Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdu lillahi robbil alamin. Vassolatu vassalamu ala rosulihi muhammadin va ala alihi va as'habihi ajmaiyn. Amma ba’du.
Abul Mu’in An-Nasafiyning to‘liq ismi – Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamad ibn Muhammad ibn Makhul ibn Al-Fazl An-Nasafiy bo‘lib, u zot Abu Mansur Al-Moturidiydan keyingi Moturidiy aqidaviy mazhabi ulamolarining eng mashhuri, Moturidiyning fikrlarini birinchi bo‘lib yoqlab chiqqan ulamolardan sanaladi. Ash’ariya aqidasida Boqilloniy, G‘azzoliy va Ar-Roziy qanday o‘rin tutsalar, Moturidiya aqidasida Abul Mu’in An-Nasafiy shunday muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, Ash’ariya mazhabida Ash-Shahristoniyning kitoblari qanchalik ahamiyatga ega bo‘lsa, An-Nasafiyning kitoblari Moturidiy mazhabida shunchalik muhim manba sanaladi.
Abul Mu’in An-Nasafiy Muturidiy mazhabini batafsil sharhlab uning keng yoyilishiga katta xissa qo‘shish bilan bir vaqtning o‘zida, Moturidiya aqidasiga qarshi bo‘lgan Mo‘tazila, Jahmiyya, Karromiyya, Botiniyya kabi oqimlarning fikriga qarshi raddiyalar bergan olim hisoblanadi.
Abul Mu’in An-Nasafiy bir qancha kitoblar ta’lif etgan bo‘lib, “Tabsiratul adilla”, “At-Tamhid fi ilm at-tavhid” va “Bahrul kalom” shulardan eng mashhurlari sanaladi. Abul Mu’in An-Nasafiy haqida Abdul Qodir Al-Qurashiy “Al-Javohir ul muziyya fi tabaqotil hanafiyya” asarida, Abdul Hay Al-Laknaviy “Al-Favoidul bahiyya fi tarojumi al-hanafiyya” asarida, Ibn Qutlubg‘o “Toju at-tarojum” kitobida, Al-Kafaviy “Katoibu a’lomul axyor min fuqahoi mazhabi An-Nu’mon al-muxtor” asarida, Hoji Xalifa “Kashfuz zunun an asomiy al-kutub val funun” asarida zikr qilib o‘tganlar.
Abul Mu’in An-Nasafiyning birinchi ustozi otasi Muhammad ibn Muhammad bo‘lib, u zot ham zamonasining yetuk ulamolaridan sanalgan. Abul Mu’in otasidan Abu Hanifaning “Al-olim val mutaallim” kitobini rivoyat qilganlari manbalarda zikr etilgan. Shuningdek, katta bobolari Abul Ma’oliy Mu’tamad ibn Muhammad ham o‘zining otasidan rivoyat qilgani hamda Abu Sahl Al-Isfaroyiniydan ilm olgani, undan “Axboru Makka” kitobini rivoyat qilgani manbalarda kelgan. Demak, Abul Mu’in An-Nasafiyning ilmiy salohiyati uning ota bobolaridan meros bo‘lib kelgan deyish mumkin.
Abul Mu’in An-Nasafiyning shogirdlari qatorida Abu Bakr Alouddin As-Samarqandiy, Ahmad ibn Muhammad ibn Abu al-yusr Al-Pazdaviy, Abu Bakr Mas’ud Al-Koshoniy, Najmuddin Umar An-Nasafiy, Abul Hasan al-Balxiy, Mahmud as-Sog‘archi va boshqalarni zikr qilish mumkin.
Abul Mu’in An-Nasafiy hijriy V-VI asrda, ilm-fan rivoj topgan davrda yashab, ijod etdi. O‘sha vaqtda Abbosiylar davlati ilmga keng yo‘l ochib berganligi sababli har sohada zabardas olimlar yetishib chiqqan, ayni paytda turli oqimlar va mafkuralar ham ko‘payib ketgan davr edi. Aynan shu holat Abul Mu’inning fikri teranlashishiga, natijada Ahli sunna val jamoa aqidasiga muxolif bo‘lgan firqalarga raddiya sifatida kalom ilmiga oid bir qancha kitoblar ta’lif qilishiga sabab bo‘ldi.
Abul Mu’in An-Nasafiyning tavallud topgan sanalari haqida ikki xil ma’lumot mavjud. Az-Zirikliy “Al-A’lom”da 418 hijriy sana degan, Umar Rizo Kahola “Mu’jam al-muallifin”da bunga qo‘shilgan bo‘lsa, Ibn Qutlubug‘o 508 yilda Zulhijja oyining yigirma beshinchisida yetmish yoshida vafot etgan, degan. Bundan 438 hijriy sanada tavallud topgani kelib chiqadi. Ikkala sananing qaysi biri haqiqat ekanligi borasida aniq ma’lumot yo‘q. Ehtimol, arab tilida yetmish va to‘qson so‘zlari faqatgina nuqtalarining o‘rni almashishini e’tiborga olmaganda bir xil yozilishi olimning tavallud sanasidagi tafovutni keltirib chiqargan bo‘lsa ajab emas.
Abul Mu’in An-Nasafiy insoniyat risolatga (ya’ni, unga payg‘ambar yuborilishiga) muhtoj ekanligini bayon qilishga katta e’tibor qaratganlar va buni isbotlashga va inkor qiluvchilarga raddiya berishga erishganlar. Quyida shu haqda qisqacha zikr qilib o‘tamiz:
Ma’lumki, aqida masalasi eng hassos masala hisoblanadi. Shu bois, e’tiqodga oid masalada bahs yuritishga faqat aqoid ilmidan yetarli darajada ilmga ega bo‘lgan kishigina haqli hisoblanadi. Zero, ilmsizlik bilan e’tiqodiy masalalarda so‘z so‘zlashga jur’at qilish insonni dunyo-yu oxiratini barbod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. E’tiqodiy masalalar avvalo, naqliy dalillar bilan sobit bo‘ladi. Ya’ni, nimani qanday deb e’tiqod qilish to‘g‘ri va lozim ekanligini Alloh taolo va Uning Payg‘ambari bayon qiladi, aql esa, uni qanday bayon qilingan bo‘lsa, shundayligicha tasdiqlamog‘i lozim bo‘ladi. Bordi-yu aql uni o‘zicha idrok etishga urinsa, zalolatga ketishi muqarrardir. Bu borada Hazrati Ali karramallohu vajhahuning ushbu purhikmat so‘zlarini eslash o‘rinlidir: “Din naql bilan sobit bo‘ladi, aql bilan emas. Agar aql bilan sobit bo‘lganida tahorat olish vaqtida mas'hni mahsining ustiga emas, balki ostiga tortish durust bo‘lar edi”.
Tarixda o‘tgan aqidaparast oqimlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilinsa, oqim asoschilarining barchasi ham e’tiqodiy masalalarda asosan aqlni peshlaganliklari, naqliy dalillarni to‘g‘ri anglashga ilmlari yetarli bo‘lmagan holda, ularning zohiriy ma’nolari va aqliy dalillar asosida o‘z e’tiqodlarini shakllantirganlari ma’lum bo‘ladi. Natijada, asli bir oqimdan tarqagan boshqa ko‘plab oqimlar oxir oqibat bir-birlarining e’tiqodlarini inkor etganlar. Shu tariqa o‘zlarini Islomga nisbat beruvchi buzuq e’tiqoddagi oqimlarning soni ortib borgan.
Jahmiya oqimining asoschisi Jahm ibn Safvon Allohni idrok etish borasida aqlga shu darajada erk berdiki, oxir oqibat Alloh taoloni ma’dum, ya’ni mavjud emas degan e’tiqod uning aqlini chulg‘ab oldi va qirq kun davomida ushbu shubha ostida namoz o‘qishni ham tark etdi. So‘ngra Allohni yo‘q deyishga botinolmay, uning barcha sifatlarini inkor etgan holda “Alloh mutlaq vujuddir” degan aqidani “kashf” etdi. Marisiya oqimi asoschisi Bishr Marisiy esa, sajda qilganida “subhana rabbiyal a’lo” (oliy rabbim pokdir) deyish o‘rniga “subhana rabbiyal asfal” (tuban rabbim pokdir) degan. Bunday e’tiqod qilishiga sabab Payg‘ambar s.a.v.ning: “Bandaning Allohga eng yaqin bo‘ladigan vaqti sajdadagi holatidir” degan hadislarini zohiran talqin qilganidir. Shu tariqa barcha aqidaparast oqimlar ham asoschilarining aynan e’tiqod borasida aqlga haddan tashqari erk berishlari natijasida vujudga kelgan.
Mustaqillikning ilk yillarida xalqimiz diniy ta’limga chanqoq bo‘lib turgan bir vaqtda Islom diniga oid qanday adabiyot yoki ta’lim maskani yo bo‘lmasa har qanday targ‘ibot va tashviqotni birdek maqbul ko‘rib, ularning to‘g‘ri-noto‘g‘ligining farqiga bormasdi. Oradan shuncha vaqt o‘tib, shu davr mobaynida din niqobi ostida harakat qilgan aqidaparast oqimlarning asl maqsadlari fosh bo‘ldi, kirdikorlaridan xalqimiz voqif bo‘ldi. Demoqchimizki, xalqimiz din omilidan g‘arazli maqsadda foydalanuvchi kuchlar ham bor ekanligi haqida umumiy tasavvurga ega bo‘ldi. Natijada, aqidaparst oqimlar, din niqobi ostidagi ekstremistik kuchlar kabi tushunchalar muqobilida sof islom, ma’rifiy islom degan tushunchalar ham iste’molimizga kirib keldi. Mafkuraviy kurashlar avj olib, ekstremistik ruhdagi oqimlar harakati yanada keskinlashib borayotgan hozirgi davrda xalqimizni, xususan yoshlarimizni mavjud aqidaparast oqimlarning buzuq e’tiqodlaridan ogoh etish, ularni bunday bid’atchi oqimlar haqida batafsil ma’lumotlar bilan qurollantirish, ta’bir joiz bo‘lsa oqimlarga qarshi ularning immunitetini oshirish zarurati yuzaga keldi.
Binobarin, bundan qariyb o‘n asr muqaddam yashagan buyuk vatandoshimiz Abul Mu’in an-Nasafiy qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros nafaqat o‘z zamoni uchun, balki hozirgi davrda ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, har tomonlama chuqur o‘rganishga loyiq.
Abul Mu’in an-Nasafiy hazratlarining “Tabsirat al-adilla” (Dalillar bayoni) nomli asarlari bugungi kunda yot oqimlarga qarshi kurashda va ularning soxta da’volariga raddiya berishda ulkan ahamiyat kasb etishini inobatga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan ushbu asar tarjima qilinib, nashr etilgan.
Kelajakda bu kabi ko‘plab yangi manbalar ulamolarimiz tomonidan tarjima va nashr qilinib xalqimizga taqdim etiladi deb, umid qilib qolamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
H.Ishmatbekov.
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati