Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Oilada farzand tarbiyasi: XATOLARNING ACHCHIQ MЕVASI

12.12.2019   8919   30 min.
Oilada farzand tarbiyasi: XATOLARNING ACHCHIQ MЕVASI

ODOB – BOLANING KO‘RKI

Bolalik chog‘imizda kattalar so‘zlab bergan ertaklarning qahramonlari dev, yalmog‘iz yoki alvasti kabi qo‘rqinchli maxluqlar oldiga kirganda salom berishar, bunga o‘sha maxluqlar: «Agar saloming bo‘lmaganida, ikki yamlab, bir yutar edim», deb javob qaytarishardi. O‘sha ertaklarda bir joyga albatta salom bilan kirish zarurligiga nega bunchalik urg‘u berilganining sabablarini ulg‘aygachgina tushundik. Shuning uchun bola esini tanishi bilan uchragan tanish-notanishga salom berishini talab qiling. Chunki salomlashish insonlar odobining boshi, tanishuv muqaddimasi, musulmon kishi axloqining asosiy shartlaridan biridir.

Har bir ota-ona farzandiga tarbiya-odob berar ekan, eng avvalo salomlashishni o‘rgatsin. Chunki salom berish Payg‘ambarimiz (alayhissalom) sunnatlaridandir, unga alik olish esa vojibdir. Jahonda odobning bu jihatiga e’tibor bermaydigan biror millat yoki xalq yo‘q. Dono xalqimiz bejiz: «Gapning boshi – kalom, odob boshi – salom», demagan. Chunki biror notanish kishi bilan ko‘rishib-tanishmoqchi bo‘lsangiz, salom berishingiz bilan gap-gapga qovushadi, o‘rtadagi begonasirash, noqulaylik barham topadi. Hatto muxolifingiz huzuriga «Assalomu alaykum» (Sizga tinchlik-omonlik bo‘lsin) deb kirsangiz, uning jahli tushadi, keki yo‘qoladi, ko‘ngli sizga moyillashadi. Salomlashishning savobi, bunga beriladigan ajr-mukofotlar-ku, hammasidan ham yuksak.

Ota-bobolarimiz azaldan o‘g‘il-qizlarning chiroyli xulqli, odobli bo‘lishiga katta ahamiyat berishgan. Chunki Islom dini axloqni imon qatorida qo‘yadi. Hamma zamonlarda, hamma o‘lkalarda yaxshi xulqli, olijanob, shirinso‘z, halim insonlar jamiyatning ko‘rki, odamlarning a’losi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Ayniqsa, Sharq olami bu borada butun insoniyatga ibrat-namuna bo‘lgan.

Oliy xulq sohibi bo‘lmish Payg‘ambarimizga (alayhissalom) ergashgan insonlar Yaratganning hukmlariga bo‘ysunib, xulqlarini tuzatishgan, yaxshi fazilatlar sohibi bo‘lishgan. Oilada, yaqinlar davrasida, odamlar bilan munosabatlarda komil odoblarini namoyish qilishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) ummatni husni xulq, odobli bo‘lishga tinmay chaqirganlar. Bu mavzuda juda ko‘p hadisi shariflar rivoyat qilingan:

«Hamma ishlaringizda to‘g‘ri bo‘ling, odamlarga muomalada xulqingiz chiroyli bo‘lsin! Kichikni hurmat qilmagan, keksaning qadriga yetmagan bizdan emas».

«Odamlarga taom beringlar va shirinso‘z bo‘linglar».

«Yaxshilikni chehralari ochiq, xushro‘y odamlardan kutinglar».

«Din chiroyli xulq va g‘azab qilmaslikdir».

«Sizlarning eng yaxshilaringiz xulq-atvori yaxshi bo‘lgani va xotinlariga yaxshi muomala qilganidir».

«Do‘st-birodarlariga qovog‘ini solib qaraydigan kishilarni Alloh yoqtirmaydi, U har ishda muloyimlikni yaxshi ko‘radi».

«Yaxshi insonlar go‘zal xulqlari bilan kechasi ibodat qilganlar va kunduzi ro‘zador bo‘lganlar darajasiga erishishadi».

«Alloh va Uning Payg‘ambariga sevimli bo‘lgan ikki xislat bor: bular muloyimlik va vazminlikdir».

«Odamlar bilan xush muomalada bo‘linglar, ularga qattiqqo‘llik qilib, behayo so‘zlamanglar».

«O‘zini kamtarin olib yuruvchi, halol kasb qiluvchi, qalbi pok, ko‘rinishi yoqimli, odamlarga zarar yetkazmaydigan, xayr-ehson qiladigan, behuda gapdan o‘zini tiyadiganlar insonlarning eng yaxshilaridir».

Har bir ota-ona ana shu ko‘rsatmalarga binoan bolasini chiroyli xulq egasi qilib tarbiyalasin, unga odob o‘rgatsin. Chunki yaxshi xulq insonlarni bir-biriga ulfat qiladi, yomon xulq ularni ajratib tashlaydi. Yaxshi xulq muhabbatni, hamkorlik va murosani taqozo etsa, yomon xulq nafrat, hasad va kelishmovchiliklarga sabab bo‘ladi.

Vahb ibn Munabbah aytadi: «Yomon xulqning misoli xuddi singan sopol idishga o‘xshaydi, uni yamab ham, loyga qaytarib ham bo‘lmaydi».

Fuzayl ibn Iyoz esa: «Chiroyli xulqli fojir (yaramas) kimsaning menga hamsuhbat bo‘lishi yomon xulqli obid (ibodatli) kishi suhbatidan yaxshiroqdir», degan.

Umar ibn Xattob: «Insonlarga chiroyli xulqlar bilan aralashinglar. Ulardan yaxshi amallar bilan ajralib turinglar», deb aytganlar.

Ali ibn Abu Tolib: «Husni xulq uch xislatda bo‘ladi: haromlardan saqlanishda, halolni istashda va oilani farovon qilib qo‘yishda», deganlar.

Hasan Basriyning bunday so‘zlari bor: «Husni xulq ochiq yuzli bo‘lish, molni sarflash va aziyat berishdan o‘zini tiyishdir».

Sahl Tustariy aytadiki: «Husni xulqning eng ozi aziyatlarni ko‘tarish, tovon (puli)ni tark etish, zolimga ham rahm qilish va unga istig‘for aytishdir».

Yoshlar tarbiyasi haqida so‘z borar ekan, ularga tegishli umumiy odob-axloqlar haqida Imom G‘azzoliy aytgan so‘zlarni naql etishni lozim topdik: «Yoshlar tilla taqinchoq va turli zebu ziynat taqmasliklari lozim. Ular o‘tirish, turish, salom berish odoblariga rioya etishlari, o‘zlaridan kattalar huzurida oyoqlarini chalishtirib o‘tirmasliklari, sergap va so‘kuvchi bo‘lmasliklari, behayo so‘zlarni aytmasliklari, xususan, yomon xulqli tengdoshlariga aralashishdan ehtiyot bo‘lishlari kerak («Ihyo...» kitobi, 3-juz, 70-bet).

Husayn Voiz Koshifiy bunday yozadi: «Go‘zal fe’l-atvor, yaxshi xulq nishonasi o‘ntadir: yaxshilik qilish, insofli bo‘lish, boshqa odamdan ayb qidirmaslik, nojo‘ya harakat qilayotganni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aybiga iqror bo‘lganning uzrini qabul qilish, o‘zgalar mashaqqatini zimmaga olish, faqat o‘z manfaatini ko‘zlamaslik, ochiq yuzli va shirin so‘zli bo‘lish, muhtojlar hojatini chiqarish, muloyim va tavozeli bo‘lish».

Podshoh Anushervon dono vaziri Buzurgmehrdan: «Muloyim kishining belgilari qaysilar?» deb so‘raganida, vaziri: «Muloyim kishida uchta nishona bo‘ladi: birinchisi – yuzsiz, badfe’l kishilar qo‘pol so‘zlasa ham, u yaxshilik qilaveradi; ikkinchisi – qahr-g‘azabi alangalanganida ham, tishini tishiga bosadi; uchinchisi – bir kishidan ziyon yetsa-yu, jazo berishga qodir bo‘lsa ham, achchig‘ini yutadi», deb javob qildi.

Luqmoni hakimdan: «Sen o‘zing ko‘rgan illatlar va ayblardan qay biriga davo topa olmading?» deb so‘rashibdi. U: «Men barcha illatlarga hikmat yuzasidan davo topdim, ammo davolay olmaganim badfe’llik bo‘ldi», deya javob qaytargan ekan.

Suqrot hakimning bunday so‘zlari bor: «Halol mehnat, muhtojlarga yordam, g‘azab vaqtida yomon so‘zlardan tilni va birovga ozor berishdan qo‘lni tiyish, kamchilikni bitirib hamda yomon xulq-atvorni tuzatib, go‘zal axloq sohibi bo‘lish eng yaxshi fazilatlardir».

«To‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaslik, insofli-adolatli bo‘lish, nafs orzusiga qarshi borish, olim-fozillar bilan suhbat qurish, kattalarga hurmat va kichiklarga shafqat qilish, samimiy do‘stlar maslahati bilan ish tutish, muhtojlarga yordam ko‘rsatish ezgulikning ma’danidir», degan ulug‘ hakimimiz Abu Ali ibn Sino.

Yusuf ibn Asbotning aytishicha, «Husni xulqning alomati o‘n xislatdadir: o‘zgalar bilan ixtilofga bormaslik, chiroyli insof, birovlarning toyilib ketishini istamaslik, boshqalarning bilingan kamchiligini yaxshilikka yo‘yish, uzr so‘ray olish, aziyatlarga chidash, nafsini tergov qilib turish, o‘zganing emas, o‘z aybini bilish, kattayu kichikka birday ochiq yuzli bo‘lish, o‘zidan yuqori yoki past kishiga ham muloyim so‘zlash».

Hikoya qilishlaricha, Ardasher Bobak yurtini adolat ziynati bilan bezagan edi. Bir kuni u o‘g‘lining g‘oyatda qimmatbaho kiyimlar kiyib olganini ko‘rdi. Uni oldiga chaqirib: «O‘g‘lim, kishi shunday libos kiysinki, bunday libos hech bir xazinada bo‘lmasin», dedi. O‘g‘li undan: «Ey ota, u qanday libos, nimadan tikiladi?» deb so‘radi. Otasi unga: «U shunday liboski, matosi yaxshi xulq va yaxshi ishdir, ipi esa murosa va sabrdan bo‘ladi», deb javob berdi.

Farzandining chiroyli odobidan umid qilgan ota-ona uni muntazam ravishda husni xulq asosi bo‘lgan muomala odobining quyidagi qirralari bilan tanishtirib borsinlar:

Farzandingiz odamlar bilan muomalada shirinso‘z, muloyim, bosiq, halim va kamtar bo‘lishga harakat qilishiga e’tibor qarating. Bolangizni kichiklarni izzat-ikrom, kattalarni hurmat-ehtirom qilishga o‘rgating.

U odamlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatsin, qo‘pol va behayolarcha so‘zlab, dillarni og‘ritmasin. Chunki insonlarning eng yaxshisi murosaga oson keladigan, qalbi pok, ortiqcha gap-so‘zlardan o‘zini tiyadigan kishilardir.

 Odamlar xursandchiligini baham ko‘rish, g‘am-anduhidan qayg‘urish, mol-mulkiga xiyonat qilmaslik, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish husni xulq egalariga xos fazilatlardandir. Shuning uchun farzandingizga bolalikdan ana shu xislatlarni singdirish payida bo‘ling.

Farzandingizga o‘zgalar bilan muomala chog‘ida boshqalarni g‘iybat qilish, hasadgo‘ylik, suhbatdoshini kamsitib, kamchiligini yuziga solish, o‘zgalarni mensimay past nazar bilan qarash, obro‘yi, boyligi yoki mansabiga qarab muomala qilish ham odobsizlik ekanini yaxshilab tushuntiring.

Shuningdek, yoshi ulug‘ kishilar, ustozlar, ilm ahllari bilan muomalada ularning ko‘ziga tik boqmay, gaplarini jim tinglash, savollarigagina javob qaytarish, amrlarini so‘zsiz bajarish, xizmatlariga shay turish ham yoshlarga yarashiqli odobdandir. Shu bois ularni bolalikdanoq ana shu odoblarga o‘rgatib boring.

 

POKLIK IMONDANDIR

Islom dini poklik, tozalik dinidir, poklik imondandir, deb ta’lim beradi. Shuning uchun farzandlarimizni bolalikdan poklikka, ozodalikka o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi.  Alloh taolo pok bandalarini yaxshi ko‘rishini bir necha o‘rinlarda zikr qilib o‘tgan. Jumladan:

فِيهِ رِجَالٞ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْۚ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُطَّهِّرِينَ١٠٨

Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar... (Tavba, 108).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar:

تَنَظَّفُوا فَإِنَّ الْاِسْلاَمَ نَظِيفٌ

«Pok bo‘linglar, zero, Islom poklikdir» (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa:

اَلنَّظَافَةُ تَدْعُو إِلىَ الْاِيمَانِ وَالْاِيمَانُ مَعَ صَاحِبِهِ فىِ الْجَنَّةِ

«Poklik kishini imonga chaqiradi. Imon esa, o‘z egasi bilan jannatda birgadir», deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).

Imom G‘azzoliy (rahimahulloh) bunday deganlar: «Kishi zohiriy nopokliklardan saqlanish bilan birga, botinini ham pok tutishi lozim. Chunki botiniy illatlar kishini nafaqat bu dunyoda halokatga boshlaydi, balki oxiratda ham alamli azobga duchor bo‘lishiga olib boradi. Poklikni istovchi qalb go‘yo bir oshiyon, farishtalar qo‘nadigan makon. Gina, hasad, kibr, g‘araz, g‘azab kabi kasalliklar bilan illatlangan qalbda farishtalar qanday qo‘nim topsinlar!»

Alloh taolo yana marhamat qiladi:

وَثِيَابَكَ فَطَهِّرۡ٤

«Liboslaringizni poklang» (Muddassir, 4).

Bolalarimizga kichikligidanoq kiyimlarini pok, toza tutishni o‘rgataylik. Chunki libos inson ziynati hisoblanadi.

 Bolaning ma’naviy olami pok bo‘lishi uning tashqi olamini poklashiga bevosita bog‘liqdir. Demak, ota-ona uning xalqumidan o‘tayotgan har bir narsaga jiddiy ahamiyat berishi lozim.

Bolalarimizning sog‘lom va barkamol voyaga yetishlari ham ko‘p jihatdan ularning hamisha toza, pok yurishlariga, bu boradagi islomiy talablarni yaxshi bilib olishlariga asoslanadi. Odobimizda insonlarning hamma sohada toza, pokiza bo‘lishlariga alohida e’tibor berilgan. Sababi, pokiza odamdan ifloslik, razillik chiqmaydi, poklik yaxshi insonlikning ko‘zgusidir. Agar inson kir-chirkinliklardan tozalanib yursa, bu boradagi odoblarimizga rioya qilsa, go‘zallik va salomatlikning eng oliy darajasiga erishadi. Kir-chir, isqirt holda yuruvchi, tozalikka e’tibor bermaydigan boladan hamma o‘zini olib qochishi turgan gap. Shu bois farzandlarimizni toza, pok yurishga, ertalab uyqudan turganda va yotayotganda yuz-qo‘llarini yuvishga, tahorat va g‘usl olishga, badani va tana a’zolarini hamisha pok, kiyimlarini, o‘rin-joylarini toza tutishga go‘daklikdanoq odatlantirib borish zarur.

Sharqona odob talablariga ko‘ra, komil insonlar hayotda hamisha yuvingan (tahorat olgan), toza kiyimlar kiygan holda, tirnoq, soch-mo‘ylablarini o‘stirib yubormay, uyatli joylarini yashirib yurishlari lozim. Har kuni kamida ikki marta – ertalab va kechqurun tishlarni misvok (maxsus tozalash vositasi) yoki tish cho‘tkasi yordamida tozalash ham odobning asosiy shartlaridandir.

Bolalarning har haftada kamida bir marta, asosan juma kunlari, bayramlarda, o‘smirlik paytida uyqusida bulg‘anib qolganida badanlarining hamma yeriga suv yetkazib cho‘milishlari (g‘usl qilishlari) talab etiladi. Amaliy va tibbiy tajribalardan ma’lum bo‘lishicha, bunday yuvinish odamni turli iflosliklardan tozalabgina qolmay, kuch-quvvatni tiklash va tetiklashtirishga ham xizmat qiladi.

Bolalarimizga hojatxonaga kirib-chiqish tartib-qoidalarini ham o‘rgatib qo‘yaylik. U joyga kirayotganda shayton yomonliklaridan panoh tilanadi, qiblaga qarab yoki orqa o‘girib o‘tirilmaydi, boshyalang,  yalangoyoq kirilmaydi, u yerda gapirish, biror narsa o‘qish maqbul emas. Suv va suv yoqasiga, yerning yoriq joylariga, jonivorlar uyasiga, daraxt ostiga, axlatxona yoki qabristonlarga hojat ushatilmaydi. Hojat ushatib bo‘lingach, kesak yoki maxsus chiqarilgan qog‘oz bilan tozalanish, iloji boricha, chap qo‘l yordamida suv bilan yuvib tashlash lozim. Ayniqsa, siydik qoldiqlarining kiyim yoki badanga tegishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Turli bitikli qog‘ozlarni, yaroqli mato, toza paxta, tezak, suyak kabilarni tozalanish maqsadida ishlatib bo‘lmaydi.

Farzandimiz balog‘atga yeta borar ekan, uning mo‘ylov va soqollari o‘sa boshlaydi. Mo‘ylabning lab chetida o‘sib ketishi g‘ayridinlar odati bo‘lgani uchun uni uzaytirib yubormay, qisqartirib turishni tayinlang. Kindikosti tuklari deganda jinsiy a’zo va orqa yo‘l atrofidagi tuklar nazarda tutiladi va ular ketkazib (qirib yoki yulib) tozalanadi. Qo‘ltiq osti tuklarini ham o‘sishi bilan yulib, bunga chidamaganlar esa qirib tozalashadi.

Tirnoqni o‘stirib yurish odobimizga xilof bo‘lgani uchun, uni o‘sgan zahoti olib turgan ma’qul. Tirnoqlarini o‘stirib, unga har xil bo‘yoq va ishlov berish ayrim qizlar o‘ylaganiday, mutlaqo ziynat sanalmaydi.

Farzandingizning quloq burmalari, burun kataklari, kindik chuqurlari, ko‘z qovoqlari kabi odatda badanning kir to‘planadigan barcha bo‘g‘inlarini hamisha tozalab turishiga e’tibor qarating. Poklik va yoqimli hidni yo‘qotmaslik uchun ana shu joylarni muntazam yuvib turish lozim.

Odobimizda og‘iz va tishlarni tozalashga alohida e’tibor qaratilgan. Hozirgi zamonaviy tish tozalash cho‘tkalari 1806 yildan boshlab urfga kirgan bo‘lsa, ajdodlarimiz ming yillardan buyon arok degan daraxtning shoxlaridan maxsus yasalgan vosita (misvok) yordamida og‘iz-tishlarini tozalab yurishgan. Misvok og‘iz-tishni tozalabgina qolmay, uni xushbo‘y qiladi, kayfiyatni yaxshilaydi, milk va tish kasalliklari oldini oladi, ko‘zni ravshan qiladi, ovqat hazmini yaxshilaydi, turli mikroblarni o‘ldiradi. Farzandingizga misvok yoki tish tozalash cho‘tkasidan foydalanishni o‘rgating, ertalab va kechqurunlari bu ishini nazorat qilib boring.

Kishi sochini parvarishlashi, o‘z vaqtida yuvib-tozalashi, tarab-o‘rishi lozim.

Bolalaringizga tozalik va pokllikka doir ushbu qoidalarni singdirsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi: uyqudan turgan bola uch marta yuvmagunicha hech narsaga qo‘lini urmasin. Ichimlik ichayotganida idish ichiga nafasni tushirmaslik, siniq, darz ketgan yoki labi uchgan idishlarda yemaslik va ichmaslik lozim, chunki bunda uning ichiga mikroblar tushishi va kasallik qo‘zg‘ashi mumkin.

Shuningdek, uy, hovli va ishxonalarni hamda ularning atrofini toza tutish, axlatlarni ko‘chaga, odamlar yuradigan joylarga tashlamaslik, umuman, axlatni to‘plamaslik ham odobga kiradi.

Uy ichini, idish-tovoqlarni, jihozlarni toza saqlash haqida farzandlaringizga tushuncha bering. Ust-bosh, soch-soqolning, xususan, ko‘ylaklar yoqasining pokiza bo‘lishiga alohida e’tibor berish, odamlar orasida ozoda-tartibli yurish talab etiladi.

 

XATOLARNING ACHCHIQ MЕVASI

Hozirgi paytda dunyoning ko‘p mamlakatlari aholisi oila inqirozga uchragani, farzandlar tarbiyasi batamom izdan chiqqani, kattalar va bolalar o‘rtasidagi munosabatlar asliy o‘zanidan chetga chiqib ketgani azobini chekyapti. «Otalar va bolalar ixtilofi» degan soxta muammolar o‘ylab topilib, tarbiya sohasidagi xatolarni xaspo‘shlashga harakat qilinyapti. Bu ahvolni tuzatish borasida qanchalab tadqiqotchilar, olimlar va siyosatchilarning boshlari qotgan.

Sharq oilalarida esa bu muammoning bo‘lishi mumkin emas. Chunki bizda bolalar kichikligidanoq kattalarni hurmat qilish, ularning aytganiga quloq solish, gap qaytarmaslik, har bir ishda maslahat so‘rash ruhida tarbiya qilinadi. Odobimizda ota-ona chaqirganda har qanday ishni tashlab, «labbay» deb borish, nima buyurishsa ham «uf» tortmay bajarish, qarib yordamga muhtoj bo‘lishganida har tomonlama mehr-muhabbat ko‘rsatish, hatto davrada ulardan yuqoriga chiqmaslik, beruxsat so‘zlamaslik, ko‘chada oldilariga tushib yurmaslik talab etiladi.

Islom axloqida «Bolaning o‘zi ham, moli ham otanikidir», degan ajoyib qoida bor. Bu agar ota muhtoj bo‘lib qolsa, farzandi topgan mol-mulkdan bemalol, hatto so‘rab o‘tirmay foydalanishga haqli, deganidir. Ayni paytda bu, ota o‘zi yetarli mol-dunyoga ega bo‘lgani holda, mazkur qoidani ro‘kach qilib, o‘g‘lining bor-budini tortib olsin, degani emas.

Islomiy oilalarda ulg‘aygan farzandlar qarib-qartayib, moddiy va ma’naviy yordamga muxtoj bo‘lib qolganlarida, inshaalloh, tilanchilik qilib yoki axlat titib yemish izlashga majbur bo‘lishmaydi. Boshpanasiz qolib ko‘chalarda, devorlar tagida tunab yurishmaydi. «Qariyalar uylari»da, bolalarini sog‘inib yashashga mahkum bo‘lishmaydi.

Yaxshi, odobli farzandlar ota-onalarini hamisha boshga ko‘tarishadi, aytganlarini muhayyo etishadi, izzat-ikrom qilib, duolarini olishadi. Chunki bu «qaytar dunyo» ekanini yaxshi bilishadi – ota-onaga qilgan yaxshiliklari ertaga o‘n chandon bo‘lib farzandlaridan o‘zlariga qaytishidan umid qilishadi, yomonlik qaytib qolmasligi choralarini ko‘rishadi.

Farzandiga bolaligidan yaxshi tarbiya berolmagan, bu muhim ishga befarq qaragan oilalarda esa hamisha bir muammo: farzand ota-onaga umuman buysun­may qo‘ygan: «ali» desa, «bali» deydi, aytganiga kir­maydi. Ayrim far­zandlar esa ota-onani so‘kish u yoqda tursin, hatto qo‘l ko‘tarishgacha borgan. Birovining bolasi ichkilikka yoki giyohvandlikka mubtalo. Yana kimningdir yolg‘iz farzandi o‘g‘irlik yoki boshqa bir jinoyat qilib qamalgan. Yana biri ota-onasining umr bo‘yi yig‘ib topgan mol-dunyosini qimorda yutqazib qo‘ygan...

Xo‘sh, o‘zimizga bir savol beraylik: «Bu ayanchli voqealarda kim aybdor?» Aybni ona suti og‘zidan ketmagan yoshlarga yoki ko‘cha muhitiga to‘nkab qo‘ya qolsa ham bo‘ladi. Yoki ayrimlarga o‘xshab buni maktab muallimlarining mas’uliyatsizligiga yo‘yish ham mumkin. Yoxud ba’zilar kabi «ha, endi zamona buzilib ketdi-da» qabilidagi nadomat-tasalli bilan ovunsa ham bo‘ladi.

Ammo shuni ochiq tan olish kerak, bola bilan ota-onaning murosasi buzilishiga ko‘p jihatdan kattalarning o‘zlari aybli. Ular farzandlarini yoshligida erkalatib yuborishgan. Nima so‘rasa, aytgani darrov muhayyo, iltimosini o‘ylab ham o‘tirmay, bajo qilishgan. Gapi rad etilmay ulg‘aygan bola katta bo‘lgach ham ana shu kayfiyatida qoladi. Lekin ota-ona qo‘l qisqaligidanmi yoki boshqa sababdan uning tinmay oshib borayotgan moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondira olmay qolsa, ular o‘rtasida avval mojaro, keyinroq katta janjal va o‘nglanmas ziddiyatlar kelib chiqaveradi.

Ba’zan yig‘in va davralarda suhbatdoshlarning bola tarbiyasiga oid bahs-munozaralarini eshitishga to‘g‘ri kelib qoladi. Farzandlar tarbiyasi yaxshi bo‘lishining omillarini har kim o‘zicha sharhlaydi. Kimdir ulug‘ muallimlar tajribasiga ko‘ra tarbiya berishni tavsiya etadi. Boshqasi ota-ona avvalo o‘z ibrati bilan tarbiyalashi lozim, deb hisoblaydi. Birov bog‘cha va maktabdagi tarbiya tizimini foydali sanasa, yana kimdir bolani yomon ulfat va muhitdan himoya qilishni asosiy masala, deb biladi. Lekin ko‘pchilik bolaning solih, es-hushli, tarbiyali, itoatgo‘y bo‘lib ulg‘ayishining bosh sabablari haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Aytilgan bu omillar ham kerak, lekin avval ta’kidlaganimizdek, bolangizga hali tug‘ilmasidan oldin halol-pok luqma bermas ekansiz, uning yaxshi tarbiya topishidan umid qilmasangiz ham bo‘ladi. Harom yo‘llar bilan topilgan luqma yeb katta bo‘lgan bolani har qanday ulug‘ tarbiyachi eng zamonaviy ta’limot asosida tarbiyalamasin, ko‘zlangan maqsadga erishish amri­mahol! Aksincha, halol nafaqa bilan ulg‘aygan bolani tarbiyalash oson kechadi, bunday oilalarda hech qachon «avlodlar ixtilofi» degan sharmandali vaziyat yuzaga kelmaydi.

O‘spirinlik inson fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu paytda bolalarga alohida ahamiyat berish lozim. Jumladan, yoshlarning solih kishilar bilan do‘st-birodar bo‘lishlarini ta’minlash zarur. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hadislarining birida: «Yaxshi hamsuhbat misoli mushku anbar sotuvchidir. Atridan olmagan taqdiringda ham, uning xushbo‘y hidi dimog‘ingni chog‘ qiladi. Yomon hamsuhbat esa bamisoli temirchining bosqonidir. U garchi kiyimingni kuydirmasa-da, tutuni dimog‘ingni achitadi», deganlar.

Xalqimizda: «Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar», degan naql ham bor. Alloh taolo mo‘minlarni rost so‘zlovchi kishilar bilan birga bo‘lishga buyurgan:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَكُونُواْ مَعَ ٱلصَّٰدِقِينَ١١٩

“Ey imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va (imonda) sodiq kishilar bilan birga bo‘lingiz!” (Tavba, 119)

Hadisda aytilishicha, rostgo‘ylik insonni doimo yaxshilikka chorlaydi. Ongida rostgo‘ylik, vafodorlik, fidoyilik kabi tushunchalar o‘rnashgan yoshlardan kelajakda ko‘plab xayrli ishlar kutish mumkin. Hasan Basriy (rahimahumalloh) bir kuni yoshlar tarbiyasiga e’tiborni jalb qilish maqsadida hamsuhbatlariga: “Ey keksalar! Ekin pishib yetilganidan so‘ng nima qilinadi?” deb savol berdilar. “Hosil yig‘ib olinadi” deyishdi. Shunda Hasan Basriy (rahimahulloh): “Ey yigitlar! Shuni bilinglar, gohida ekin pishib yetilmasidan oldin unga ofat (kasallik) yetishi mumkin”, deb kishining o‘spirinlik davrini qanday o‘tkazishi uning kelajakda kim bo‘lib yetishuvida muhim o‘rin tutishiga ishora qiladilar.

Ma’lumki, yoshlik insonning aqliy va jismoniy rivojlanish davri bo‘lib, ayni shu pallada farzandlarimizni ilmga va kasb-hunarga targ‘ib qilishimiz lozim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir, keksalikda o‘rganilgan ilm esa suvga yozilgan kabidir”, deganlar.

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “Alloh taolo o‘z payg‘ambarlariga bu ulug‘ vazifani aqlan hamda jismonan kuchga to‘lgan yoshlik chog‘larida in’om qilgan, shuningdek, olimlarga ham ilm asosan yoshlik chog‘larida berilgan”, degan.

Hayotda kattalar va bolalar o‘rtasida ma’lum kelishmovchiliklar, bir-birini tushunmaslik, bir-biriga “g‘ayirlik” kabi holatlarning bo‘lishi tabiiy. Chunki ko‘p hollarda ularning yoshi va tajribasi borasidagi keskin farq “o‘z hukmini o‘tkazib” turadi. Ota hayotda erishgan tajribasi, mavqei, bilimi doirasida fikr yuritib, bolasidan ham shunag munosib bo‘lishni talab qiladi. Bola esa hali g‘o‘r, tajribasiz bo‘lganidan otaning nasihatini o‘z erkiga tajovuz sifatida qabul qiladi. Ota o‘rgatganlarining aksini bajargisi keladi. Fitratidan kelib chiqib, otaning xatosini u ham o‘zi bilmagan va xohlamagan tarzda takrorlashga majbur bo‘ladi. Otaning o‘z farzandi “bu xatolarni takrorlamasligi uchun” jon kuydirishi samarasiz ketadi. Bunda uning jig‘ibiyron bo‘lgani ham, boshini changallagani, yuragini siypagani ham ish bermaydi.

Yosh va zamon orasidagi farq bois kattalar va bolalarning dunyoqarashi, qiziqishlari, qadriyatlari, turmushga munosabatlari ham turlicha bo‘lishi tabiiy. Hatto kiyinish, muomala, ovqatlanish kabi oddiy holatlarda ham ikki tomon keskin farqlanishi mumkin. Bir qarashda arzimas ko‘ringan bu holatlar ham ba’zan to‘qnashuvlar omiliga aylanib ketadi.

Hech e’tibor berganmisiz, farzandingiz siz istaganday kiyinmasligi, siz yoqtirgan ovqatni yemasligi, siz berilib eshitib turgan musiqani xohlamay, «boshqa sho‘xrog‘iga olaylik», deb iltimos qilishi mumkin. Bu bolaning injiqligi yoki «buzilib ketayotgani», yoxud qaysarligi va itoatsizligi belgisi emas, balki uning yoshi va u yashayotgan davr bilan bog‘liq o‘ziga xos ehtiyojidir.

Ko‘pni ko‘rgan qariyalar, tajribali kishilar bilan suhbatlashsangiz, bir narsani takror-takror eslatishadi: hamma davrda ham kattalar yoshlarning «buzilib ketayotganidan, hayotni tushunmasligidan, yoshi ulug‘lar bilan munosabatlarda betgachoparlik, qaysarlik qilishidan» nolib o‘tishadi. Gap, albatta, «ha, bizning davrimiz boshqacha edi, yoshlar odobli bo‘lardi, kattalardan hayiqib turar edi» degan nadomat to‘la ohanglarda yakunlanadi. Yoshlarga quloq solsangiz, ular ham, o‘z navbatida, kattalarni qoloqlikda, davrni va yoshlarni tushunmaslikda, o‘z hukmini o‘tkazishga urinishda ayblashadi. Ular ham gapni «hozirgi yoshlarga qiyin bo‘layotgani» haqidagi taassuflar bilan yakunlashadi.

Tajribalardan ma’lumki, farzand uchun ota-onadan sadoqatliroq, ulardan fidoyiroq, mehribonroq do‘st yoki ulfat topish qiyin. O‘g‘il yoki qizning boshiga bir musibat yoki balo kelganida hamma undan voz kechib yoki tashlab ketishi mumkin. Faqat ota-ona bunday qilolmaydi: farzandi bilan bab-baravar qayg‘uradi, fig‘on chekadi, yarasiga malham qo‘yadi. Ammo bu sadoqat va fidokorlik ham ayrim farzandlarga ko‘p hollarda yoqmaydi, ularning ortiqcha mehribonchiligidan jahli chiqadi. Go‘yo uni yosh bola sanab, ortiqcha iltifot ko‘rsatishayotgandek tuyuladi. Boshidan musibati arishi bilanoq yana eski «do‘st»larini izlashga tushadi. Ota-ona esa farzandining bu qilig‘idan zarracha xafa bo‘lmay, ilgarigidan ham zo‘rroq sadoqat va iltifot ko‘rsataveradi.

Ota-onalar o‘z farzandlari bilan murosa qilish, ularning «ko‘nglini topish»da yana bir jihatga ahamiyat berishlari kerak bo‘ladi. Yaratgan har bir bandasini ma’lum yosh orasida sinov-imtihonga solishi bor. Masalan, yigirma yoshgacha kambag‘allik, o‘ttiz yoshgacha farzanddan qisish, qirqqacha hayotda o‘rnini topolmaslik, ellikda biror kasallik yoki biror axloqsizlik bilan imtihon qilishi mumkin. Yoxud eng suyumli farzandingiz sizning butun qilgan yaxshiliklaringizga javoban biror «isyon» yoxud dilxiralik bilan javob qaytarishi ehtimol. Chunki u hamma narsaga o‘z aqli, dunyoqarashi, fe’l-atvoridan kelib chiqib munosabatda bo‘ladi, fikr yuritadi.

Bunday nozik paytlarda bo‘lib o‘tayotgan ishlardan yo boshga tushgan musibatlardan darrov fojia yasamay, sabr qilishni o‘rganing. Bolangizning itoatsizligini yoki qo‘rsligini shov-shuv qilmay, undan dushman yasamay, yotig‘i bilan tahlil eting. Fig‘oningiz falakka o‘rlamasin, hasratingiz dunyoga sig‘may qolmasin. U bilan «do‘ppini olib qo‘yib» dildan, samimiy «gaplashib olish»ga urining. Uning qalbidagi his-tuyg‘ular, yoshlik po‘rtanalari bilan qiziqib ko‘ring. Ehtimol, ahvol siz o‘ylaganchalik, noo‘rin gumon qilayotganingizday vahimali emasdir?

Bir jurnalda tadqiqotchilarning yarim hazil, yarim chin tarzidagi kuzatuvlariga ko‘zim tushgan edi. Farzandning otasi haqidagi fikrlari turli yoshda har xil bo‘larkan: besh yoshda: «Otam hamma narsani biladilar». O‘n yoshda: «Otam ko‘p narsani biladilar». O‘n besh yoshda: «Men ham otamchalik bilaman». Yigirma yoshda: «To‘g‘risini aytsam, otam hech narsani bilmaydilar». O‘ttiz yoshda: «Har holda otam uncha-muncha narsani biladilar». Qirq yoshda: «Otamning fikrini ham bilsam, yomon bo‘lmasdi». Ellik yoshda: «Otam hamma narsani biladilar». Oltmish yoshda: «Qaniydi, otam tirik bo‘lganlarida, ular bilan maslahatlashgan bo‘lar edim». Bolalar bilan murosa va munosabatlarda ularning bu kayfiyatini ham inobatga olish kerak bo‘ladi.

Ma’lumki, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish va turli zararli odat va ta’sirlardan ehtiyotlab saqlash, shu jumladan, giyohvandlik ofatidan asrash hozirgi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri. Zero, aql va tanani muhofaza qilib, uni ehtiyotlab saqlash har bir inson uchun ham farz, ham qarz amaldir. Shundagina inson Alloh va Uning rasuli hamda ish rahbarlari amriga itoat qiladigan, irodali, aqlli, sog‘lom, odob-axloqli, jismonan barkamol, diniga himmatli, o‘z xalqiga fidokor, jamiyat manfaatini ko‘zlovchi, Vatanni sevuvchi va ardoqlovchi, hammaga barobar yaxshilikni ravo ko‘ruvchi, mas’uliyatni to‘la his qiluvchi komil inson bo‘lishi mumkin.

Farzandlarimizga shunday tarbiya beraylikki, ular o‘z ota-bobolariga, tarixi, Vataniga, ona tiliga, o‘z millatini ulug‘lagan siymolarga, muqaddas Islom dini an’analariga sodiq bo‘lib qolishsin.

Farzandlari ulg‘aygan sari ota bolalariga va ular taqdiriga yanada hushyorroq qarashi lozim, ularni yuksak qadriyatlarimizning asl va baquvvat ildizlaridan bahramand etish, bugungi turmush tarzimizga mos tarbiya berish, albatta, ota-onalar zimmasidagi muhim vazifalardan sanaladi. Kezi kelganida, kitobimizning oldingi boblarida aytib o‘tganimizdek, farzandlarimizning biriga aytilgan nasihat ayni chog‘da uning aka-ukalariga ham tegishli bo‘lishi, xonadondagilarning barchasiga birday ta’sir qilishini nazarga olgan holda ish tutishimiz va bolalarimizning ilm olishlari va kasb-hunar egallashlariga maslahatchi va hamfikr bo‘lishimiz darkorligini unutmasligimiz kerak. Ularni tevarak-atrofimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarga, o‘zgarishlarga befarqlik emas, balki daxldorlik ruhida tarbiyalashimiz, kelajakka katta ishonch bilan boqishga o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi.

Xulosa qilib aytsak, yoshlarimizning har tomonlama komil, go‘zal xulqli, mustaqil fikr va dunyoqarashga ega, turli salbiy odat, illat va ta’sirlardan xoli ravishda voyaga yetkazishda, albatta, jamoat tashkilotlari, ota-ona, mahalla va ulamolarning o‘rni beqiyosdir. Odob va husni xulq sohibi bo‘lgan yoshlargina ilm va kasb-hunarda yuqori darajalarga erishadilar. Bugungi texnika asrida bizning farzandlarimiz har tomonlama yetuk, sog‘lom, aql-farosatli va baxtli bo‘lishlari kerak. Dunyoviy bilimlar bilan birga diniy bilimlarni yoki diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni ham puxta egallashlari kerak. Mana shunday yoshlar mustaqil O‘zbekistonimizning kelajagi, ishonchi va davomchisi bo‘la oladi. Alloh taolo yoshlarimizni husni xulq va chiroyli odob-axloq bilan ziynatlantirib, ota-onalariga faxr, ko‘z quvonchi bo‘lishlarini nasib aylasin!

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Haqlarga rioya qilish;

Ota-ona haqqi;

Ota-onaga yaxshilik qilish odobi;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

ISLOHOTLAR BAHOSI odamlar hayotidan yo‘qotilgan mashaqqatlar bilan o‘lchanadi

14.08.2026   25257   1 min.
ISLOHOTLAR BAHOSI odamlar hayotidan yo‘qotilgan mashaqqatlar bilan o‘lchanadi

Prezidentimiz 2021 yilda "Bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan yangi O‘zbekiston emas" degan edi. Bu iqror islohotni tayyor g‘alaba sifatida ko‘rsatishdan ko‘ra mas’uliyatliroq. Chunki mavjud kamchilikni tan olmagan davlat uni tuzatish uchun ham chora izlamaydi.
Bu gal biz nazarda tutayotgan "yo‘l" so‘zi shunchaki metafora emas. Gap mamlakatning qishloq yo‘llaridan tortib, xalqaro avtomagistraligacha, temir yo‘llaridan metrogacha, havo qo‘nalg‘asidan tranzit yo‘lagigacha bo‘lgan harakat tizimi haqida boradi. Aniqrog‘i, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston transport tafakkuriga olib kirgan eng muhim yangilik – yo‘lni alohida qurilish obyekti emas, inson, iqtisodiyot va davlatni harakatga keltiradigan yaxlit tizim sifatida ko‘ra boshlagani haqida.


Gazetani yuklab olish

Abdulhamid Muxtorov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
"Ziyo" media markazi direktori
 

Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2026 yil 14 avgust, 164-son

MAQOLA