O‘zbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega bo‘lib kelgan. Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki birinchi navbatda, ayniqsa yoshlar o‘rtasida, zo‘ravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozim
Sh. Mirziyoyev
Din kishilarni hamisha yaxshilikka, ezgu ishlarga chorlagan. Jumladan, ota-bobolarimizning muqaddas e’tiqodi bo‘lgan islom dini bilan birga boshqa samoviy dinlar ham yuksak insoniy fazilatlarning shakllanishiga xizmat qilgan. Din tufayli insoniyat ming yillar mobaynida boy ma’naviyati va merosi, o‘zligini omon saqlab kelgan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, odamlarning e’tiqodi va diniy hissiyotlaridan foydalanib, ekstremistlar va terrorchilar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ularning asl qiyofasini namoyon etmoqda, deyish mumkin.
Ekstremistik harakatlarning eng quyi tabaqasi ko‘pincha siyosiy tusga ega bo‘lmagan, mayda zo‘rlik va insonlar sodir etadigan unsurlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunday zo‘rlikning siyosiylashtirilishi terrorizm tomon qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ladi. Qadim o‘tmishga nazar tashlansa bunday siyosiy jarayonlar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgan ofat emas. Uning tarixi insoniyat tarixi bilan birgadir. Odam va Havoning o‘g‘illari Qobil va Xobillarning orasidagi ko‘raolmaslik, hasad natijasida ularning birini o‘z birodari tomonidan o‘ldirilishi ham dastlabki terrordir. VIII asr boshlarida arablarga qarshi kurashgan Xorazm shahzodasi Xurzod, Samarkand sultoni Mirzo Ulug‘bek ham terrorizm qurboni bo‘ldilar. 1881 yilda Rossiya imperatori Aleksandr II, 1884 yilda Fransiya Prezidenti Sadi Karno, 1990 yilda Italiya qiroli Umberto I, 1901 yilda Amerika Prezidenti Uilyan Makkeli, 1973 yilda Chili Prezidenti Salvador Alende, 1978 yilda Italiya bosh vaziri Aldo Moro, 1981 yilda Misr Arab Respublikasi Prezidenti Anvar Saodat, 1984 yilda Hindiston bosh vaziri Rajiv Gandi va o‘zbek jadidlari Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy kabi ilg‘or shaxslar ham terrorizm qurboni bo‘lgan edilar. 1937-1939 yillarda O‘zbekiston NKVDsi tomonidan 40.000 kishi qamalib, 36.800 kishi sudlandi va olti mingdan ziyod kishining qatl etilishi ommaviy terror edi.
Hayot yo‘llari bir tekis emas. Agar ortga nazar tashlansa, bunday mudhish voqealarni yana ko‘plab misol qilib keltirish mumkin. Bugungi kunda ham Yaqin sharq mamlakatlari va boshqa bir qator mamlakatlarda sodir etilayotgan qonli urushlar va qirg‘inbarotlarni ko‘rib xulosa chiqargan holda mamlakatimizni tashqi g‘arazli kuchlardan asrash va tinch, osoyishta hayotimizni qadriga yetib yashashimiz lozimligini aytib o‘tish mumkin.
Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har bir davrda mudhish jarayonlarga jamiki insoniyat qarshi kurashni amalga oshirib kelgan-ki, bugungi kunda ham bundayin diniy ekstremistik va teroristik tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan qabih hodisalarga butun dunyo hamjimiyati birgalikda kurash olib bormoqda. Mazkur sohadagi amaliy sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish maqsadida, ilg‘or xorijiy tajriba asosida 2018 yil 30 iyulda O‘zbekiston Respublikasining “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonunda ekstremizm tushunchasining mazmun-mohiyati, unga qarshi kurashishning choralari va tamoyillari, hamda bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari chuqur tahlil asosida mustahkamlangan. Qolaversa, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida «Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi» – degan edi. 2018 yilning 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi Prezidentimiz ilgari surgan tashabusning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi uslubchisi
Xurshida Usmonova
#Seminar
#Giyohvandlikka_qarshimiz
Islom dinida aqlni xiralashtiradigan, sog‘liqqa zarar yetkazadigan va insonni o‘z-o‘zini halokatga boshlaydigan har qanday zararli odatlar, xususan, giyohvandlik qat’iy qoralangan va harom qilingan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi, sog‘liqqa zarar beruvchi moddalarni iste’mol qilishdan qaytarganlar.
Binobarin, giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarni bu ofatdan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish har bir musulmonning burchidir.
2026 yil 2 iyul kuni Toshkent shahridagi muhtasham "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidining majlislar zalida o‘zgacha bir fayz va ilmu ma’rifat shukuhi hukmron bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining "Islom giyohvandlikka qarshi" deb nomlangan ilmiy-amaliy seminari yuqori kayfiyatda va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohaning zabardast vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari hamda poytaxtimizning tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari jam bo‘lishdi.
Qur’on tilovatidan so‘ng Toshkent shahar bosh imom-xatibi, yig‘ilish raisi Abduqahhor domla Yunusov tadbirni ochib berdilar.
So‘ngra Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, kotibiyat mudiri Abdumannon Karimov, Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti rahbari Ma’murjon domla Erkayevlar ishtirok etib, kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va qimmatli tavsiyalarini aytib o‘tdilar.
Aytish joizki, ma’rifat va iymon birlashgan joyda baraka, tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Poytaxtimiz imom-xatiblari bugun xalqimizga mana shu ziyoni yetkazishda eng oldingi saflarda xizmat qilmoqdalar.
Suratlar orqali mazkur yig‘ilishning eng hayajonli va fayzli daqiqalari hamda seminarning dolzarb ahamiyatini ko‘rish mumkin.
MuslimShosh.uz