Biror kasallikka yo‘liqqan kishi, bu kasalliqdan xalos bo‘lishi uchun darrov mutaxassis shifokorlarga murojaat qilishi, uning tavsiyalariga amal qilib, ayni paytda duo ham qilishi lozim. Bu duolarni bemorning o‘zi o‘qishi yoki birov unga o‘qishi mumkin. Tahoratli holda, avvalo, Fotiha surasi, so‘ngra Qur’oni karimdan shifo oyatlari o‘qiladi.
Bismillahir rohmanir rohiym. «Va yashfi suduro qovmin mu’miniyna va yuzhib g‘oyzo qulubihim». Ma’nosi: «...hamda mo‘minlar qavmi siynalariga shifo beradi va dillaridagi alamni ketkazadi» (Tavba surasi, 14–15-oyatlar).
«Ya ayyuhan-nasu qod jaatkum mav’izotun min Robbikum va shifaun lima fis-suduri va hudan va rohmatan lil-mu’miniyn».
Ma’nosi: «Ey odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Va nunazzilu minal Qur’ani ma huva shifa’un va rohmatun lil-mu’miniyn».
Ma’nosi: «(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz» (Al-Isro surasi, 82-oyat).
«Qul huva lil-laziyna amanu hudan va shifaun».
Ma’nosi: «Ayting: «(Ushbu Qur’on) imon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir» (Fussilat surasi, 44-oyat).
Bu oyatlar o‘qilgach, bunday duo etiladi: «Allohumma Robban-nasi azhibil-ba’sa, ishfi Antash-shafiy la shifa’a illa shifa’uka, shifa’an la yug‘odiru saqoman». «Yo Alloh, ey insonlarning Rabbi, kasallikni arit! Kasallikni qoldirmaydigan shifo ber. Shifo berguvchi faqat O‘zingsan. Sendan o‘zga shifo berguvchi yo‘qdir» (Abu Dovud. «Janoiz», 3107-hadis).
Allohumma ishfi ’abdaka yanka’ laka ’aduvvan av yamshi laka ila solatin.
«Yo Alloh, shu bandangga shifo ber, u Sening bir dushmaningni nobud qilsin yoxud Sening rizoligingga erishmoq uchun namoz o‘qishga yurib borsin».
«Bismillahi arqika min kulli shay’in yu’zika min sharri kulli nafsin av ’ayni hasidin. Allohumma yashfiyka, bismillahi arqika».
«Senga iztirob beruvchi hamma narsadan, har hasadgo‘y nafsdan yoxud ko‘zdan Allohning nomi ila senga shifo so‘rayman. Alloh nomi ila senga shifo so‘rayman» (Imom Termiziy. «Janoiz», 972-hadis).
O‘MI matbuot xizmati
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Haj” va “Umra” safarlarini tashkil etish va ziyoratchilarga qulay sharoitlar hozirlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xabar berganimizdek, mamlakatimizda haj mavsumi joriy yil 13 may kunidan boshlandi. (https://t.me/muslimuzportal/41370)Ayni kunlarda Madinai munavvarada ibodatlarini nihoyasiga yetkazgan yurtdoshlarimiz birin-ketin Makka shahriga yo‘l olmoqdalar.
17 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga shinam avtobuslarda yetib keldi. Bo‘lg‘usi hojilarga muqaddas shahardagi “Abroj Dana” va "Vafaq al-Saha" mehmonxonalarida zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar, gullar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom qilindi.
Mana shunday iltifotlardan ko‘ngillari ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz Alloh taologa cheksiz shukronalar aytib, ularga bo‘lgan katta ehtirom va e’tiborni nafaqat mamlakatimizda, balki olis Makka shahrida ham chin dildan his etishdi.
Shu kunlarda ushbu muqaddas shaharda toat-ibodatlarini ado etayotgan yurtdoshlarimiz har qadamda davlatimizning g‘amxo‘rligini his qilib, o‘z duolarida yuritimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilamoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati