Bugun muborak juma kuni yurtimiz musulmonlari uchun munosib tuhfa o‘laroq O‘zbekistondagi masjidlar soni yana bittaga ko‘paydi. Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida “Abdulloh ibn Muborak” jome masjidi ro‘yxatdan o‘tkazilib, faoliyat yurita boshladi.
Qorovulbozor tumanida shu vaqtgacha masjid yo‘q edi. Bugungi kunda tumanda 19 000 aholi istiqomat qiladi. Aholining ko‘p qismi jamoat namozlarini ado etish uchun tumandan 50 km masofada joylashgan Kogon tumanidagi masjidlarga qatnar edi. Bu albatta ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirar, ayniqsa keksalar uchun mushkul holat edi. “Tumanimizda ham masjid bo‘lsa edi”, deya orzu qilishar edi.
Nihoyat bu borada qilingan hatti-harakatlar, urinishlar zoye ketmadi. Aholining bir necha bor qilgan murojaatlari inobatga olinib, mahalliy hokimlik tomonidan masjid qurilishi uchun “Tinchlik” mahallasi hududidan yer ajratildi.
Xalq hashari yo‘li bilan bu joyda zamon talablariga javob beradigan va namozxonlar uchun qulay sharoitlarga ega 450-500 kishilik sig‘imga ega bo‘lgan masjid qurildi. Tegishli hujjatlar tayyorlanib, viloyat adliya boshqarmasidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida guvohnoma olindi. Masjidga islom olamidagi ulug‘ tobeinlardan biri “Abdulloh ibn Muborak” nomi berildi.
Bugun, 27 dekabr kuni masjidda ilk bor juma namozi ado etildi. Shukrona sifatida elga osh dasturxoni yozildi. Marosimga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar domla Qayumov, ulamolar, imom-xatiblar tashrif buyurib, hudud aholisini yangi masjid bilan muborakbod etdilar.
Qishloq aholisining sevinchi cheksiz. Tillari-yu dillari shukronada, duoda. Ko‘p yillik armonlar bugun barham topdi. Endi ularning ham o‘z masjidlari, imom-xatiblari bor. Qorvulbozorda yana azon baralla yangradi. Haq taoloning rahmatlari azon sadolari yetib borgan joylargacha sakinat ila nozil bo‘ldi, go‘yo. Bu azon hudud aholisi uchun najot chaqirig‘i, ma’rifat, tarbiya, ilohiy rahmatning da’vati bo‘lib qaytib keldi. Zero masjidlardan Alloh taoloning rahmat nurlari taralib turadi. Ibodat, ma’rifat, birodarlik maskani bo‘lib, musulmonlar e’tiqodini mustahkamlashga, axloqining go‘zallashishiga, yomonliklardan uzoqda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Muhammadnazar domla Qayumov masjid jamoasiga muftiy hazratlarining tabriklari, ezgu tilaklari, duoi xayrlarini yetkazdilar. Masjidlarni barpo etish, obod etishning ulug‘ ajri haqida so‘zlab berdilar. Ayniqsa zarurat bo‘lgan ana shunday chekka joylarda qurilishi ayni muddao ekanligini bildirdilar. Bu joyda toat-ibodatlar, solih amallar, Qur’oni karim tilovati qiyomatga qadar davom etishini tiladilar. Shuningdek, tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan mutasaddilar, ezgu niyatli kishilar haqqiga duolar qilindi.
Shu bilan O‘zbekistondagi masjidlar soni 2066 taga yetdi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘zida 10 ta yangi masjid ochilib, faoliyat yurita boshladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Islomning barcha – beshala ruknini ham bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik – alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. Bu yil yurtimizdan 15 mingdan ziyodroq fuqaro ana shunday sharafga ega bo‘ldi.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Bugun, 14 iyul kuni poytaxtimizdagi «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi majlislar zalida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov, «Nuroniy« jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov, Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatxo‘ja Mahmudxo‘jayev, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etdi.
– Hojilarga katta ishonch bildirib, ular ma’naviyat targ‘ibotchilaridir, – deydi DIQ raisi birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov. – Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan. Shunday ekan, har bir hojiga o‘z hududidagi imom-xatib ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishlari zarur. Chunki hojilarning so‘zlari ta’sirchan bo‘ladi. Farzandlarimizning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishda ularning xizmatidan foydalanishimiz kerak. Hojilarimizning sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshadi.
Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali hojilarimiz jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lmoqdalar.