Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizda kadrlar muammosi borligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, bu masalani tag zaminidan o‘rganish va hal etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida mislsiz islohotlar boshlandi.
Avvalo, maktabgacha ta’lim tizimi rivojlantirilib, poydevor mustahkamlandi. O‘quv dargohlariga, pedagoglarga e’tibor kuchaydi. Oliy ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu tizimlarni 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyalar ishlab chiqildi.
Bilimli bolalarni aniqlab, chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitish, talab yuqori bo‘lgan sohalarga yo‘naltirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktab shunday ta’lim maskanlaridan yana biridir.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili mazkur maktabni qurishga doir loyihalar bilan tanishgan edi. Yaqinda poytaxtimiz Toshkentda ushbu zamonaviy dargoh foydalanishga topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan mazkur bilim muassasasini kelib ko‘rdi.
Maktabda keng sharoitlar, fan kabinetlaridan tashqari darslar hamda fakultativ mashg‘ulotlarni innovatsion usullarda o‘tish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan. Artel, UCell, ZTE va Huawei kompaniyalarining maxsus sinflari ochilgan.
Shavkat Mirziyoyev ushbu sinflar, ulardagi muhit, asbob-uskunalar bilan tanishdi, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
– Hamma ishlarimiz, islohotlarimiz O‘zbekistonning ertangi kuni uchun. Kelajagimiz zamini esa – siz, yoshlar. Ko‘zlaringdan ko‘rib turibman: sizlar bilimli, Vatanimizga munosib farzand bo‘lib yetishmoqchisizlar. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratib beramiz, – dedi Prezident.
Mutasaddilarga shu kabi ilg‘or binolar andozasi asosida maktablarning qurilish loyihalarini o‘zgartirish, metodologiyani mustahkamlash orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
– Al-Xorazmiy bobomizga dunyo hozirgacha qoyil qoladi. Bugungi texnologiyalar, dasturiy mahsulotlarga u yaratgan algoritm asos bo‘lgan. Siz bundan faxrlanishingiz, buyuk ajdodimizdek qunt bilan o‘qib, doim izlanishingiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari yoshlarga.
Maktabda o‘quvchilar zamonaviy mobil va kompyuter dasturlarini o‘rganishi, o‘z ustida ishlab, tajriba oshirishi uchun robototexnika va sanotexnika xonalari, innovatsion va virtual laboratoriyalar tashkil etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu bilim dargohida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi IT-park bo‘linmasini tashkil etish, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham shunday markazlar ochib, bu sohaga qiziqqan yoshlarga keng sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi bilgan bola ko‘chada bekor yurmaydi, o‘zining ishi bo‘ladi. Yoshlarimizni shunday bilimli mutaxassislar etib tarbiyalasak, oilasiga, davlatga nafi tegadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilda maktabning 5-11 sinflariga 680 nafar o‘quvchi matematika va chet tili sinovlari asosida qabul qilindi. Pedagogik jamoaga Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Hindistondan o‘qituvchilar jalb etilgan.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.
“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.
Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.
“Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.
“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati