Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Abul Mu’in An-Nasafiy – buyuk olim

27.12.2019   3796   10 min.
Abul Mu’in An-Nasafiy – buyuk olim

Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdu lillahi robbil alamin. Vassolatu vassalamu ala rosulihi muhammadin va ala alihi va as'habihi ajmaiyn. Amma ba’du.

Abul Mu’in An-Nasafiyning to‘liq ismi – Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamad ibn Muhammad ibn Makhul ibn Al-Fazl An-Nasafiy bo‘lib, u zot Abu Mansur Al-Moturidiydan keyingi Moturidiy aqidaviy mazhabi ulamolarining eng mashhuri, Moturidiyning fikrlarini birinchi bo‘lib yoqlab chiqqan ulamolardan sanaladi. Ash’ariya aqidasida Boqilloniy, G‘azzoliy va Ar-Roziy qanday o‘rin tutsalar, Moturidiya aqidasida Abul Mu’in An-Nasafiy shunday muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, Ash’ariya mazhabida Ash-Shahristoniyning kitoblari qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, An-Nasafiyning kitoblari Moturidiy mazhabida shunchalik muhim manba sanaladi.

Abul Mu’in An-Nasafiy Muturidiy mazhabini batafsil sharhlab uning keng yoyilishiga katta xissa qo‘shish bilan bir vaqtning o‘zida, Moturidiya aqidasiga qarshi bo‘lgan Mo‘tazila, Jahmiyya, Karromiyya, Botiniyya kabi oqimlarning fikriga qarshi raddiyalar bergan olim hisoblanadi.

Abul Mu’in An-Nasafiy bir qancha kitoblar ta’lif etgan bo‘lib, “Tabsiratul adilla”, “At-Tamhid fi ilm at-tavhid” va “Bahrul kalom” shulardan eng mashhurlari sanaladi. Abul Mu’in An-Nasafiy haqida Abdul Qodir Al-Qurashiy “Al-Javohir ul muziyya fi tabaqotil hanafiyya” asarida, Abdul Hay Al-Laknaviy “Al-Favoidul bahiyya fi tarojumi al-hanafiyya” asarida, Ibn Qutlubg‘o “Toju at-tarojum” kitobida, Al-Kafaviy “Katoibu a’lomul axyor min fuqahoi mazhabi An-Nu’mon al-muxtor” asarida, Hoji Xalifa “Kashfuz zunun an asomiy al-kutub val funun” asarida zikr qilib o‘tganlar.

Abul Mu’in An-Nasafiyning birinchi ustozi otasi Muhammad ibn Muhammad bo‘lib, u zot ham zamonasining yetuk ulamolaridan sanalgan. Abul Mu’in otasidan Abu Hanifaning “Al-olim val mutaallim” kitobini rivoyat qilganlari manbalarda zikr etilgan. Shuningdek, katta bobolari Abul Ma’oliy Mu’tamad ibn Muhammad ham o‘zining otasidan rivoyat qilgani hamda Abu Sahl Al-Isfaroyiniydan ilm olgani, undan “Axboru Makka” kitobini rivoyat qilgani manbalarda kelgan. Demak, Abul Mu’in An-Nasafiyning ilmiy salohiyati uning ota bobolaridan meros bo‘lib kelgan deyish mumkin.

Abul Mu’in An-Nasafiyning shogirdlari qatorida Abu Bakr Alouddin As-Samarqandiy, Ahmad ibn Muhammad ibn Abu al-yusr Al-Pazdaviy, Abu Bakr Mas’ud Al-Koshoniy, Najmuddin Umar An-Nasafiy, Abul Hasan al-Balxiy, Mahmud as-Sog‘archi va boshqalarni zikr qilish mumkin.

Abul Mu’in An-Nasafiy hijriy V-VI asrda, ilm-fan rivoj topgan davrda yashab, ijod etdi. O‘sha vaqtda Abbosiylar davlati ilmga keng yo‘l ochib berganligi sababli har sohada zabardas olimlar yetishib chiqqan, ayni paytda turli oqimlar va mafkuralar ham ko‘payib ketgan davr edi. Aynan shu holat Abul Mu’inning fikri teranlashishiga, natijada Ahli sunna val jamoa aqidasiga muxolif bo‘lgan firqalarga raddiya sifatida kalom ilmiga oid bir qancha kitoblar ta’lif qilishiga sabab bo‘ldi.

Abul Mu’in An-Nasafiyning tavallud topgan sanalari haqida ikki xil ma’lumot mavjud. Az-Zirikliy  “Al-A’lom”da 418 hijriy sana degan, Umar Rizo Kahola “Mu’jam al-muallifin”da bunga qo‘shilgan bo‘lsa, Ibn Qutlubug‘o 508 yilda Zulhijja oyining yigirma beshinchisida yetmish yoshida vafot etgan, degan. Bundan 438 hijriy sanada tavallud topgani kelib chiqadi. Ikkala sananing qaysi biri haqiqat ekanligi borasida aniq ma’lumot yo‘q. Ehtimol, arab tilida yetmish va to‘qson so‘zlari faqatgina nuqtalarining o‘rni almashishini e’tiborga olmaganda bir xil yozilishi olimning tavallud sanasidagi tafovutni keltirib chiqargan bo‘lsa ajab emas.

Abul Mu’in An-Nasafiy insoniyat risolatga (ya’ni, unga payg‘ambar yuborilishiga) muhtoj ekanligini bayon qilishga katta e’tibor qaratganlar va buni isbotlashga va inkor qiluvchilarga raddiya berishga erishganlar. Quyida shu haqda qisqacha zikr qilib o‘tamiz:

  • Aqli raso kishilar orasida joriy bo‘lgan urfga ko‘ra odamlar o‘zaro bir-birlari bilan maslahatlashib, gohida hamfikr, gohida ixtilof qilib turadilar. Natijada ular o‘zaro fikr almashib ma’rifat hosil qiladilar, birlari boshqalarini kamolotiga sabab bo‘ladilar. Mana shu holat aqlning vahiyga muvofiq ekanligini anglatadi.
  • Fe’l (ish harakat) - vojib bo‘lishi ham, man qilingan bo‘lishi ham yoki shu ikkisining o‘rtasida bo‘lishi ham mumkin. Aql aynan avvalgi ikkitasiga to‘xtaladi. O‘rtadagisi ustida to‘xtalmaydi. Chunki uning oqibati yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi mumkin. Aql esa, oqibatning yaxshi yoki yomon bo‘lishini oldindan bilishga qodir emas, chunki u maxfiydir.
  • Aql ham maxluq (yaratilgan) bir narsadir. Boshqa maxluqotlarga yetgani kabi unga ham gohida ofat yetishi bor. Shuning uchun vahiysiz faqat aqlning o‘ziga suyanish va e’timod qilish durust emas.
  • Vahiy aqlning ko‘makchisidir. Zero, u aqlga yengillik beradi, uning og‘irini yengillashtiradi. Bu esa, behikmat emas.
  • Vahiy Mun’im (ne’mat beruvchi zot)ga shukr qilish kayfiyatini o‘rgatadi. Chunki, bu narsani aqlning o‘zi bilan bilish mahol.
  • Payg‘ambarlarning yuborilishi insoniyatga Alloh taoloning fazli va marhamatidir.

Ma’lumki, aqida masalasi eng hassos masala hisoblanadi. Shu bois, e’tiqodga oid masalada bahs yuritishga faqat aqoid ilmidan yetarli darajada ilmga ega bo‘lgan kishigina haqli hisoblanadi. Zero, ilmsizlik bilan e’tiqodiy masalalarda so‘z so‘zlashga jur’at qilish insonni dunyo-yu oxiratini barbod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. E’tiqodiy masalalar avvalo, naqliy dalillar bilan sobit bo‘ladi. Ya’ni, nimani qanday deb e’tiqod qilish to‘g‘ri va lozim ekanligini Alloh taolo va Uning Payg‘ambari bayon qiladi, aql esa, uni qanday bayon qilingan bo‘lsa, shundayligicha tasdiqlamog‘i lozim bo‘ladi. Bordi-yu aql uni o‘zicha idrok etishga urinsa, zalolatga ketishi muqarrardir. Bu borada Hazrati Ali karramallohu vajhahuning ushbu purhikmat so‘zlarini eslash o‘rinlidir: “Din naql bilan sobit bo‘ladi, aql bilan emas. Agar aql bilan sobit bo‘lganida tahorat olish vaqtida mas'hni mahsining ustiga emas, balki ostiga tortish durust bo‘lar edi”.

Tarixda o‘tgan aqidaparast oqimlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilinsa, oqim asoschilarining barchasi ham e’tiqodiy masalalarda asosan aqlni peshlaganliklari, naqliy dalillarni to‘g‘ri anglashga ilmlari yetarli bo‘lmagan holda, ularning zohiriy ma’nolari va aqliy dalillar asosida o‘z e’tiqodlarini shakllantirganlari ma’lum bo‘ladi. Natijada, asli bir oqimdan tarqagan boshqa ko‘plab oqimlar oxir oqibat bir-birlarining e’tiqodlarini inkor etganlar. Shu tariqa o‘zlarini Islomga nisbat beruvchi buzuq e’tiqoddagi oqimlarning soni ortib borgan.

Jahmiya oqimining asoschisi Jahm ibn Safvon Allohni idrok etish borasida aqlga shu darajada erk berdiki, oxir oqibat Alloh taoloni ma’dum, ya’ni mavjud emas degan e’tiqod uning aqlini chulg‘ab oldi va qirq kun davomida ushbu shubha ostida namoz o‘qishni ham tark etdi. So‘ngra Allohni yo‘q deyishga botinolmay, uning barcha sifatlarini inkor etgan holda “Alloh mutlaq vujuddir” degan aqidani “kashf” etdi. Marisiya oqimi asoschisi Bishr Marisiy esa, sajda qilganida “subhana rabbiyal a’lo” (oliy rabbim pokdir) deyish o‘rniga “subhana rabbiyal asfal” (tuban rabbim pokdir) degan. Bunday e’tiqod qilishiga sabab Payg‘ambar s.a.v.ning: “Bandaning Allohga eng yaqin bo‘ladigan vaqti sajdadagi holatidir” degan hadislarini zohiran talqin qilganidir. Shu tariqa barcha aqidaparast oqimlar ham asoschilarining aynan e’tiqod borasida aqlga haddan tashqari erk berishlari natijasida vujudga kelgan.

Mustaqillikning ilk yillarida xalqimiz diniy ta’limga chanqoq bo‘lib turgan bir vaqtda Islom diniga oid qanday adabiyot yoki ta’lim maskani yo bo‘lmasa har qanday targ‘ibot va tashviqotni birdek maqbul ko‘rib, ularning to‘g‘ri-noto‘g‘ligining farqiga bormasdi. Oradan shuncha vaqt o‘tib, shu davr mobaynida din niqobi ostida harakat qilgan aqidaparast oqimlarning asl maqsadlari fosh bo‘ldi, kirdikorlaridan xalqimiz voqif bo‘ldi. Demoqchimizki, xalqimiz din omilidan g‘arazli maqsadda foydalanuvchi kuchlar ham bor ekanligi haqida umumiy tasavvurga ega bo‘ldi. Natijada, aqidaparst oqimlar, din niqobi ostidagi ekstremistik kuchlar kabi tushunchalar muqobilida sof islom, ma’rifiy islom degan tushunchalar ham iste’molimizga kirib keldi. Mafkuraviy kurashlar avj olib, ekstremistik ruhdagi oqimlar harakati yanada keskinlashib borayotgan hozirgi davrda xalqimizni, xususan yoshlarimizni mavjud aqidaparast oqimlarning buzuq e’tiqodlaridan ogoh etish, ularni bunday bid’atchi oqimlar haqida batafsil ma’lumotlar bilan qurollantirish, ta’bir joiz bo‘lsa oqimlarga qarshi ularning immunitetini oshirish zarurati yuzaga keldi.

Binobarin, bundan qariyb o‘n asr muqaddam yashagan buyuk vatandoshimiz Abul Mu’in an-Nasafiy qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros nafaqat o‘z zamoni uchun, balki hozirgi davrda ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, har tomonlama chuqur o‘rganishga loyiq.

Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlarining “Tabsirat al-adilla” (Dalillar bayoni) nomli asarlari bugungi kunda yot oqimlarga qarshi kurashda va ularning soxta da’volariga raddiya berishda ulkan ahamiyat kasb etishini inobatga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan ushbu asar tarjima qilinib, nashr etilgan.

Kelajakda bu kabi ko‘plab yangi manbalar ulamolarimiz tomonidan tarjima va nashr qilinib xalqimizga taqdim etiladi deb, umid qilib qolamiz. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

 raisining birinchi o‘rinbosari

H.Ishmatbekov.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

20.08.2026   42719   6 min.
O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

Bugun aziz Vatanimizning har bir farzandining yuragi hapqirib turibdi. Negaki, biz Ona-yurtimizning eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini, O‘zbekiston Respublikasi istiqlolini qo‘lga kiritganining 35 yillik shodiyonalarini katta tantana qilayapmiz. 

Jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning diniy qadriyatlari, milliy an’analari nihoyatda bisyor, beqiyos va betakror bo‘lsa-da, qutlug‘ ayyom arafasida dorilomon kunlarga yetkazgani uchun yana va yana shukr qilish maqsadida bu yil Mustaqilligimizni 35 yilligini nishonlayotganimiz uchun faqat 35 tasinigina zikr qilmoqchimiz:

 

 

  1. Oila muqaddasligi – jamiyatning mustahkam asosi.
  2. Ota-onaga hurmat – ota-onani e’zozlash va ularning xizmatlarini qadrlash.
  3. Mehmondo‘stlik – mehmonni ochiq chehra va ochiq ko‘ngil bilan kutib olish.
  4. Mehnatsevarlik – halol mehnat va kasb-hunarni qadrlash.
  5. Kattalarga hurmat – oqsoqollar va nuroniylarni e’zozlash.
  6. Tinchliksevarlik – tinch-totuv hayotga intilish.
  7. An’analarni asrash – milliy urf-odat va udumlarni saqlash hamda davom ettirish.
  8. Ma’naviyat – yuksak axloq va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat.
  9. Poklik – uyda, kiyimda, tanada va ko‘ngilda ozodalikka rioya qilish.
  10. Dasturxon saxovati – mehmonni saxovat va mehr bilan kutib olish.
  11. Qo‘shnichilik qadriyatlari – mahallada ahillik va o‘zaro yordam.
  12. Yordamga tayyorlik – yaqinlar va muhtojlarga muruvvat ko‘rsatish.
  13. Kamtarinlik – odobli va kamtarona hayot kechirish.
  14. Yosh avlodga g‘amxo‘rlik – farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor berish.
  15. Ayollarga hurmat – ona, rafiqa, opa-singillarni qadrlash.
  16. Ta’limga intilish – ilm olish va bilimni qadrlash.
  17. Or-nomus – halollik va vijdon bilan yashash.
  18. Marosimlarga rioya – milliy marosim va oilaviy udumlarni e’zozlash.
  19. So‘zga sodiqlik – va’daga vafo qilish.
  20. Matonat va sabr – qiyinchiliklarga bardosh bilan yondashish.
  21. Hunarmandchilikni qadrlash – milliy hunar va ustachilik an’analarini asrash.
  22. Tabiatga mehr – yer, suv va atrof-muhitni avaylash.
  23. Bag‘rikenglik – turli millat, din va madaniyat vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.
  24. Odob-axloq – yuksak muomala madaniyatiga amal qilish.
  25. Milliy bayramlarni e’zozlash – Navro‘z, hayitlar va Mustaqillik bayramini qadrlash.
  26. Adolat – halollik, tenglik va qonun ustuvorligini qadrlash.
  27. Milliy musiqa va raqslar – ajdodlardan meros bo‘lgan san’atni asrash.
  28. Til va madaniyatni asrash – o‘zbek tili va milliy merosni e’zozlash.
  29. Vatanparvarlik – Vatanni sevish va uning ravnaqiga hissa qo‘shish.
  30. Millatlararo totuvlik – turli millat va elat vakillari o‘rtasida ahillikni mustahkamlash.
  31. Jamoaviylik – hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik.
  32. Minnatdorchilik – qilingan yaxshilikni qadrlash.
  33. Ustozga hurmat – ustozlarni e’zozlash va ularning mehnatini qadrlash.
  34. Milliy kiyimlar – milliy madaniyat va odob timsoli sifatida qadrlash.
  35. Ajdodlarga hurmat – tarixiy meros va milliy ildizlarni e’zozlash.

* SIZ yana qo‘shishingiz mumkin...

*** ENG  muhimi:  yo‘qotib qo‘yishdan oldin  ularning  QADRIGA  yetish !!!

 

  1. Qur’oni karim oyati karimalari;
  2. Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadisi shariflari;
  3. dinimiz asoslari;
  4. shariatimiz ahkomlari;
  5. sharqona odoblarimiz;
  6. mazhabimiz me’yorlari;
  7. jamiyatshunoslik aloqalari;
  8. odamgarchilik munosabatlari;
  9. insoniy tuyg‘ular;
  10. ruhshunoslik sir-asrorlari;
  11. yurtimiz urf-odatlari;
  12. o‘zbekchilik qoidalari;
  13. madaniyatimiz axloqlari;
  14. insoniy aql va axloqiy normalar;
  15. dono maqollarimiz;
  16. milliy an’analarimiz;
  17. diniy qadriyatlarimiz;
  18. xalqimiz ong-tafakkuri;
  19. millatimiz mentaliteti,
  20. an’anaviy falsafasi;
  21. o‘zbek xalqining ilg‘or qadriyatlari;
  22. ulug‘larimiz hikmatlari;
  23. dono xalqimiz dunyoqarashi;
  24. musulmonchiligimiz ko‘rsatmalari

 

a s o s    v a    n ye g i z l a r i d a

 

  • ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari  va  noyob  hikmatlari,
  • buyuk  ota-bobolarimizdan  eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari  va betakror hikoyalari,
  • mehribon  ota-onalarimizdan  o‘rganib  kelayotgan gavhar o‘gitlari va  mislsiz  so‘zlari,
  • elimiz  tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
  • jannatmakon  yurtimiz – muqaddas  Vatanimiz  ta’lim  maskanlarida  taralayotgan  durdan  a’lo fanlar va beqiyos bilimlar,
  • zamonaviy olimlarning bilimlari, turli soha mutaxassislarining  ajoyib  kashfiyotlari,
  • bugungi  kunda  va doim  kerak bo‘ladigan  hayotiy  masalalar, dolzarb  mavzular,  qiziqarli  ma’lumotlar  hamda xalqimiz orasida  e’tirof etilgan mezonlar
  •  
  •  

 

Bu ro‘yxatni yana ko‘plab davom ettirish mumkin... Biroq fikrimizni muxtasar qilgan holda Allohdan O‘zbekiston xalqining bunday fazilatlari yanada ko‘payishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimizga sihat-salomatlik, oilalarimizga baxt-saodat so‘rab qolamiz. 

 

Alloh taboraka va taolo har bir xonadonga sog‘lik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, ilohiy fayz-baraka, ko‘pdan-ko‘p yaxshiliklar ato etsin!

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti hamda masjidu-madrasalarimizni obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizning dono rahbarliklari ostida, hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni doimo turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Mehribon Parvardigorimiz O‘zi – eshitib turuvchi, ko‘rib turuvchi va bilib turuvchi Zot! Hammalarimizning dillarimizdagi niyatlarimizni, qalbimizdagi orzularimizni va barcha hojatlarimizni o‘ylaganimizdan ham afzali-ziyodasi bilan ravo qilsin!

Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar, muvaffaqiyatlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!

 

         Ibrohimjon domla INOMOV

 

 

 

Maqolalar