Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

KЕLAJAKNI TЕRRORSIZ QURAMIZ

08.01.2020   4829   5 min.
KЕLAJAKNI TЕRRORSIZ QURAMIZ

Mustaqillik sabab barcha jabhalar qatorida Islom ma’rifatining rivoji, musulmonlarning diniy ibodat va marosimlarini emin-erkin ado etishlari uchun qulay sharoitlar bo‘ldi. Ana shunday imkoniyatlarni, O‘zbekistondagi tinchlik va osoishtalikni ko‘rolmayotgan hasadgo‘y kimsalar aholi orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish, fitna chiqarish maqsadida, «bu diyorda diniy erkinlik yo‘q, ibodat qiluvchilar ta’qib ostida, islomiy bilim olish cheklangan” degan uydirmalarni internet saytlarida tarqatishmoqda.

 Terrorizm va ekstremizm insoniy me’yorlar, umuminsoniy qadriyatlar va axloqiy fazilatlarga qarshi qaratilgani uchun eng og‘ir va vahshiyona jinoyat hisoblanib kelgan. Eng achinarlisi, bunday g‘oyalar ta’siriga yoshlarning jalb etilishi tashvishlanarli holdir. Farzandlarimizni turli hil oqimlarning g‘oyalariga aldanmasliklari, fitnalarga berilmasliklarini oldini olish, ularni muhofaza qilish hammamizning burchimizdir.

 Fuqaholarimiz, sigir sog‘ayotganda tirnoqni olib, sog‘moqlik lozim, deya hatto hayvonot olamiga ham ozor bermaslikka targ‘ib qilganlar. Islom dini insoniyatga, jamodot va hayvonotga ham ozor bermaslikka choralagan. Qur’oni karim mehr-muruvvat, o‘zaro hamkorlik, dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikka chorlab, kishilarni jamiyatda doimo tinch va totuv yashashga undagandir. Mana shuni xalqimizga yetkazish, tushuntirish barchamizga vojibdir. Yoshlar ongini bunday zararli illatlardan muhofaza qilish uchun samarali usullar ishlab chiqish bugungi kun ta’lim sohasining dolzarb vazifasiga aylangan.

2000 yil 15 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Uning 5-moddasida: “Terrorchilik faoliyatining oldini olish davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa profilaktik choralar majmuini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi” deya ta’kidlangan. Shu qonunning 6-moddasida esa “davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlariga ko‘maklashadilar va zarur yordam beradilar” deb belgilangan. “Muassasalar” deganda biz ta’lim muassasalarini ko‘zda tutishimiz lozim. Demak, bundan terrorchilik faoliyatining oldini olish ta’lim muassasalarida pedagogik profilaktik choralar majmuini kuchaytirish orqali amalga oshirish darkor. Bugungi kunda ta’lim muassasalari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri kelajak avlodni komil shaxs sifatida shakllanishini ta’minlashdan iborat.

 Eng nozik balog‘at davrida bola ta’lim muassasasiga o‘qishga keladi. Ana shu paytda yosh navniholni ongidagi dunyoqarashni nimaga yoki qaysi jihatga moyilligini aniqlab, shu muayyan maqsad yo‘lida rivojlantirish o‘qituvchi-pedagoglarning asosiy vazifasi hisoblanadi. Ayniqsa yoshlar ongida g‘oyaviy bo‘shliqning oldini olishning pedagogik profilaktikasini yaratish lozim. Buning uchun ta’lim muassasalarida psixologik ta’sir o‘tkazishning ahamiyatini oshirish, yoshlar ongida yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish talab qilinadi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida psixologik o‘rganish xizmatini joriy etib, turli xil qiziqishga moyil talaba-yoshlarni aniqlab, ularning dunyoqarashlarini ilmiy, diniy, axloqiy tomondan asoslab, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi bunyodkor g‘oyaga yo‘naltirishga erishmoq zarur. Ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va joylardagi vakilliklari bilan hamkorlikda talaba-yoshlar ongiga terrorizmning mudhish oqibatlari, uning domiga tushib qolganlarning ayanchli hayoti, g‘arazli niyatlarini amalga oshirishga urinayotgan “soxta salafiylar”, “hizbut-tahrir”, “akromiylar”, “nurchilar”, “jihodchilar” kabi buzg‘unchi oqimlarining asl maqsadlarini aks ettiruvchi kinofilmlar namoyishini o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida muntazam ko‘rsatib borish orqali, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini yanada oshirish lozim.  Bu borada A.Tulepovning “Internetga in qurgan “o‘rgimchaklar”, “Islom va aqidaparast oqimlar”, “ISHID fitnasi” va “Internetdagi tahdidlardan himoya” nomli o‘quv qo‘llanma va asarlaridan foydalanish shart. Ushbu muhim qo‘llanmalar, kuchli vositalar, o‘quvchi-yoshlarda vayronkor g‘oyalarga qarshi ma’naviy kuch paydo qilishda juda qo‘l keladi. Bugungi globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari, ayniqsa internet yoshlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi. Shu jarayonda ta’lim dargohi rahbarlari o‘quvchi-yoshlarning darsga kelish davomati, tartib-intizomini nazoratga olishib, ularning shaxsiy texnika vositalardan oqilona foydalanishlari uchun noutbuk va netbuk kompyuterlari, zamonaviy telefon apparatlari, fleshka kabi turli uskunalardagi ma’lumotlarni muntazam ravishda tekshiruvdan o‘tkazib borishlari maqsadga muvofiqdir.

«Axborot asri» deb atalayotgan hozirgi zamonda ma’lumot olish va axborot almashishning qulay vositasi internetdir. Biroq bu tarmoqda hamma narsa aralash-quralash — oq bilan qora, ezgulik bilan yovuzlik o‘rin olgan. Ma’lumot tarqatish, biznes va reklama uchun katta maydonga aylangan global tarmoqni nazorat qilishning imkoni yo‘q.

 Xalqimizda «Ogoh bo‘lgan abgor bo‘lmas!» degan naql bor. «O‘rgimchak to‘ri»da aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi saytlar tobora ko‘payib bormoqda. Bunday tahlikali zamonda yoshlarga faqat «uz» domenidagi saytlardan foydalanish tavsiya qilinadi.

 

Fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish bugungi kunda har qachongidan-da muhimdir.

 

F.Matyakubov

Xonqa tuman “Bobo xo‘ja bobo” masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

24.08.2026   8183   1 min.
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.

“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.

Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari