Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

DINIY EKSTRЕMIZM VA TЕRRORIZMGA QARSHI KURASH

08.01.2020   15185   4 min.
DINIY EKSTRЕMIZM VA TЕRRORIZMGA QARSHI KURASH

O‘zbekiston terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurash borasida hamisha prinsipial pozitsiyaga ega bo‘lib kelgan. Bunday xavf-xatarlarga qarshi faqat kuch ishlatish usullari bilan emas, balki birinchi navbatda, ayniqsa yoshlar o‘rtasida, zo‘ravonlikni keltirib chiqaradigan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish lozim

Sh. Mirziyoyev

Din kishilarni hamisha yaxshilikka, ezgu ishlarga chorlagan. Jumladan, ota-bobolarimizning muqaddas e’tiqodi bo‘lgan islom dini bilan birga boshqa samoviy dinlar ham yuksak insoniy fazilatlarning shakllanishiga xizmat qilgan. Din tufayli insoniyat ming yillar mobaynida boy ma’naviyati va merosi, o‘zligini omon saqlab kelgan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, odamlarning e’tiqodi va diniy hissiyotlaridan foydalanib, ekstremistlar va terrorchilar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ularning asl qiyofasini namoyon etmoqda, deyish mumkin.

Ekstremistik harakatlarning eng quyi tabaqasi ko‘pincha siyosiy tusga ega bo‘lmagan, mayda zo‘rlik va insonlar sodir etadigan unsurlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunday zo‘rlikning siyosiylashtirilishi terrorizm tomon qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ladi. Qadim o‘tmishga nazar tashlansa bunday siyosiy jarayonlar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgan ofat emas. Uning tarixi insoniyat tarixi bilan birgadir. Odam va Havoning o‘g‘illari Qobil va Xobillarning orasidagi ko‘raolmaslik, hasad natijasida ularning birini o‘z birodari tomonidan o‘ldirilishi ham dastlabki terrordir. VIII asr boshlarida arablarga qarshi kurashgan Xorazm shahzodasi Xurzod, Samarkand sultoni Mirzo Ulug‘bek ham terrorizm qurboni bo‘ldilar. 1881 yilda Rossiya imperatori Aleksandr II, 1884 yilda Fransiya Prezidenti Sadi Karno, 1990 yilda Italiya qiroli Umberto I, 1901 yilda Amerika Prezidenti Uilyan Makkeli, 1973 yilda Chili Prezidenti Salvador Alende, 1978 yilda Italiya bosh vaziri Aldo Moro, 1981 yilda Misr Arab Respublikasi Prezidenti Anvar Saodat, 1984 yilda Hindiston bosh vaziri Rajiv Gandi va o‘zbek jadidlari Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy kabi ilg‘or shaxslar ham terrorizm qurboni bo‘lgan edilar. 1937-1939 yillarda O‘zbekiston NKVDsi tomonidan 40.000 kishi qamalib, 36.800 kishi sudlandi va olti mingdan ziyod kishining qatl etilishi ommaviy terror edi.

Hayot yo‘llari bir tekis emas. Agar ortga nazar tashlansa, bunday mudhish voqealarni yana ko‘plab misol qilib keltirish mumkin. Bugungi kunda ham Yaqin sharq mamlakatlari va boshqa bir qator mamlakatlarda sodir etilayotgan qonli urushlar va qirg‘inbarotlarni ko‘rib xulosa chiqargan holda mamlakatimizni tashqi g‘arazli kuchlardan asrash va tinch, osoyishta hayotimizni qadriga yetib yashashimiz lozimligini aytib o‘tish mumkin.

Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har bir davrda mudhish jarayonlarga jamiki insoniyat qarshi kurashni amalga oshirib kelgan-ki, bugungi kunda ham bundayin diniy ekstremistik va teroristik tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan qabih hodisalarga butun dunyo hamjimiyati birgalikda kurash olib bormoqda. Mazkur sohadagi amaliy sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish maqsadida, ilg‘or xorijiy tajriba asosida 2018 yil 30 iyulda O‘zbekiston Respublikasining “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonunda ekstremizm tushunchasining mazmun-mohiyati, unga qarshi kurashishning choralari va tamoyillari, hamda bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari chuqur tahlil asosida mustahkamlangan. Qolaversa, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida «Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi» – degan edi. 2018 yilning 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi                                            Prezidentimiz ilgari surgan tashabusning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan yana bir muhim qadamlardan biri bo‘ldi.                                                       

                                                             

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus

 islom ta’lim muassasasi uslubchisi

                                                                                         Xurshida Usmonova                       

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   50620   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari