardan muhofaza qilish uchun samarali usullar ishlab chiqish bugungi kun ta’lim sohasining dolzarb vazifasiga aylangan.
2000 yil 15 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Uning 5-moddasida: “Terrorchilik faoliyatining oldini olish davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa profilaktik choralar majmuini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi” deya ta’kidlangan. Shu qonunning 6-moddasida esa “davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlariga ko‘maklashadilar va zarur yordam beradilar” deb belgilangan. “Muassasalar” deganda biz ta’lim muassasalarini ko‘zda tutishimiz lozim. Demak, bundan terrorchilik faoliyatining oldini olish ta’lim muassasalarida pedagogik profilaktik choralar majmuini kuchaytirish orqali amalga oshirish darkor. Bugungi kunda ta’lim muassasalari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri kelajak avlodni komil shaxs sifatida shakllanishini ta’minlashdan iborat.
Eng nozik balog‘at davrida bola ta’lim muassasasiga o‘qishga keladi. Ana shu paytda yosh navniholni ongidagi dunyoqarashni nimaga yoki qaysi jihatga moyilligini aniqlab, shu muayyan maqsad yo‘lida rivojlantirish o‘qituvchi-pedagoglarning asosiy vazifasi hisoblanadi. Ayniqsa yoshlar ongida g‘oyaviy bo‘shliqning oldini olishning pedagogik profilaktikasini yaratish lozim. Buning uchun ta’lim muassasalarida psixologik ta’sir o‘tkazishning ahamiyatini oshirish, yoshlar ongida yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish talab qilinadi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida psixologik o‘rganish xizmatini joriy etib, turli xil qiziqishga moyil talaba-yoshlarni aniqlab, ularning dunyoqarashlarini ilmiy, diniy, axloqiy tomondan asoslab, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi bunyodkor g‘oyaga yo‘naltirishga erishmoq zarur. Ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va joylardagi vakilliklari bilan hamkorlikda talaba-yoshlar ongiga terrorizmning mudhish oqibatlari, uning domiga tushib qolganlarning ayanchli hayoti, g‘arazli niyatlarini amalga oshirishga urinayotgan “soxta salafiylar”, “hizbut-tahrir”, “akromiylar”, “nurchilar”, “jihodchilar” kabi buzg‘unchi oqimlarining asl maqsadlarini aks ettiruvchi kinofilmlar namoyishini o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida muntazam ko‘rsatib borish orqali, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini yanada oshirish lozim. Bu borada A.Tulepovning “Internetga in qurgan “o‘rgimchaklar”, “Islom va aqidaparast oqimlar”, “ISHID fitnasi” va “Internetdagi tahdidlardan himoya” nomli o‘quv qo‘llanma va asarlaridan foydalanish shart. Ushbu muhim qo‘llanmalar, kuchli vositalar, o‘quvchi-yoshlarda vayronkor g‘oyalarga qarshi ma’naviy kuch paydo qilishda juda qo‘l keladi. Bugungi globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari, ayniqsa internet yoshlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi. Shu jarayonda ta’lim dargohi rahbarlari o‘quvchi-yoshlarning darsga kelish davomati, tartib-intizomini nazoratga olishib, ularning shaxsiy texnika vositalardan oqilona foydalanishlari uchun noutbuk va netbuk kompyuterlari, zamonaviy telefon apparatlari, fleshka kabi turli uskunalardagi ma’lumotlarni muntazam ravishda tekshiruvdan o‘tkazib borishlari maqsadga muvofiqdir.
«Axborot asri» deb atalayotgan hozirgi zamonda ma’lumot olish va axborot almashishning qulay vositasi internetdir. Biroq bu tarmoqda hamma narsa aralash-quralash — oq bilan qora, ezgulik bilan yovuzlik o‘rin olgan. Ma’lumot tarqatish, biznes va reklama uchun katta maydonga aylangan global tarmoqni nazorat qilishning imkoni yo‘q.
Xalqimizda «Ogoh bo‘lgan abgor bo‘lmas!» degan naql bor. «O‘rgimchak to‘ri»da aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi saytlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday tahlikali zamonda yoshlarga faqat «uz» domenidagi saytlardan foydalanish tavsiya qilinadi.
Fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish bugungi kunda har qachongidan-da muhimdir.
F.Matyakubov
Xonqa tuman “Bobo xo‘ja bobo” masjidi imom-xatibi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati