Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Mart, 2025   |   28 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:13
Peshin
12:33
Asr
16:53
Shom
18:47
Xufton
20:01
Bismillah
28 Mart, 2025, 28 Ramazon, 1446

Namoz saboqlari: Qur’oni karimdan ba’zi duolar (Audio)

19.12.2019   4581   3 min.
Namoz saboqlari: Qur’oni karimdan ba’zi duolar (Audio)

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizdan (ey Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da’vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar» (Baqara surasi, 186-oyat).

«Ey Rabbimiz! Biz o‘zimizga (o‘zimiz) zulm qildik. Agar bizni kechirmasang va bizga rahm qilmasang, biz, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurmiz» (A’rof surasi, 23-oyat).

«Rabbim! Men Sendan o‘zim (yaxshi) bilmagan narsani so‘rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurman» (Hud surasi, 47-oyat).

«Ey Rabbim, bu buzg‘unchilar qavmi ustidan O‘zing meni g‘olib qil!» (Ankabut surasi, 30-oyat).

«Ey Rabbim! Meni va zurriyotimdan (ko‘p farzandlarimni) namozni barkamol ado etuvchi qilgin! Ey Rabbimiz! Duoimni qabul et! Ey Rabbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!» (Ibrohim surasi, 40–41-oyatlar).

«Ey osmonlar va Yerni ijod etgan Zot! Dunyoyu oxiratda O‘zing egamdirsan. (Ajalim yetganida) musulmon holimda vafot ettir va meni solihlar (qatori)ga qo‘shgin!» (Yusuf surasi, 101-oyat).

«Tavakkulni Allohga qildik. Ey Rab­bimiz! Biz bilan qavmimiz o‘rtasida haqqoniy hukm qil! Sen hukm qiluvchilarning yaxshisidirsan» (A’rof surasi, 89-oyat).

«Ey Rabbim! (Bu qiyin vazifaga) bag‘rimni keng qilgin va ishimni oson qilgin hamda tilimdan tugunni (duduqlikni) yechib yuborgin, (toki) ular (qavmim) gapimni (yaxshi) anglasinlar» (Toho surasi, 25–28-oyatlar).

«Ey Rabbim! O‘zing menga (bu) zolimlar qavmidan najot bergin!» (Qasas surasi, 21-oyat).

«Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim» (Anbiyo surasi, 87-oyat).

«Ey Rabbim! Meni yolg‘iz tashlab qo‘yma (merosxo‘r farzand ato et!) Sen (O‘zing) vorislarning yaxshirog‘idirsan» (Anbiyo surasi, 89-oyat).

«Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan» (Oli Imron surasi, 38-oyat).

«Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan» (Oli Imron surasi, 8-oyat).

«Ey Rabbim! Meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin hamda men uchun o‘z dargohingdan bir madad beruvchi hujjat ato qilgin» (Isro surasi, 80-oyat).

«Ey Rabbim! Menga (kofirlarga) va’da qilinayotgan narsa (azob)ni ko‘rsatsang-chi?! Ey Rabbim! (o‘shanda) meni u zolimlar qavmi ichida (turuvchi) qilmagin!». «Ey Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so‘rayman. Yana men Sendan, ey Rabbim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh so‘rayman». «Ey Rabbim! (Gunohlarimizni) mag‘firat et va (holimizga) rahm ayla! Sen (o‘zing) rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan». (Mu’minun surasi, 93,-94-,97-,98-,118-oyatlar).

«Ey Rabbim! Menga ilmni ziyoda et!» (Toho surasi, 114-oyat).

«Ey Rabbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz. Bas, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do‘zax azobidan asra!» (Oli Imron surasi,16-oyat).

 

O‘MI matbuot xizmati

Audio
Boshqa maqolalar

Ramazon - axloqiy tarbiya va nafsni poklash oyi

20.03.2025   4090   3 min.
Ramazon - axloqiy tarbiya va nafsni poklash oyi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Go‘zal axloq biz mo‘min-musulmonlar uchun eng muhim odoblardan biridir. Chunki u tayanch nuqtasi, doiraning markazi va uning hayotidagi faol o‘rnidir. Shuning uchun islom axloqiy tarbiyaga katta e’tibor bergan, hatto ummatning muallimi bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni Alloh taolo: Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz! (Qalam surasi, 4-oyat) deya madh etgan.

Ramazon oyi – musulmonlar uchun nafaqat ro‘za tutish, balki axloqiy tarbiya va nafsni poklash oyidir. Bu muborak oyda go‘zal axloqni rivojlantirish, sabr-toqatli bo‘lish, halimlik, iroda kuchi, kechirimlilik, tenglik, ehson qilish, sadaqa berish, yaxshi muomala, rahm-shafqat, mehribonlik, boshqalarni sevish va ishonchlilik kabi fazilatlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu fazilatlar nafaqat shaxsiy rivojlanishimizga, balki jamiyatimizda ham yaxshilik va tinchlikning qaror topishiga xizmat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadis musulmon kishining boshqalarga nisbatan muloyim va zararsiz bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Ramazon oyida biz nafaqat o‘zimizning ibodatlarimizga, balki boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarimizga ham e’tibor qaratishimiz lozim.

Ro‘za tutish nafaqat ochlik va chanqoqlikni his qilish, balki nafsni tarbiyalash, sabr-toqatni oshirish, nafs istaklarini nazorat qilish va his-tuyg‘ularni boshqarishga qaratilgan ibodatdir.

Ramazon oyida nafsimizni yuqorida zikr qilingan yaxshi xislatlar bilan tarbiyalab borsak, ular doimiy odatga aylanib, qolgan oylarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi va komil inson bo‘lishimizga yordam beradi.

Ramazon oyida ba’zi ro‘zadorlar o‘zlarining tez asabiylashishi va sabrsizligini ro‘za tutish bilan oqlashga harakat qiladilar. Ammo bu holat ro‘zaning asl maqsadiga ziddir. Ro‘za tutish nafaqat ochlik va chanqoqlikni his qilish, balki nafsni tarbiyalash, sabr-toqatni oshirish, nafs istaklarini nazorat qilish va his-tuyg‘ularni boshqarishga qaratilgan ibodatdir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ro‘za qalqondir; agar sizdan birortangiz ro‘za tutgan kuni bo‘lsa, u fahsh so‘zlarni aytmasin va g‘azabli bo‘lmasin, agar kimdir uni so‘ksa yoki u bilan urushsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).

Bu hadis ro‘zador kishining o‘zini tutishi va boshqalar bilan muomalada qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.

Shuning uchun Ramazon oyida o‘z axloqimizni yaxshilashga, go‘zal xulq-atvorni so‘z va amallarimizda namoyon etishga harakat qilaylik. Bu nafaqat ro‘zamizning qabul bo‘lishiga, balki jamiyatda ham ezgulik xotirjamlikning tarqalishiga hissa qo‘shadi.

Alloh taolo barchamizni go‘zal axloqli, sabr-toqatli va bir-birimizga mehribon bo‘lishimizni nasib etsin.

 

Doktor Solih bin Ali Abu A’rrodning
“Ramazon maktublari” kitobidan
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.