OGOHLIK – DAVR TALABI
Bugun biz shunday davrda yashayapmizki “falon kishi koinotda yashash uchun joy buyurtma qilibdi, falon kompaniya u nomdagi eng yuqori texnologiyalarga ega mahsulotini taqdimot qilibdi, bunisi quyosh nuri bilan harakatlanadigan uchar mashina ishlab chiqibdi”, desa hech kim ajablanmay qo‘ydi.
Lekin dunyoning falon mamlakatida terrorchilik xuruji kuzatilibdi desa, yer yuzidagi yetti milliarddan ziyod odam yuragini hovuchlaydigan bo‘lib qoldi. Eng yomoni, sayyoramiz aholisining aksariyati terrorni hali-hanuz din bilan yonma-yon ishlatmoqda.
Qo‘li qonga botgan, na dini, na millati, na vijdoni bor razil kimsalar – terrorchilar o‘ldirsa ham, qaysidir joyni portlatsa ham, qayoqqadir o‘t qo‘ysa ham eng ulug‘ kalima – “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotgani dindan bexabar kishilarning ana shunday xulosaga kelishiga sabab bo‘layotgandir. Xo‘sh, aslida ham shundaymi?
ISLOM – TINCHLIK DINI
Bugun ko‘pchilik o‘ylaganidek, Islom qo‘poruvchilik dini emas, balki tinchlik dinidir. Dinimiz tinchlik, xotirjamlik, huzur-halovat, sulh va omonlik kabi ma’nolarni anglatadi. Bu nomni Alloh taoloning O‘zi tanlagan. Zotan, Buyuk Rabbimizning go‘zal ismlaridan biri ham “As-salom”dir.
“Islom” so‘zi “itoat va bo‘ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish” hamda “sulh va omonlik” degan ma’nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Islom, bu – Alloh yagona deb e’tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.
Bu din shundayki, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan shirinsuxanlik bilan chiroyli muomala qilishga undaydi. Muso va Horun alayhimassalomga o‘zini Xudoman, deb da’vo qilgan Fir’avnga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so‘z bilan gapirishga buyurdi: “(Ey, Muso!) Sen o‘zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u(“Men – xudoman”), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa” (Toho surasi, 44-oyat).
Va holbuki, Xudoyi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: “Ey, Muso, Fir’avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir’avnni yutib yuborsin” deyishlikka. Lekin Xudoyi taolo O‘zining eng ulug‘ payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur’oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg‘ambarlaridan bittalari bo‘lgan bo‘lsalar-da shirin so‘z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.
Islom terrorni, fasod va buzg‘unchilikni butunlay qoralaydi, la’natlaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda Yer yuzida buzg‘unchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!”deb marhamat qilgan.
Moida surasining 32-oyatida esa: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”, deb marhamat qilingan.
Mufassirlarning ta’kidlashlaricha, aslida ushbu oyat hukmi Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, biroq u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatning taqozo etishiga ko‘ra, Yer yuzida fitna-fasod, buzg‘unchilik, qotillik, qo‘poruvchilik, qaroqchilik kabi razil ishlarni qilgan kimsalar qilmishlariga yarasha jazoga tortilishi kerak.
Hadisi shariflarda: “Kim bir ahdlashgan jonni o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati); “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.
TЕRRORIZM DIN BILAN ALOQADOR EMAS
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, deya ta’kidlagan edilar.
Mana shu takliflardan kelib chiqib BMT Xavfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr kuni “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, terrorizm, zo‘ravon ekstremizm hech bir din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emas va bog‘liq holda talqin qilinmasligi kerak.
“Terror” atamasi paydo bo‘lganiga chorak asrdan oshdi. Terror dastidan ming-minglab begunoh odamlar halok bo‘lmoqda, millionlab zamindoshlarimiz o‘z uyidan, vatanidan chiqishga majbur bo‘lib, sarson sargardon yuribdi. Minglab bolalar ta’lim olish u yoqda tursin, uysiz boshpanasiz, ba’zilar hatto yaqinlarisiz yolg‘izlikda, nochor hayot kechirmoqda. Bu esa terrorizm, ekstremizmning achchiq mevasidir.
EKSTRЕMIZM – INSONIYAT DUSHMANI
“Ekstremizm” tushunchasi Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish” kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qur’oni karimda Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan qaytarib, bunday marhamat qiladi: “Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..” (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karimada: “Ayting: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb zikr qilingan.
Muqaddas dinimizda yakka-yu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdamlikka chaqiriladi. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, bu omillar ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Vaholanki, oyatda:: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum surasi, 32-oyat), deb marhamat qilingan.
Dinda g‘uluvga ketishning oqibatlari juda yomon. Avvalo, bu aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo bo‘lgan ravofiz, xavorij, mu’tazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. G‘uluv mashaqqat bo‘lgani bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘z-o‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladilar. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, yengillik, Islomning asosiy shiorlaridan biridir. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinldashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, deyilgan.
Islom dini fasodga qarshi kurashib, oshkora va botiniy fitnalardan qaytargan. Alloh taolo A’rof surasining 56-oyatida: “Va isloh qilingandan keyin Yer yuzida fasod qilmang va Undan qo‘rqib tama’ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir”, deb marhamat qiladi.
Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, ya’ni “yer” so‘zi, arab qoidalariga ko‘ra, alif-lom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, deyishadi. Shunda oyatning mazmuni “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u yerda fasod ishlarni qilmang” bo‘ladi. Madina yer yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joyda ham fasod qilmaslikka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qo‘yilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli o‘rmonning kulini ko‘kka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham yer yuzini vayron qiladi.
Hozirgi kunda ayrim davlatlarda g‘uluvga ketgan, qo‘li qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar faoliyat olib borayotgani barchani birdek tashvishga solmoqda. G‘arb mamlakatlarining ba’zi ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik harakatlarini Islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, la’natlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni o‘n besh asr oldin boshlab yuborgan. Islom mo‘tadil ekani uning har qanday ekstremizmga, xunrezlikka qarshi ekanligining yaqqol isbotidir.
Turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi deganiday, ular faqat o‘zlariga o‘xshash kishilarning gaplariga ishonishadi. Samimiy nasihat qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan olimlar u yoqda tursin, ba’zan ayrimlari ota-onasi, akasini ham tan olishmaydi. Bular haqida Qur’oni karimda: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so‘ng, ulardan yuz o‘girgan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz” (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.
Shukrki, bag‘rikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolib ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qilmishiga chin pushaymon bo‘lib, butunlay tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarni afv etish to‘g‘risida muhtaram Prezidentimizning farmonlari e’lon qilinyapti.
Oilasi bag‘riga qaytayotgan bunday fuqarolar bilan kayvonilar, hoji otalar ishtirokida suhbatlar o‘tkazib, ularga dinimizning asl mohiyatini tushuntirishga harakat qilyapmiz.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo muazzam Ka’ba devoriga suyanib bunday deganlar: “Ey Ka’ba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni yetti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.
Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qoningiz, molingiz va obro‘yingiz bir-biringizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlarni ardoqli, ulug‘ligi, azizligi, hurmati ayon bo‘lgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi o‘zaro mollarini, jonlarini va obro‘larni hurmat qilishga da’vat qildilar”, degan.
Xo‘sh, endi do‘ppini yechib qo‘yib, o‘ylab ko‘raylik. Hatto qushning ham ini buzilishiga qarshi bo‘lgan, er-xotinning janjallashishiga olib boradigan barcha yo‘llarga o‘zining qat’iy hukmlari bilan chora ko‘rib qo‘ygan Islomni qanday qilib terrorizm, ekstremizm bilan chog‘ishtirish mumkin?
XULOSA
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda terrorizm, ekstremizm oqibatida jahon iqtisodiyotiga 583 trillion AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgan. Keyingi 15 yilda terrorchilik harakatlari natijasida 91 ming begunoh inson halok bo‘lgan. Ularning aksariyati yosh bolalar, ayollar va qariyalardir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi dunyo jamoatchiligini bezovta qilayotgan terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning o‘tkir muammolariga yechim sifatida ilm-ma’rifat, o‘zgalarga adolatli va bag‘rikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosatni targ‘ib qiladi.
Bugun kuch ishlatish, bosib olishdan ko‘ra ko‘proq tinchlikparvar siyosat har jihatdan samarali bo‘lmoqda. Ana shu tajriba orqali radikal guruhlar faoliyatining 7 foizi qurolli aralashuv natijasida to‘xtatilgan bo‘lsa, ularning 40 foizi tinch yo‘l bilan – siyosiy muzokaralar o‘tkazish vositasida barham topgan. Zotan, dunyo bo‘ylab ekstremistik tashkilotlarning 38 yillik faoliyati tahlillari shuni ko‘rsatmoqda.
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.
"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.