Hazrat Abu Bakr
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Menga imon, sidqidillik, sog‘liq, ofiyat va sog‘lom bir niyat ber.
Yo Alloh! Umrimning oxirini eng xayrlisi, amalimning nihoyasining xayrlisi va Sening jamolingni ko‘radigan kunimni kunlarimning eng xayrlisi qil!
Hazrat Umar
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Meni nogahon o‘limdan yo g‘aflatda qoldirishing yoki g‘ofillardan qilishingdan asrashingni so‘rayman.
Yo Alloh! Meni yaxshilar orasida o‘ldir, yomonlardan qilma, otash azobidan asra va yaxshilar qatoriga qo‘shgin.
Hazrat Ali
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Balo va musibatlardan, omadsizlikdan, dushmanlar bilan tortishishdan, hibs etilishdan, kishanlanishdan va kaltaklanishdan meni asra.
Yo Alloh! Mening gunohlarim Senga zarar qilmaydi. Sening menga marhamat qilishing Sening marhamatingni kamaytirmaydi.
Abdulloh ibn Mas’ud
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Sendan o‘zgarmas kuchli imon, tuganmas ne’mat va xuld jannatining eng yuqori darajasida Payg‘ambaring bilan birga qilishingni so‘rayman.
Ey Rabbimiz! Kelisholmaganlarimizni yarashtir, bizni Islom yo‘liga hidoyat ayla, bizni zulmatdan yorug‘likka chiqar. Bizdan oshkor va yashirin barcha yomonliklarni ketkaz. Ko‘zlarimizga, quloqlarimizga, qalblarimizga, ishlarimizga, ayollarimizga va farzandlarimizga baraka ato ayla, gunohlarimizni kechir. Shubhasiz, Sen marhamatli va gunohlarni kechirguvchisan. Bizni ne’matingga shukr etuvchi, hamd aytuvchi qil va ne’matingni bizdan ayama! («Al-Kanz», «Al-Muntahab»dan.)
Abdurahmon ibn Avf
(roziyallohu anhu) duosi
Abu Hayyoj Asadiy (roziyallohu anhu)dan: «Bir kuni Baytullohni tavof qilayotgan bir odamning tinimsiz: «Yo Alloh! Meni nafsimning ochko‘zligi (tamagirligi)dan asra!» deya duo qilayotganini ko‘rdim. Unga yaqinlashib dedim:
Allohdan shundan boshqa so‘raydigan narsang yo‘qmi? Faqat bir duoni qaytaryapsan?
Agar nafsimning ochko‘zligidan (tamagirligidan) saqlansam, na o‘g‘rilik, na zino va na biror gunoh qilaman, – dedi.
Qarasam, u odam Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu) ekan (Tafsiri Ibn Kasirdan).
Hazrat Bilol
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Mening yomonliklarim va nuqsonlarimni kechirgin.
Abu Dardo
(roziyallohu anhu) duosi
Bilol ibn Sa’d (roziyallohu anhu)dan: Abu Dardo (roziyallohu anhu) der edi:
Yo Alloh! Xayol tarqoqligidan asrashingni so‘rayman.
“Xayol tarqoqligi nima?”, deya so‘rashdi.
“Kishining har bir darada bir mulki bo‘lishidir”, deya javob berdi u.
Yo Alloh! Olimlarning qalblari menga la’nat o‘qishidan panoh so‘rayman, deya duo qilgan Abu Dardodan so‘rashdi:
“Olimlarning qalblarining la’nat o‘qishi qanday bo‘ladi?”
“Menga nisbatan nafrat etishlaridir”, dedi Abu Dardo.
Zayd ibn Sobit
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Sendan bola-chaqam va qo‘l ostimda menga qarab qolgan qullarimni boqishga yetgulik boylik so‘rayman. Va biror qarindoshimning qarindoshlik haqini ado etolmaganim uchun meni badduo qilishidan panoh tilayman.
Sa’d ibn Uboda
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Senga hamd aytishni menga nasib et.
Ibn Abbos
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Meni bergan rizqingga qanoat etguvchilardan ayla, menga bergan rizqni barakotli qil va orqada qoldirgan har narsamni O‘zing asra.
Anas
(roziyallohu anhu) duosi
Yo Alloh! Uni (musulmon birodarimni) kechalari ibodat qiluvchi va kunduzlari ro‘zador kishilar duosining barakotidan mahrum etma.
O‘MI matbuot xizmati
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV